Breaking News

AQSh generali: Tolibonga diniy va ijtimoiy bosim o'tkaziladi


Afg'onistondagi AQSh va NATO kuchlari qo'mondoni general Jon Nikolson

Afg'onistondagi AQSh generalining aytishicha, Tolibonni muzokaralar stoliga olib kelish uchun diniy, ijtimoiy, diplomatik va harbiy bosim o'tkazish choralarining barchasi qo'llanadi.

Mamlakatdagi Amerika va NATO kuchlari qo'mondoni general Jon Nikolson Kobulda o'tgan matbuot anjumanida shu haqda gapirdi.

"Afg'onistondagi jihod da'volarini yo'qqa chiqarish maqsadida Indoneziya va boshqa joylarda ulamolar Tolibonga diniy bosim qo'yadi", - dedi Nikolson.

Yanvar oyida dunyoning eng katta musulmon aholisiga ega Indoneziya Afg'onistondagi ixtilofni tinch yo'l bilan hal etish uchun olimlar qo'mitasi tuzishni taklif qildi. Unda Indoneziya, Afg'oniston va Pokiston olimlari ishtirok etishi kutilyapti.

Nikolsonga ko'ra, shu yil afg'onlar parlament uchun o'z nomzodlarini saylaganda Tolibon ijtimoiy bosimni ham his qiladi. AQSh hukumati ayni paytda Pokistonga diplomatik bosimni oshirib, undan Tolibonga o'z ta'sirini o'tkazishni so'ramoqda.

Afg'oniston armiyasi va havo kuchlarini kuchaytirish orqali esa harbiy choraga ham zo'r berilmoqda.

Siyosiy yechim

"Shu bilan birga kelishuv jarayonini olg'a surish bo'yicha katta ishlar amalga oshiriladi", - dedi AQSh qo'mondoni.

Prezident Ashraf G'ani o'tgan oy agar zo'ravonlikdan voz kechsa, Tolibonni siyosiy partiya sifatida tan olishga tayyor ekanini aytgan edi.

Tolibon ushbu bayonotga javob qaytargani yo'q. Bu esa ular taklifni jiddiy ko'rib chiqayotganidan dalolat bo'lishi mumkin.

Afg'oniston Bosh ijrochisi Abdulla Abdulla idorasining ma'lum qilishicha, bunday taklifdan keyin Tolibon uchun kurashni davom ettirishga hech qanday asos yo'q.

Pokistonning AQShdagi elchisi Ayzoz Ahmad Choudri ham Tolibonning siyosiy partiya sifatida qabul qilinishini yoqlashini bildirdi.

Pokiston harbiylaridan birining jurnalistlarga aytishicha, Islomobod Tolibonning bu muloqotlarda ishtirok etishini istaydi.

Bu orada Tolibon Amerika xalqiga ochiq xat yo'llab, guruh AQSh hukumati bilan to'g'ridan to'g'ri muloqot o'tkazmoqchi ekanini bildirdi. Vashington har qanday muloqot Kobul orqali bo'lishini aytadi.

Musulmonlar qo'mitasi

Afg'oniston Oliy tinchlik kengashi so'zlovchisining aytishicha, musulmon ulamolaridan iborat qo'mitani tuzish haqidagi Indoneziya tashabbusining qachon boshlanishi hali aniq emas. Unda pokistonliklarning ishtiroki hali rasman tasdiqlanmagan.

Kengash so'zlovchisi Akram Kpalvakning aytishicha, agar Tolibon siyosiy partiya ochish haqidagi G'ani taklifini qabul qilmasa, guruhning Qatardagi idorasi yopiladi.

Shu yil Kobulda yuz bergan bir qator qonli xurujlar xavfsizlikni ta'minlash bo'yicha mahalliy va xalqaro kuchlar ishida hali zaifliklar borligini ko'rsatdi. Yanvardagi birgina hujumning o'zida 100 ga yaqin odam o'ldi. Bundan bir necha kun avval Kobuldagi mehmonxonada yuz bergan portlashda esa aksariyati xorijliklardan iborat 20 dan ortiq odam halok bo'lgan edi.

Pokistonga qo'yilgan bosim ham kutilgan samarani bermayapti.

"Harakatlar bo'ldi, lekin Pokiston ichidan ta'minlangan yordam va boshpanalarni to'xtatish bo'yicha kutilgan natijani bermadi", - dedi Nikolson.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG