Breaking News

Klintonning elektron pochtasi atrofidagi mojaro davom etmoqda


Xillari Klinton elektron pochtasi masalasida matbuot anjumani o'tkazdi. Nyu-York, 10-mart 2015-yil
Xillari Klinton elektron pochtasi masalasida matbuot anjumani o'tkazdi. Nyu-York, 10-mart 2015-yil

AQShning sobiq Tashqi ishlar vazirasi Xillari Klinton bu lavozimda ishlaganida shaxsiy elektron pochtasidan ish maqsadida foydalangan va buni qonunga zid deb hisoblamagan. Oldingi davlat kotiblari ham shunday amaliyot yuritgan bo’lsa-da, bugun Davlat departamentining talab-qoidalari boshqacha.

Klintonga ko’ra, u elektron pochtasidan yuborgan aksariyat maktublar boshqa rasmiylarga atalgani sabab, zarur bo’lsa ularni arxivdan izlab topish qiyin emas. Vazirlik faoliyatimga aloqador makburlarning nusxalarini topshirish so’ralgan zahoti ularni departamentga yubordim, deydi u.

Xillari Klintonning 55 ming betlik rasmiy yozishmalari bir necha oy davomida o’rganib chiqiladi. So’ngra barcha xatlar keng jamoatchilik e’tiboriga taqdim etiladi.

“Bu ma’lumot jamoatchilik uchun ochiq bo’lgan vebsaytda chop etiladi. Tez orada bu haqda sizga batafsil ma’lumot beramiz degan umiddaman. 55 ming betlik yozishmadan mustasno – avval maxsus qo’mitaga taqdim etilgan 300 ta elektron maktub. Ular alohida ko’rib chiqiladi va, shuningdek, jamoatchilikka havola etiladi”, - dedi Davlat departamenti so’zlovchisi Jen Psaki.

Klinton tarafdorlarining qayd etishicha, sobiq Davlat kotibi Kolin Pauell ham ish yuzasidan shaxsiy elektron pochtasini qo’llagan. O’z vaqtida u departamentda 44 mingta kompyuter o’rnatilganiga bosh-qosh bo’lgan va xodimlarni zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga undagan.

Xillari Klinton uning elektron pochtasi orqali jo’natilgan maktublar AQSh xavfsizligi uchun tahdid emasligini ta’kidlaydi.

“Men hech bir vaqt maxfiy ma’lumotni hech kimga elektron pochta orqali yo’llamaganman. Pochta qutimda bunday ma’lumot yo’q. Maxfiy hujjatlarga oid talablarni juda yaxshi bilaman va ularga doim rioya qilganman”, - deydi sobiq vazira.

2016-yilda Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod bo’lishi kutilayotgan Xillari Klintonning har bir qadami, vazirlik faoliyati, o’sha paytda qilgan qarorlari elakdan o’tkazilmoqda. Nomzodlar uchun oshkoralik, transparentlik bosh talab.

Ammo Klintonning o’zi poygada qatnashishini yoki prezident bo’lish niyati borligini hali e’lon qilgani yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG