Pokistonga bosim - AQShdan 1,9 milliard dollarlik yordam to'xtatilgan

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Donald Tramp Pokiston terrorizmga qarshi dadil harakat qilmasa, bu mamlakat uchun barcha turdagi yordam to'xtatilishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

AQSh senatori Rend Pol Pokistonga yordamni bekor qiluvchi qonun loyihasini taqdim etdi.

“Bu pulni o'z mamlakatimizda yo'llar va ko'priklarni qurishga sarflagan afzal", - dedi qonunchi.

Oq uy rasmiylaridan birining aytishicha, har yili Pokistonga uzatiladigan 1,9 milliard dollar ushlab turilibdi.

“Prezident Tramp Pokistonni hamda Islomobodning AQSh iltimoslariga qanday munosabatda bo'lganini diqqat bilan kuzatmoqda. Shu paytgacha olingan ma'lumotlardan prezident qoniqmadi", - deydi bu rasmiy.

Unga ko'ra, Pokiston AQSh kutganidek harakat qilmadi.

Tramp ma'muriyati Islomoboddan mamlakatda qo'nim topgan jangarilarga, jumladan Tolibon harakati va Haqqoniy tarmog'iga qarshi dadil harakat kutmoqda.

Yordamning bir qismi harbiy maqsadlar uchun ko'zlangan (1 milliard dollar), qolgani esa (900 million dollar) Pokistonning aksil-terror amaliyotlarini moliyalashga.

Biroq Pokiston Mudofaa vazirligiga ko'ra, AQShning yordamni to'xtatish qarori foydadan ko'ra ko'proq zarar keltirib, xavfsizlik bobidagi hamkorlik va mintaqada tinchlik o'rnatish harakatlariga putur yetkazadi.

“Pokiston pul uchun emas, tinchlik uchun kurashmoqda", - dedi armiya vakili general-mayor Osif G'ofur.

Unga ko'ra, Pokiston Tolibon yoki Haqqoniy tarmog'i a'zolariga boshpana bergani haqidagi AQSh da'volari asossizdir.

"Armiya olib borayotgan aksil-terror amaliyotlar barcha turdagi terrorchilarni nishonga olib kelmoqda, jumladan Haqqoniy tarmog'ini ham. Bu amaliyotlar Pokistonga qimmatga tushmoqda, ham moliyaviy, ham askar jihatdan", - deydi general.

Pokiston Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, Afg'onistonda Daish kabi ancha kuchliroq guruhlarning paydo bo'lishi xalqaro hamkorlikni kengaytirishni taqozo etadi, AQSh bosimi esa umumiy tahdidlarga qarshi harakatlarga pand bermoqda.

Trampga ko'ra, Qo'shma Shtatlar so'nggi 15 yilda Pokistonga 33 milliard dollardan ko'p pul berib katta xato qilgan. Buning evaziga, deydi u, Amerikani yolg'onlar bilan to'ydirishdi.

"Biz Afg'onistonda mag'lub qilmoqchi bo'lgan terrorchilarga Pokiston boshpana berib kelgan", - dedi Tramp.

Pokiston rasmiylariga ko'ra, Vashington faqat 14 milliard dollar ajratgan, yana 9 milliard dollar berishi kerak.

Trampning bayonoti nafaqat Pokiston hukumatini, balki muxolifatini ham ranjitgan ko'rinadi. Yetakchi muxolifatchi Imron Xon hukumatdan bundan keyin AQShdan hech qanday yordamni qabul qilmaslikni talab qildi.

“Pokiston Shimoliy Vaziristonni jangarilardan tozalashiga qaramay, Afg'onistonning yarmi Tolibon qo'lida. Kim bu uchun javobgar? Afg'onistonda ish bermagan strategiyasi uchun aybni Pokistonga to'nkash haqoratli va tahqirli ishdir", - dedi sobiq kriket yulduzi AQShga ishora qilib.

"Agar Pokiston tomonidan terrorchilarga qarshi dadil harakatni ko'rsak, yordam tiklanadi", - dedi AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis.

Pokiston Tashqi ishlar vaziri Ho'ja Osifning aytishicha, Amerika Pokiston uchun endi do'st ham emas, ittifoqchi ham emas, balki hamisha xiyonat qiluvchi do'stdir.

Unga ko'ra, bundan keyin Islomobod Vashington bilan aloqalarini qayta ko'rib chiqib, Xitoy, Eron va Rossiya bilan aloqalarni kuchaytirish to'g'risida o'ylab ko'rishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG