Breaking News

AQSh Suriya mojarosiga aralashishga shoshmayapti


Kimyoviy quroldan zarar ko'rgani aytilayotgan suriyalikning kasalxonada davolanishi. 19-mart 2013.
Kimyoviy quroldan zarar ko'rgani aytilayotgan suriyalikning kasalxonada davolanishi. 19-mart 2013.
Qo’shma Shtatlar Suriya hukumati o’z aholisiga qarshi kimyoviy qurol qo’llagani haqidagi iddaolarni tekshirmoqda. Natija qanday bo’lishidan qat’iy nazar, javob choralari ustida ish ketayapti. Tahlilchilarga ko’ra, Suriyadagi urushga kelganda oson yechimning o’zi yo’q. Pentagon masalani obdon o’rganib, prezident Barak Obamaga o’z taklif-tavsiyalarini taqdim etadi.

AQSh Suriya mojarosiga aralashishga shoshmayapti/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:21 0:00
Yuklab oling

AQSh minglab askarlarini Suriyaga yuboradimi yoki isyonchilarni qurollantiradimi? Aholini zaharli moddalar ta’siridan qanday himoya qilish mumkin? Mojaro qo’shni davlatlarga tarqalmasligini qanday qilib bartaraf etasiz? Pentagon ana shu savollar ustida bosh qotirmoqda.

Mudofaa vaziri Chak Xeyglning bildirishicha, Bashar al-Assad hukumati muxolifatga qarshi kimyoviy qurol ishlatgani haqida ma’lumotlar bor, ammo qarorlar bilan shoshmaslik kerak.

“Nima, qayerda va qachon sodir bo’lganini o’rganishda davom etyapmiz. Barcha faktlar aniqlanishini kutamiz. Ana undan keyin xulosa qilib, qanday harakatlarni amalga oshirishni belgilaymiz”, - deydi vazir.

Kimyoviy qurol omborlari Suriyaning qaysi nuqtalarida joylashganini aniqlash keng ko’lamli vazifa. Uni bajarish uchun mamlakatga yuzlab askar yuborish kerak bo’ladi. Qurolni topish, qo’riqlash va aholining zaharlanishiga yo’l qo’ymaslik talab qilinadi. Iroqda aynan shunday yo’l tutilgan.

Rossiya tomonidan jihozlangan Suriya havo kuchlari o’z vazifasini bajarishga qodir va tashqi aralashuvga jiddiy qarshilik ko’rsatishi shubhasiz, deydi mutaxassislar.

Amerika Biznes institutidan Maykl Rubinning aytishicha, chet bir davlatda kimyoviy qurollar ustidan nazorat o’rnatish murakkab va xavfli operatsiya. Assad hukumati hamkorlik qilgan taqdirda ham bir necha hafta vaqt ketadi. Hozirgi kunda yagona imkoniyat, deydi ekspert, omborxonalarni havodan bombardimon qilish. Ammo bu holda aholi va atrof-muhitning jiddiy zaharlanishi turgan gap.

Yana bir yo’li – harbiy samolyotlar uchishi man etilgan havo hududini ta’sis etishdir. Bu Suriyaga qo’shni mamlakatlar va xalqaro hamjamiyatning bir yoqadan bosh chiqarishini talab qiladi.

Ayni paytda xorijiy razvedka idoralari Suriyada taqiqlangan qurollar ishlatilgani haqidagi da’volarni tekshirish bilan band.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG