Breaking News

Turkiya Rossiya qurollari bo’yicha AQSh bilan murosa yo’llarini izlayapti


S-400 havo mudofaa tizimlari

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an AQSh bilan o’zaro manfaatli aloqalarni yo’lga qo’yishga chaqirmoqda. NATOga a’zo ikki davlat munosabatlari chigallashgan, xususan Anqaraning Rossiya qurollarini sotib olishi ketidan.

“Vashington bilan aloqalar - Turkiya ichki siyosatida legitimlik manbai. Buni ko’pchilik, jumladan, amerikaliklar ham tushunmaydi. Turkiya rahbarlari, hatto muxolifat AQSh bilan yaqinlikdan g’ururlanadi”, - deydi siyosiy sharhlovchi Asli Oydintoshbosh.

Erdog’an Tramp ma’muriyati bilan do’stona aloqalar o’rnatgan edi. Biroq Istanbulda talabalarning norozilik namoyishlari bostirilgani Bayden ma’muriyati tomonidan qoralandi. Bu shuni ko’rsatmoqdaki, AQSh Turkiyadagi inson huquqlari bilan bog’liq vaziyatga ortiq ko’z yummaydi.

Prezident Bayden ishga kirishganidan buyon Turkiya rahbariga qo’ng’iroq qilgani ham yo’q. Kuzatuvchilar buni AQSh nazdida Turkiyaning roli pasaygani bilan izohlaydi.

“To’rt-besh yil oldingiga qaraganda bugun AQSh Turkiyaga nisbatan kuchliroq pozitsiyada. AQShning Yaqin Sharq yoki boshqa joylardagi rejalari haqida gap ketganda, Anqara yuqoriroq mavqega ega bo’lish evaziga Vashingtonga ko’p narsa taklif qila olmaydi”, - deydi Qodir Xas universiteti professori Serhat Guvench.

Turkiya Rossiyadan S-400 havo mudofaa tizimlarini xarid qilgani, Vashington nazarida, NATOni xavf ostiga qo’ydi. AQSh Turkiyaga qarshi sanksiyalar ham joriy etgan. Anqara Rossiya qurollarini olgani G’arbda unga nisbatan ishonchni ham pasaytirdi. Lekin Erdog’an tarafdorlari boshqacha fikrda.

“Yangi dunyo tartibini shakllantirishda Turkiya-AQSh aloqalari har qanday raketalardan muhimroq. Ikki davlat bir-biriga muhtoj. Hozir eng muhimi tomonlar o’rtasida ishonchni tiklashdir”, - deydi Turkiya prezidenti maslahatchisi Mesut Jashin.

Anqara S-400 sistemasini ishga tushirmasdan saqlab qo’yishni taklif etgan. Vashington bunga ko’nganicha yo’q. Turkiya Mudofaa vaziri Hulusi Akar yaqinda AQShni yana bir bor bu masala bo’yicha muzokara boshlashga undadi. Bayden ma’muriyatidan hozircha javob yo’q.

Turkiya, shuningdek, Rossiya bilan ehtiyotkorona ish tutishi lozim, deydi tahlilchilar.

“Turkiya o’z chegarasidan tashqarida turli harbiy amaliyotlarda qatnashar ekan, Rossiya bilan ishlash kerakligini biladi. Shu bilan birga, ikki davlat ayrim mojarolarda qarama-qarshi tomonda. Masalan, Liviya, Ozarbayjon, Suriyada”, - deydi Oydintoshbosh.

Suriyalik qochqinlarning yangi to’lqini Turkiyaga kelishini bartaraf etish Rossiya bilan hamkorlikdan ko’zlangan muhim maqsadlardan biridir.

Suriyadan qaytayotgan Rossiya harbiy kemalari muntazam ravishda Istanbul bo’g’ozidan suzib o’tadi. AQSh bilan aloqalarini qayta ko’rib chiqar ekan, Anqara muvozanat topish muhimligini yaxshi tushunadi.

Xalqaro hayot - 26-fevral, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:11 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG