Breaking News

AQSh mudofaa vaziri: Qatar bo'yicha vaziyat murakkab


AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis
AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis

AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis Yaqin Sharqda Qatar va boshqa arab davlatlari o'rtasida yuz bergan diplomatik ziddiyatni "murakkab vaziyat" deya baholadi.

"Qatar shahzodasi Taniy juda qiyin vaziyatni meros qilib oldi va u jamiyatni to'g'ri yo'lga boshlashga harakat qilyapti. Ammo bilamizki, har qanday terrorchi guruhni moliyalash barchamizning manfaatlarimizga zid", - dedi u Vakillar palatasining Qurolli kuchlar qo'mitasida o'tgan tinglovda.

Mudofaa vaziriga ko'ra, Prezident Donald Tramp terrorchilarni moliyalashga qaratilgan har qanday harakatni to'xtatishga jiddiy e'tibor qaratmoqda.

Qatar terrorchi guruhlarni qo'llab-quvvatlashni to'xtatish masalasida to'g'ri yo'ldan ketmoqda, dedi u.

Qatarda AQShning Yaqin Sharqdagi eng katta harbiy bazasi joylashgan. Bu yerda 10 mingdan ortiq amerikalik askar xizmat qiladi.

Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Misr, Yaman va Birlashgan Arab Amirliklari Qatar bilan diplomatik munosabatlarni to'xtatib, u yerga borish-kelishni ham taqiqlab qo'ydi. Ularga ko'ra, Doxa "Musulmon birodarlar" va Xamas kabi terrorchi guruhlarni qo'llab-quvvatlamoqda.

Demokrat kongressmen Adam Smit Qatar mojarosi bo'yicha AQSh aniq strategiyaga ega emasligini tanqid qildi. Trampning Qatarga qarshi gapirib, Saudiya Arabistoni yonini olganini ham qoraladi.

"Olovga yog' sepmasdan, muammoni yechish yo'llarini qidirishimiz kerak", - dedi u.

Shuningdek, Mattis Afg'oniston bo'yicha yangi strategiya tez orada Prezident Trampga taqdim etilishini aytdi.

Unga ko'ra, AQSh rejasiga Hindiston, Pokiston, Afg'oniston va Eron ham jalb etiladi.

"Masalaga mintaqaviy yondashyapmiz. Agar alohida yechim topishga urinsak, nimadir yetishmayotgandek bo'ladi", - dedi Mattis.

AQSh Qurolli kuchlari bosh shtabi qo'mondoni general Jozef Danfordning aytishicha, gap faqat askarlar sonida emas.

"Vakolatlar, biz iqtisodiy va diplomatik yo'llar bilan qila oladigan isharda ham gap ko'p", - dedi u.

Yangi rejaga ko'ra, AQSh askarlari jang maydonlariga yaqin hududlarda faoliyat olib borishi mumkin. Ilgari ular faqat tayyorgarlik va maslahatchilik vazifalarida ishlab kelayotgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG