Breaking News

30 yil o'tib ham Xitoy Tiananmendagi xunrezlikni to'g'ri deb biladi


Tanklar yo'lini to'sib turgan namoyishchi. Pekin, Xitoy 5-iyun, 1989.
Tanklar yo'lini to'sib turgan namoyishchi. Pekin, Xitoy 5-iyun, 1989.

Xitoy hukumati Pekinning Tiananmen maydonida demokratiya va ozodlik talab qilib chiqqan aholini harbiy yo’l bilan bostirganiga 30 yil to’ldi. 1989-yilning 4-iyun sanasida poytaxtda isyon ko’targan talabalar, ishchilar va davlat xodimlari siyosiy islohot o’tkazish, korrupsiyaga chek qo’yish va inson huquqlarini ta’minlashni talab qilib chiqqan edi.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Xitoy askarlari va tanklar nishoniga aylangan namoyishchilar isyoni “dunyo bo’ylab kelajak avlodlarning ozodlik va demokratiya uchun kurashishiga turtki bo’ldi. Berlin devorining qulashi va G’arbiy Yevropada kommunizmning barham topishi ham ana shu isyonlar ortidan yuz bergan”, - deya ta’kidladi.

1989-yil, 4-iyun tongida. Pekin.
1989-yil, 4-iyun tongida. Pekin.

Pompeo 30 yil avvalgi fojia hanuz uyg’oq vijdonlarni larzaga solayotganini ta’kidladi. U Pekinni tarixning ana shu qora kunlarida halok bo’lgan va bedarak yo’qolganlarning to’liq ro’yxatini ommaviy e’lon qilishga chaqirdi. Ana shunday qadam kommunistik partiyaning inson huqulari va ozodligini e’zozlashga qodir ekanini namoyish etgan bo’lar edi, dedi davlat kotibi.

Pompeoga ko’ra, 30 yil avval Pekindagi to’qnashuvlar dunyo bo’ylab efirga uzatilganda AQSh Xitoyning xalqaro tizimga integratsiyalashuvi ochiq va tolerant jamiyatni yuzaga keltiradi deb umid qilgan.

“Afsuski, umidlar ro’yobga chiqmadi. Yakka partiya hukmronlik qiladigan Xitoyda o’zgacha fikrlaydiganlarga o’rin yo’q. Hukumat o’z manfaatidan kelib chiqib, inson huquqlarini poymol qilaveradi. Bugun Xitoy fuqarolari tazyiqlarning yangi to’lqiniga ro’para kelgan. Jumladan, Shinjon avtonom hududida hukumat uyg’ur madaniyatini yo’q qilish va islomiy e’tiqodga chek qo’yishga urinmoqda. Ozchilik musulmon qatlamining bir milliondan ziyod vakillari qayta tarbiyalash lagerlarida ushlab turilibdi”, - dedi Pompeo.

Tyananmen maydonida dastlabki jarohatlar. Pekin, 4-iyun, 1989.
Tyananmen maydonida dastlabki jarohatlar. Pekin, 4-iyun, 1989.

Xitoy hukumati Tiananmenda namoyishchilarning shafqatsizlarcha bostirilgani “to’g’ri siyosat” bo’lganini ta’kidladi.

Xitoy Mudofaa vaziri Vey Fenxe Singapurda o’tgan konferensiyada berilgan savolga shunday javob berdi: “Mojaroga aniq baho berilgan. Ana shu siyosiy tartibsizlikni markaziy hukumat bostirishi shart edi. Bu to’g’ri siyosat bo’lgan”.

To’qnashuvlarda hukumat askarlari va tanklar mingdan ziyod odamlarni o’ldirgan. Qurbonlarning aniq soni hanuz noma’lumligicha qolmoqda.

Biroq mudofaa vaziri Xitoyni mojaroga to’g’ri munosabatda bo’lmagan deya tanqid qiluvchilarga e’tiroz bildirdi.

“O’tgan 30 yil mobaynida Xitoyda yirik o’zgarishlar amalga oshirildi. Pekinning ana shu paytdagi taktikasi tufayli mamlakatda barqarorlik va rivojlanish kuzatilmoqda”, - dedi Fenxe.

Xitoy internet tarmoqlaridan Tiananmen namoyishiga oid maqola, surat va sharhlar o’chirib tashlangan. Namoyishning bostirilishini muhokama qilish taqiqlangan. Hukumat har yili 4-iyun arafasida faollar, yuristlar va jurnalistlarga ana shu mavzudan yiroq yurish lozimligini eslatib qo’yadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG