Breaking News

AQSh va Tolibon bir-birini tinchlik rejasiga qarshi harakatlarda ayblamoqda


Kobul shahri, 28-aprel, 2019-yil

Afg’onistonning Tolibon harakati va AQSh harbiy rasmiylari ijtimoiy sahifalarda bir-birini mamlakatda tinchlikka erishishga qaratilgan harakatlarga zid siyosatda aybladi.

Afg’oniston jang maydonlarida o’q almashayotgan AQSh va Tolibon endi ijtimoiy sahifalarda ham olishmoqda.

Tolibon so’zlovchisi Zabihulla Mujohidning Twitter orqali bildirishicha, Tolibon emas, AQSh tinchlikni istamayapti. Uning aytishicha, Amerikaning Afg’onistondagi 17 yillik harbiy intervensiyasi sabab tinchlik qaror topmayapti.

“Mamlakatimizni istilo qilishda davom etarkansiz, haqiqiy afg’onlar siz bilan tinchlikka intilmaydi, sizni siqib chiqarishga harakat qiladi”, dedi Mujohid.

Uning tviti AQSh harbiy kuchlari so’zlovchisi polkovnik Deyv Batlerning “Tolibon mamlakatda tinchlikni xohlayotgan afg’onlarga zarar qilmoqda” degan gaplariga javob bo’ldi.

Mujohid Batlerni afg’on xalqi nomidan gapirmaslikka, faqat amerikaliklar nomidan gapirishga chaqirib, istiloni tugatish haqida o’ylashni tavsiya qildi.

Tomonlar bungacha bir necha oy muzokara qilgan, biroq Tolibon sulhga yoki harbiy harakatlarni susaytirishga ko’nmadi. So’nggi kunlarda jangarilar afg’on xavfsizlik kuchlari bilan bir necha bor to’qnashgan.

“Afg’on xalqi sizga ishonmaydi. Zo’ravonliklarni kamaytirish sizning zimmangizda, ammo bunday qilmayapsiz. Tolibon xalq istagini inkor etmoqda, mamlakatga ziyon qilyapti. Tinchlikdan boshqa yo’l yo’q”, deb javob berdi Batler Mujohid izohlariga.

Tolibon vakili bo’sh kelmasdan polkovnikka Amerika kuchlari Afg’onistonda tinch niyatda joylashmaganini, sanoqsiz bombalar tashlaganini va minglab afg’onlarni hibsga olganini aytib, bu gaplar yolg’on bo’lsa, inkor etishni so’ragan.

“Siz xalqim deb aytgan insonlar tinchlik istaydi. O’zingiz xorijda o’tirvolib, afg’on o’g’lonlarini xalq faxri bo’lgan afg’on xavfsizlik kuchlariga qarshi o’limga yuboryapsiz. Amerikaga qarshi kurashyapmiz deysizu, ammo faqat afg’onlarga hujum qilasiz”, deb javob berdi Batler.

Qo’shma Shtatlar al-Qoidani 2001-yil 11-sentabr xurujlarida ayblab, Tolibondan guruhning Afg’onistonda qo’nim topgan rahbari Osama bin Ladenni chiqarishni talab qilganida toliblar rad javobini bergan edi. Shundan so’ng AQSh oktabr oyida Tolibonga qarshi avval havo hujumlarini boshladi, so’ng ittifoqchilari bilan Afg’onistonga qo’shin kiritib, toliblarni hokimiyatdan chetlatdi.

Bin Laden 2011-yil mayida Pokistonning Abbotobod shahrida AQSh maxsus harbiy amaliyoti natijasida yo’q qilingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG