Breaking News

AQShda federal hukumat qisman yopildi


AQSh Senatidagi soat. Dam olish kunlari bo'lgani uchun federal hukumat ishdan to'xtagani hozir uncha sezilmaydi. Lekin kelasi ikki kunda vaziyat o'zgarmasa, yangi haftada ahvol voy.
AQSh Senatidagi soat. Dam olish kunlari bo'lgani uchun federal hukumat ishdan to'xtagani hozir uncha sezilmaydi. Lekin kelasi ikki kunda vaziyat o'zgarmasa, yangi haftada ahvol voy.

Kongressda respublikachilar va demokratlar davlat byudjeti yuzasidan murosa qila olmadi. Federal hukumat 20-yanvardan binoan qisman yopiq, chunki mablag' ajratilmagan. Bunday hollarda davlat tizimi cheklangan holda faoliyat yuritadi. Harbiylar va xavfsizlik organlari vazifasini o'tashni to'xtatmaydi. Boshqa jabhalarda ham o'ta zarur deya belgilangan xodimlar ishda.

Qisqa muddatli harajatlarni qoplovchi qonun loyihasi Vakillar Palatasidan o'tdi lekin Senatda yetarlicha ovoz ololmadi.

Oxirgi kun Oq uy va qonunchilar orasida muzokara tinmadi lekin til topisha olishmadi.

Prezident Donald Tramp vaziyatdan juda norozi ekanini aytmoqda. Demokratlar esa uni siyosiy mutaassiblikda ayblaydi.

Respublikachilar demokratlarni ataylab konservatorlar hukmron tuzumni ishdan to'xtatganlikda qoralaydi. 2013-yilda demokrat rahbar Barak Obama davrida respublikachilar byudjetni ma'qullashga yo'l bermay, hukumat yopilib qolgan edi.

Senatda demokratlar respublikachilarning immigratsiya bobidagi rejalarini puchga chiqarmoqchi. Ular shu tariqa 700 ming noqonuniy immigrantni deportatsiyadan saqlab qolmoqchi.

Prezident Tramp va uning tarafdorlari nazarida esa hujjatsiz muhojirlarni himoya qilishga bel bog'lagan demokratlar hukumatni zarur mablag' bilan ta'minlamay, millionlab fuqarolar hayotini qiyinlashtirmoqda.

"Biz davlat ishdan to'xtashini xohlamaymiz", - deydi Texas shtatidan respublikachi senator Jon Kornin.

Senatda ko'pchilik, respublikachilar, sardori Mitch Makkonnell
Senatda ko'pchilik, respublikachilar, sardori Mitch Makkonnell

Senatda ko'pchilik sardori Mitch Makkonnell:

"Hech qanday muammosiz o'tishi kerak bo'lgan loyiha hujjatsiz immigrantlarni bahona qilgan demokratlar tomonidan rad etildi".

Yetakchi demokrat senator Dik Durbin:

"Oq uy, Senat va Vakillari palatasi - hammasi respublikachilar qo'lida. Bizda ayb yo'q. Aybni respublikachilar o'zidan qidirsin".

Trampga qarshi respublikachilar ham talay. Ular nazarida prezident immigratsiya islohotini o'ta keskin va diskriminatsion qadamlar bilan olib borishga intilmoqda.

O'tgan hafta Prezident Tramp demokrat va respublikachilarning immigratsiya bo'yicha takliflarini rad etgan. Bolaligida Amerikaga olib kelinganlarni endilikda haydash adolatsizlik, deydi demokratlar. Tramp hujjatsiz muhojirlarning farzandlarini himoya qiluvchi qonung qarshi.

AQShda yillik byudjet bir necha yildan beri ma'qullanmaydi. Uning o'rniga har oy yoki har uch oyda siyosiy murosa qilinib, hukumatga zarur mablag' ajratiladi.

Demokratlar bundan charchaganini aytib, qonunchilar har yilgi byudjet loyihasini o'z vaqtida tasdiqlashga o'tishini talab qilmoqda.

Respublikachilar deydiki, liberallar barcha balolarda faqat konservatorlarni ayblamay bugungi murosasizlik uchun o'zlarini ham javobgar tutishi kerak.

Vakillar palatasi spikeri Pol Rayan
Vakillar palatasi spikeri Pol Rayan

Vakillar palatasi spikeri Pol Rayan:

"Senatda demokratlar aqli bilan ish qilganida shunday holatga tushmagan bo'lar edik. Vijdon bilan ish tuting. Davlatga zarur moliya ta'minlanishi kerak. Harajatlarni qoplash kerak. Insonlar hayoti xavf ostida".

Vakillar palatasida demokratlar sardori Nensi Pelosi va boshqa liberallar
Vakillar palatasida demokratlar sardori Nensi Pelosi va boshqa liberallar

Vakillar Palatasida demokratlar sardori Nensi Pelosi:

"Biz hukumat ishdan to'xtamasligi uchun birlashdik. Demokratlar murosa qilishga shay. Respublikachilar o'zini oqlashni bas qilib, kelishuv tomon qadam tashlasin. Amerika xalqi, bizni oz vakili etib saylagan fuqarolar, bizdan o'z vaqtida chora ko'rishni va eng asosiy vazifalarimizni bajarishni kutmoqda. Byudjet tasdiqlanishi kerak".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG