Breaking News

AQSh va Turkiyaning bir-biriga qanday shikoyatlari bor?


Prezidentlar uchrashuvi oldidan AQSh-Turkiya aloqalariga nazar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:13 0:00

“Katta yettilik” va NATO sammitlarida qatnashish uchun Yevropaga borgan Prezident Jo Bayden Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdog’an bilan uchrashish arafasida. Ayrim tahlilchilar Vashington-Anqara munosabatlarini krizis nuqtasida, deya tasvirlaydi.

“Orada muammo, kelishmovchilik va qarama-qarshiliklar doimo bo’lgan, ammo hozirgi holatni munosabatlarning eng tubi desak xato bo’lmaydi. Aloqalar yo tiklanadi, yo tuzatib bo’lmas darajada barbod bo’ladi”, - deydi Qodir Xas universiteti professori Serhat Guvench.

2019-yilda Turkiya AQShning F-35 qiruvchi samolyotlarini sotib olish dasturidan chetlatilgan. Sabab Anqara Rossiyadan S-400 havo mudofaa tizimlarini sotib olganidir. AQSh S-400 ni NATO mudofaa tizimlariga xavf deb biladi.

Turkiyaning Rossiya bilan munosabatlari muammoning bir bo’lagi xolos. Oq uyga harakat qilayotganda Bayden Edog’anni avtokrat deya tanqid qilib, muxolifat uni saylovda mag’lub qilishi kerak, degan edi.

Jo Bayden demokratiya targ’ibotini tashqi siyosatining asosiy tamoyillaridan biri deb belgilagan.

Erdog’anning ham shikoyatlari bor. Vashington “Islomiy davlat”ga qarshi kurashgan suriyalik kurdlarni ittifoqchi deb biladi. Anqara nazarida ular terrorchi.

Turkiya prezidenti maslahatchisiga ko’ra, ikki rahbar uchrashuvi aloqalarni yangi sahifadan boshlash uchun imkoniyat.

“O’ylaymanki, Turkiya bunga imkon yaratuvchi qadamlarni tashlaydi va bunga tayyor. Lekin siyosatda orzularga berilmaslik kerak, faqat ratsionallik. Amerika pragmatik mamlakat va Turkiyadan ayrilish oqibatlari haqida o’ylashi kerak”, - deydi Mesut Jashin.

NATOga Turkiyaning ahamiyatini eslatish uchun Prezident Erdog’an yaqin orada qiruvchi samolyotlarni ittifoqchilarni quvvatlash uchun Boltiqbo’yiga safarbar etishini aytgan.

Ammo diplomatlarning aytishicha, Turkiya yo’lovchi samolyot bilan bog’liq voqea yuzasidan NATO davlatlarining Belarusga nisbatan tanqidini yumshatishga ham harakat qilgan. Bu Rossiyaga iltifot, deya talqin qilinmoqda.

Erdog’anga ko’ra, Turkiya Moskva bilan ham, G’arb bilan ham do’stona munosabatda bo’la oladi. Biroq, deydi Serhat Guvench, Bayden ikkisidan birini tanlashni, Rossiyaning qurollarini qaytarishni so’rashi mumkin.

“Amerikaliklarni ham, ruslarni ham birdek xursand qilish imkoniyati mavjud emas. Afsuski, Erdog’an juda qiyin bo’lsa-da bir qarorga kelishi kerak. Tanlov vaqti kelgan. Bunday muhim qarorni ortiq kechiktirib bo’lmaydi”, - deydi suhbatdosh.

Turkiya rahbari va vazirlari Rossiya sistemasi qaytarilmasligini, bu milliy suverenitet bilan bog’liq masala ekanini ta’kidlab kelmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG