Breaking News

Turkiya Suriya hukumatini olov bilan o'ynashmaslikka chaqirdi


Turkiya harbiy karvoni
Turkiya harbiy karvoni

So'nggi kunlarda Suriya shimoli-g'arbida Bashar Assad armiyasi hujumlarining jadallashuvidan va bu yerdagi Turkiyaga qarashli harbiy kuzatuv punktlariga tobora yaqinlashayotganidan Anqara norozi.

Yaqinda Turkiya va Rossiya prezidentlari o'rtasida bo'lib o'tgan telefon muloqotida Suriyaning shimoli-g'arbdagi, xususan, Idlib viloyatidagi vaziyat muhokama qilindi. Rajab Toyib Erdog'an mavjud holat Turkiyaning milliy xavfsizligiga tahdid tug'dirayotganini aytdi.

“Anqara va’dalarni bajarmadi”

Turkiya Idlibda janglarning avj olishi yirik gumanitar inqirozga sabab bo'lishini aytib keladi. Turkiyada shundoq ham 3,6 milliondan ortiq suriyalik yashaydi, ularning yoniga idliblik qochqinlarning ham qo'shilishini Anqara istamasligi aniq.

2017-yilda Ostona (hozirgi Nur-Sulton) va 2018-yıilda Sochida erishilgan memorandumlar doirasida Idlibda demilitarizatsiya hududi tuzilgan hamda bu yerda Turkiyaning 12 ta kuzatuv punkti tashkil etilgan. Ulardan biri Suriya armiyasi kirib borgan Morek shaharchasida joylashgan.

19-avgust kuni esa Turkiyaning 9-sonli kuzatuv punktiga ketayotgan harbiy karvonga hujum uyushtirilgan va buning oqibatida tinch aholi vakillaridan uch nafari halok bo'lgan edi.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho'g'li Suriya armiyasining hududdagi hujumlari dahol to'xtatilishini talab qilib, barcha tomonlar Ostona kelishuvlariga sodiq qolishi zarurligini aytdi. Shuningdek, u Turkiya har qanday yo'l bilan kuzatuv punktlarini himoyalashini ta’kidlar ekan, Suriya hukumatini olov bilan o'ynashmaslikka chaqirdi.

Rossiya esa Sochi memorandumiga rioya qilishini va Turkiyadan ham shuni kutayotganini bot-bot aytmoqda. 2018-yilning 17-sentabrida tuzilgan va 10 modadan iborat mazkur kelishuvga ko'ra, Idlibdan barcha terrorchi guruhlar chiqarilishi kerak edi. Biroq Rossiya mudofaa vazirligi Idlibda hali ham terrorchilarning yirik otryadlari borligini va ular Suriya armiyasiga hujum qilayotganini aytmoqda.

Xalqaro munosabatlar bo'yicha mutaxassis Erxan Kelesho'g'li “Amerika Ovozi”ning turk xizmatiga bergan intervyusida Turkiya Sochi memorandumi doirasida Rossiyaga bergan va’dalarining deyarli hech birini bajarmaganini aytdi.

“Xususan, “Hay’at Tahrir Shom” guruhining og'ir qurollarini olib chiqishi, avtomobil yo'llarining ochilishi - bular bajarilmadi. Rossiyaning sabri tugab borayotgani va Turkiya vaqt o'tmasdan harakat qilishi kerakligi ham Kreml matbuot kotibi, ham Putin va Lavrovning bayonotlaridan tushunarli edi”, - deydi u.

Keleo'g'lining so'zlariga ko'ra, Furot daryosining sharqida xavfsiz hudud barpo etish borasida Turkiya va AQSh kelishuvi e’lon qilinganidan keyin Rossiya Suriya armiyasiga havodan yordam berib, uning yo'lini ochishga tushdi. Voqealarning bunday tus olishi Turkiyaning xavotiriga sabab bo'lmoqda. Idlibdagi vaziyat Rajab Toyib Erdog'an va Vladimir Putinning 27-avgust kuni Moskvada bo'lib o'tadigan uchrashuvida ham muhokama qilinadi.

“AQSh xatolarini tushundi”

Avgust oyi boshlarida Anqara va Vashington Suriyaning shimolida xavfsiz hudud barpo etilishini e’lon qildi. Kelishuvga ko'ra, Furot daryosining sharqiy qismida 10 ta kuzatuv punkti tashkil etiladi va ularga Turkiya mas’ul bo'ladi.

Egey universitetida Suriyadagi tinchlik masalalari bo'yicha tadqiqot olib borgan Kamol Ilhomo'g'lining so'zlariga ko'ra, Suriya chegarasida tinchlik o'rnatilishi Turkiya uchun juda muhim: Anqara Turkiyadagi suriyalik qochqinlarning shu hududlarga qaytishiga umid qilmoqda.

Tadqiqotchi Kamol Ilhomo'g'li
Tadqiqotchi Kamol Ilhomo'g'li

Turk armiyasi Suriyada 2016-2017 yillarda o'tkazgan “Furot qalqoni” va 2018-yildagi “Afrin” operatsiyalarining maqsadi ham Turkiya chegaralarida barqarorlik o'rnatilishi hamda bu hududlarga qochqinlarning qaytishini ta’minlash edi.

Ammo AQSh va Turkiya Suriya bo'yicha ancha vaqtdan beri kelisha olmayotgan bir masala bor - YPG (“Xalq mudofaa otryadi”). Vashington kurd jangchilaridan iborat mazkur guruhni Suriyada IShIDga qarshi kurashda o'z hamkori deb biladi va uni qo'llab-quvvatlab keladi.

Anqara nazarida esa YPGning PKKga, ya’ni Turkiyada ko'p yillardan beri barqarorlikka va mamlakatning hududiy yaxlitligiga tahdid tug'dirib kelayotgan terror tashkiloti - “Kurdiston ishchilar partiyasi”ga aloqasi bor.

Kamol Ilhomo'g'li fikricha, kurdlar Turkiya chegarasidan qancha uzoqda bo'lsa, shuncha yaxshi.

“AQSh kurdlarni qo'llab-quvvatlash orqali strategik hamkori bo'lmish Turkiyani ranjitdi. Alal-oqibat bu Anqaraning Suriya masalasi borasida Rossiya va Eronning yaqinlashuviga olib keldi. Mazkur uch davlatning yaqin hamkorligi AQShning mintaqadagi eng yaqin ittifoqchisi bo'lmish Isroil uchun noxush holat. AQSh xatosini tushundi va Suriyada xavfsiz hudud bo'yicha Turkiyani qo'llashga qaror qildi”, - deydi u.

Turkiyaning Shonliurfa shahrida Anqara va Vashington qo'shma operatsiya markazini tuzdi, Suriyadagi operatsiyalar shu yerdan kuzatib boriladi. Ayni paytda AQSh YPGga yordamini to'xtatmoqchi emas. YPGni ham o'z ichiga oluvchi “Suriya demokratik kuchlari” alyansi esa Anqara va Vashington kelishuvini qo'llashini ma’lum qildi.

Mazkur holatdan eng norozi tomon - Suriya hukumati. “Milliy suverenitetimizga tajovuz bo'lyapti”, - demoqda u.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG