Breaking News

Kongressda byudjet yuzasidan qisqa muddatli murosa


AQSh Senatida hukmron respublikachilar lideri Mitch Makkonnell, Kongress, 22-yanvar, 2018

Byudjet yuzasidan kelishmovchilik sabab cheklangan holatda ishlayotgan federal hukumat 8-fevralgacha zarur mablag' bilan ta'minlanadi. Kongressda bu borada murosaga erishilgan.

Vakillar palatasi va Senatda ma'qullangan hujjat endi Oq uyda Prezident Donald Tramp tomonidan imzolanib, kuchga kirmoqda.

Quvonchga to'la respublikachilar va demokratlar, Senat, Vashington, 22-fevral, 2018
Quvonchga to'la respublikachilar va demokratlar, Senat, Vashington, 22-fevral, 2018

“Quvonchga to'lamiz, chunki hukumat ishdan to'xtab qolgani biz ishimizni eplolmaganimizdan dalolat edi", - deydi respublikachi senator Syuzan Kollins.

“Demokratlarning aqli kira boshlaganidan xursandman", - deydi Prezident Tramp. "Mudofaa, chegara va favqulodda xizmat ko'rsatadigan tizimlarimiz ishdan to'xtab qolmasligi kerak".

Lekin byudjet ma'qullanmagan holatda ham ular ishni davom ettiradi. Hukumat ikki kundan beri yopiq bo'lsa-da, eng zarur xizmatlarni ko'rsatayotgan edi.

Demokratlar o'tgan hafta rad etgan qonun loyihasida Amerikaga bolaligida noqonuniy ravishda kelib qolgan immigrantlarni himoya qilmaslik ko'zda tutilgan edi. Bu avlodning ota-onalari hujjatsiz immigrantlar bo'lgan va aksariyat hollarda ular hamon qonuniy maqomga ega emas. Prezident Tramp bu avlodga o'qish va ishlash huquqini beradigan dasturni yo'q qilmoqchi.

Bugungi kelishuvga ko'ra, bu masala qayta ko'rib chiqiladi va demokratlar umidi shuki, Trampning bu ahdi puchga chiqariladi.

AQShda yillik byudjet bir necha yildan beri o'z vaqtida tasdiqlanmaydi. Murosa qilishga noqobil qonunchilar hukumatni qisqa muddatli kelishuvlar asosida moliyalab kelmoqda.

Senatda demokratlar sardori Chak Shumer
Senatda demokratlar sardori Chak Shumer

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG