Breaking News

Taranglikni yumshatishga qaratilgan diplomatik harakatlar davom etmoqda


Rossiyaning harbiy mashg'ulotlardan keyin olib chiqilayotgani aytilayotgan harbiy texnikasi
Rossiyaning harbiy mashg'ulotlardan keyin olib chiqilayotgani aytilayotgan harbiy texnikasi

AQSh ham, Rossiya ham orada vujudga kelgan taranglikni diplomatiya yo’li bilan hal etishga harakat qilishini bildirmoqda. Jo Bayden o’tgan hafta oxirida Rossiya va Ukraina rahbarlari bilan telefon orqali muloqot qildi.

Xalqaro hayot - 15-fevral, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:13 0:00

Rossiya harbiy mashqlarda qatnashgan askarlari va harbiy texnikasining bir bo’lagi o’z qismlariga qaytayotganini ma’lum qildi. Shunga qaramay, Qo’shma Shtatlar Kreml harakatlariga ishonchsizlik bilan qaramoqda.

"Oldin ham aytganimizday, Rossiya hujumi istalgan payt boshlanishi mumkin. Razvedka ma’lumotlariga doir tafsilotlarni izohlamaymiz. Hujum shu hafta boshlanishi haqidagi ma’lumotdan tashqari. AQSh har qanday vaziyatga tayyor”, - dedi Oq uy matbuot kotibi muovini Karin Jan-Pyer.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 16-fevralga mamlakatda tayyorgarliklar ko’rilayotganini aytdi.

"Bizga hujum 16-fevralda boshlanishi haqida aytishdi. Bu kunni milliy birlik kuniga aylantiramiz. Bunga doir farmon imzolangan. Milliy bayroqlarimizni osib, sariq-ko’k lentochkalar taqib, butun dunyoga birligimizni ko’rsatamiz”, - dedi u.

Vashington Ukrainaga harbiy yordam yo’llashda davom etmoqda. AQSh elchixonasi poytaxt Kiyevdan Ukraina g’arbidagi Lvov shahriga vaqtincha ko’chirilmoqda.

Vashingtondagi Uilson tahlil markazi eksperti Uill Pomeransning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Putin ortga chekinmaydi.

"Unda bunday imkoniyat yo’q. Chunki ushbu inqiroz paytida shu qadar qattiq tayyorgarlik ko’rdiki. Chekinish Vladimir Putin strategiyasiga kirmaydi”, - deydi u.

Fransiya rahbari ketidan Germaniya Kansleri Olaf Shols ham Kiyev va Moskvaga bordi.

"Rossiya bilan Yevropa xavfsizligi haqida jiddiy muloqot qilamiz. Biz NATO va AQShning Rossiyaga qilgan takliflarini qo’llab-quvvatlaymiz. Endi Rossiyaning javobini kutamiz”, - dedi Shols.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Putinga muzokaralarni davom ettirishni taklif qildi.

"Qarshi fikrlarga quloq solishga tayyormiz. Imkoniyatlarimiz so’nggani yo’q hali. Albatta, xavfsizlik haqidagi muloqot cheksiz davom etishi mumkin emas. Muloqotni kuchaytirishni taklif etaman”, - dedi Lavrov Putinga.

Putinning Shols bilan uchrashuvdan so’ng o’tkazilgan matbuot anjumanida aytishicha, Rossiya urush bo’lishini istamaydi, biroq G’arb Moskvaning xavfsizlik kafolatlariga doir talablarini inobatga olmayapti, Ukraina sharqida esa qatliom kuzatilmoqda.

“Diplomatik harakatlar hali tugamadi. Inqirozni tinch yo’l va qat’iyat bilan hal qilish kerak. Ayrim qo’shinlarning chiqarilishi haqidagi ma’lumotlarni ijobiy qabul qilamiz. Yevropada harbiy eskalatsiyaning oldini olish bizning vazifamizdir”, - dedi Germaniya kansleri.

Shols Putin bilan uchrasharkan, Kremldan bir necha yuz metr narida joylashgan Davlat Dumasidagi deputatlar Ukraina sharqidagi Donbass mintaqasining bo’lginchi hududlarini mustaqil respublikalar deb tan olish haqidagi Putinga murojaat loyihasiga ovoz berdi.

Kommunistlar partiyasi taklif etgan hujjatni qonunchilarning ko’pchiligi ma’qulladi. Ukraina sharqida o’zini Donetsk xalq respublikasi va Lugansk xalq respublikasi deb atayotgan hududlar 2014-yildan beri Kiyevdagi markaziy hukumatga qarshi. Hududda yashovchi bir necha yuz ming odamga Rossiya fuqarolik bergan.

Ukraina armiyasi boy berilgan hududlarni kuch bilan qaytarishga harakat qilgan, biroq jiddiy muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Shundan keyin Minsk kelishuvlari imzolangan.

Hujjatda Donbassni Ukraina yurisdiksiyasiga qaytarib, unga alohida maqom berish ko’zda tutilgan, biroq so’nggi yillarda bu yo’nalishda bir qadam ham qo’yilmadi. Moskva, Donetsk va Lugansk bunda Kiyevni ayblamoqda.

Yevropa Ittifoqi Rossiya parlamentining Putinga ushbu murojaatini tanqid qilib, hozirgi tarang vaziyatni keskinlashtirishini bildirdi.

Rossiya Mudofaa vazirligi harbiy mashqlarda ishtirok etgan ayrim qismlari kazarmalarga qayta boshlaganini ma'lum qildi.

"Mashg’ulotlar jadvalga ko’ra boshlanadi va jadvalga ko’ra tugatiladi. Bu haqda ko’p marotaba aytganmiz. Kim nima deb o’ylashidan qat’i nazar, shunday bo’ladi”, - dedi Sergey Lavrov.

AQShning NATOdagi elchisi Julian Smitning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Rossiyaning qo’shinlar o’z qismlariga qaytarilayotgani haqidagi ma’lumotlarni tekshirmoqda.

AQSh hisobiga ko’ra, Rossiya-Ukraina chegarasida 130 mingtagacha rus qo’shini bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG