Breaking News

AQSh qo'mondoni: Tolibon bilan kelishuvning kelajagi mavhum


Tolibon hujumi yuz bergan hudud, Qunduz, Afg'oniston, 2020-yil, 4-mart

Qo’shma Shtatlar tinchlik bo’yicha Tolibon bilan tuzilgan kelishuvnig davom etishini istaydi, ammo Afg’onistondagi AQSh kuchlari qo’mondonining aytishicha, bitim uzoqqa bormasligi ehtimoli yuqori.

AQSh Markaziy qo’mondonligi generali Kennet Makkenziga ko’ra, zo’ravonlikni kamaytirish va’dasini berishiga qaramay, Tolibon Afg’oniston bo’ylab hujumlarni davom ettirmoqda.

“Tolibon hozir qilayotgan narsani Afg’oniston hukumati bilan so’nggi kelishuvga eltuvchi yo’l deb hisoblamagan bo’lardim”, - dedi Makkenzi AQSh qonunchilari huzurida.

“Hujumlar, asosan, Afg’oniston bazalariga, tekshiruv punktlari va alohida harbiy guruhlarga qarshi qaratilgan. Tolibonning bu darajadagi hujumlari o’z so’zida turadigan tashkilot qiladigan ish emas”, - deya qo’shimcha qildi u.

29-fevral kuni Doxada AQSh va Tolibon o’rtasida tuzilgan bitimga ko’ra, AQSh va xaqlaro koalitsiya kuchlari 14 oy ichida Afg’onistonni tark etishi kerak.

AQSh harbiylarining aytishicha, shu haftada amerikalik askarlarni mamlakatdan chiqarish jarayoni boshlangan. 135 kunda 13 ming kishilik qo’shin 8600 ga tushiriladi.

Pentagonga ko’ra, tinchlik kelishuvidagi barcha tomonlarning bitimga ishonchini saqlab qolish uchun AQSh askarlarni chiqarishni boshlagan. Ammo, deydi rasmiylar, vaziyat o’zgarsa, bu chora orqaga qaytarilishi mumkin.

“Istalgan payt uni to’xtatishimiz mumkin”, - dedi AQSh Mudofaa vaziri Mark Esper.

Makkenzining aytishicha, askarlarni chiqarish jarayonini to’xtatish bo’yicha qarorni siyosiy yetakchilar beradi, ammo kelishuvdan tez voz kechish xato.

“Maslahatim – uni davom ettirish kerak. Kelishuvni qo’llab-quvvatlashimning asosiy sababi shuki, uning ijrosi ba’zi shartlarga bog’lab qo’yilgan”, - dedi u.

Ayrim qonunchilar bitim kelajagidan xavotirda.

“Xavfsizlik bo’yicha Amerika manfaatlarini himoya qiladigan yechimga erishish uchun AQSh va koalitsiya kuchlarining mavjudligidan yetarli darajada foydalanmayapmiz”, - dedi Senatning Qurolli xizmatlar qo’mitasi a’zosi, demokrat senator Jek Rid.

“Agar Tolibon bitim shartlariga rioya qilmasa, boshqa reja bormi?” – deya so’raydi senator Angus King.

“17, 18, 19 yildan keyin yana 2001-yildagi holatga qaytmasak, deb qo’rqaman. Ya’ni, Tolibon hokimiyatga qaytib, terrorchilar davri yana boshlanishi mumkin”, - deydi King.

Makkenzining qo’shimcha qilishicha, Afg’onistonda “qon to’kilmaydigan davlat” qurish ehtimoli kam va Tolibon zo’ravonlikni kamaytirish uchun o’z ixtiyoridagi guruhlar ustidan nazoratni kuchaytirishi kerak.

“Mukammal bo’lmasligi aniq, lekin hozirgi darajadan ancha pasayishi kerak”, - deya qo’shimcha qildi u.

Tinchlik bitimi zo’ravonlikdan tashqari boshqa muammolar bilan ham yuzlashmoqda.

Tolibon minglab mahbuslar ba’zi shartlar evaziga ozod qilinishi haqidagi Afg’oniston hukumati buyrug’ini rad etdi. Guruhga ko’ra, bunday shart qo’yilishi Tolibon bilan tuzilgan kelishuvga zid.

“Bitim matnida aniq yozib qo’yilgan: 5000 mahbusning barchasi afg’onlararo muzokaralar boshlanishidan oldin va hech qanday shartlarsiz ozod qilinishi kerak”, - dedi Tolibon so’zlovchisi Suxail Shahin.

Afg’oniston prezidenti so’zlovchisi Sidiq Sidiqiyga ko’ra esa, toliblar ozod qilinishi uchun zo’ravonlikning kamayishi, mamlakatda o’zaro muloqotning boshlanishi hamda sulhga erishish shart qilib qo’yilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG