Breaking News

Turkiya-AQSh o‘rtasidagi muammolarning yechimi yo‘qmi?


AQSh rahbari Jo Bayden 14-iyun kuni NATO sammiti doirasida Bryusselda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoga‘an bilan muzokara o‘tkazadi. Bayden vitse-prezident bo‘lgan yillarda ham Erdog‘an bilan muloqot qilgan, ammo bu uning prezident sifatida Turkiya yetakchisi bilan ilk yuzma-yuz uchrashuvi bo‘ladi.

Joriy yilning 23-aprelida u Erdog‘an bilan telefon muloqoti o‘tkazdi va ertasi kuni 1915-yilda usmoniylar hududida yuz bergan armanlarning ommaviy o‘limini genotsid deya e’tirof etdi. Oq uy rahbarining bu bayonoti, shubhasiz, Anqaraning qattiq tanqidiga uchadi.

“Biz har yili 24-aprelda Qo‘shma Shtatlar armanlar haqida nima der ekan deb kutishdan charchadik. AQShning armanlarga advokatlik qilishdan boshqa ishi yo‘qmi? Qo‘yinglar, bu masala bilan tarixchilar shug‘ullansin”, – dedi Rajab Toyyib Erdog‘an 1-iyun kuni davlat televideniyesidagi chiqishida.

Shuningdek, u Bayden bilan uchrashuvda Turkiya-AQSh munosabatlari nima uchun bunday keskinlik darajasiga kelib qolgani muhokama etilishini ma’lum qildi.

AQSh tomoni bergan ma’lumotga qaraganda, prezidentlar ko‘rib chiqadigan masalalar mavzu jihatidan ancha keng: Sharqiy O‘rta yer dengizidagi vaziyat, Suriya, Eron, Tog‘li Qorabog‘ va hokazo.

Tahlilchilar Bryusseldagi uchrashuvdan keyin Vashington-Anqara aloqalaridagi taranglik nisbatan yumshashi mumkinligini, biroq ikki davlat o‘rtasidagi asosiy muammo “ishonch” bo‘lib qolayotganini aytmoqda.

“Turkiya-Amerika munosabatlari qaysi tomonga burilishi haqidagi savolning javobi hozircha ochiq. Ikki davlat o‘rtasida ham NATO doirasidagi, ham NATOdan tashqaridagi aloqalarda muammolar bor. Uchrashuvda ana shu muammolar ko‘tariladi. To‘g‘ri, turli fikrlar, turli yondashuvlar bo‘ladi, biroq NATO doirasidagi ittifoqdoshlik siyosati davom etadi. Ehtimol qaytadan geosiyosiy va geostrategik manfaatlar kun tartibiga olib chiqilar. Bu tarixiy bir uchrashuv bo‘ladimi? Yo‘q. Juda ham ahamiyatsizmi? Yo‘q. Menimcha, uchrashuv har ikki tomon uchun ham muhim va muammolarni ko‘rib chiqish nuqtai nazaridan zaruriydir”, – deydi Tashqi siyosat instituti direktori va Yaqin Sharq texnika universiteti Xalqaro munosabatlar kafedrasi o‘qituvchisi, professor Huseyin Bag‘ji.

AQSh-Turkiya munosabatlaridagi asosiy muammoli masalalardan biri Anqara Rossiyadan sotib olgan S-400 havo mudofaa tizimi hisoblanadi. Ushbu tizim haqida Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li shunday deydi:

“Turkiya Respublikasi bir mudofaa tizimini boshqa bir davlatdan sotib oldi. Bundan keyin Turkiya o‘z mudofaa tizimini ishlab chiqarishni boshlaydigan kunga qadar bizning (S-400ga) ehtiyojimiz bor. AQSh “Patriot” masalasida kafolat bermas ekan, boshqa ittifoqdoshlarimizdan havo mudofaa tizimini olishimiz mumkin. To‘liq bizning nazoratimizda bo‘ladi. Bizning muhandislarimiz, bizning harbiylarimiz nazorat qiladi. Foydalanish bosqichida biror rus harbiysi Turkiyada bo‘lmaydi”.

Anqaradan yangragan shunga o‘xshash bayonotlar Turkiya S-400 masalasida yon bosmasligini va tizimning Injirlik aviabazasiga ko‘chirilishi bilan uning nazorati amerikalik harbiylarga berilishi haqidagi iddaoni qabul qilmasligini ko‘rsatmoqda.

Ammo Vashington ham bu masalada o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmoqchi emas. Zero, Turkiya S-400 tizimidan voz kechishi kerakligi haqidagi bayonotni kuni-kecha AQSh Davlat departamenti rasmiy vakili Ned Prays ham takrorladi.

“Prezident Baydenning NATO sammitida turk hamkasbi bilan uchrashish imkoniyati bo‘ladi. Oldindan nimadir demoqchi emasman, biroq ishonchimiz komilki, S-400 dan foydalanishi Turkiyaning NATO tarkibidagi ittifoqdoshimiz maqomiga to‘g‘ri kelmaydi”, – dedi u.

Vashingtondagi Xalqoro va strategik tadqiqotlar markazining Turkiya dasturi rahbari Bulent Alirizaga ko’ra ham AQShning S-400 masalasida o‘z pozitsiyasini yumshatishini kutmaslik kerak.

“Zero, Kongress tasdiqlagan qonun doirasida Turkiyaga F-35 samolyotlarining sotilishi shu sababli to‘xtagan edi, – deya tushuntiradi ekspert. – O‘ttiz yildan ortiq Senatda ishlagan, senator bo‘lgan, Senatning Tashqi aloqalar qo‘mitasini boshqargan Bayden Kongressga zid ish tutadi deb o‘ylamayman. Bu masalada [S-400 masalasida] nekbin emasman. Menimcha, har ikki prezident uchun eng yaxshisi – hozircha bu masalaga to‘xatalmaslik”.

“NATO sammitida ikki muhim inqiroz bilan yuzlashiladi. Birinchisi, NATOning institutsional inqirozi, doktrinalar qidirishi, shu ma’noda yangi istiqbolni muhokama qilish zarur. NATO Bosh kotibi [Yens Stoltenberg[ ham 2030-yil strategiyasi bilan buni bayon qilishga urinyapti. Ikkinchisi, NATOga a’zo davlatlar orasida manfaatlar borasidagi farqlarga asoslangan bir qator muammolar bor. Masalan, Fransiya bir tomondan alyans ichida Turkiyaga qarshi siyosat olib borar ekan, boshqa tomonda NATO chalajon bo‘lib qolganini iddao qildi. 2017-yilga qaytadigan bo‘lsak, S-400 xaridiga Turkiyaning suveren huquqlari doirasida o‘z xohishiga havola etilishi kerak bo‘lgan masala sifatida qaralar edi. Ya’ni konyunktura shartlari bilan pozitsiyasini o‘zgartirgan NATO a’zolari institutsional hamkorlikka zarar bergan davr bo‘lib o‘tdi. Hozirgi paytda S-300 tizimidan foydalanayotgan NATO a’zolari borligini bilamiz, eng yorqin namunasi – Gretsiya. Turkiya esa Rossiyadan tashqari S-400 tizimiga ega uch davlatdan biri. Bu faqatgina Turkiyaning janubiy chegaralardagi tahdidga qarshi mudofaa konsepsiyasini ishlab chiqishi bilan bog‘liq”, – deydi Anqara inqiroz va siyosat tadqiqotlari markazi (ANKASAM) bosh kotibi Kadir Ertach Chelik.

Turkiya Mudofaa vaziri Xulusi Akarga ko‘ra, Turkiya va AQSh o‘rtasidagi eng katta muammo F-35 samolyotlari ham, S-400 mudofaa tizimi ham emas, balki Suriyadagi PYD/YPG (Demokratik birlik partiyasi/Xalq mudofaa otryadlari) masalasidir.

Anqara kurdlarning bu tuzilmalarini terrochi tashkilot – PKK (Kurdiston ishchi partiyasi)ga aloqador deb hisoblaydi.

Prossor Huseyin Bag‘jiga ko‘ra, Anqara va Vashingtonning PYD-YPG masalasidagi farqli nuqtai nazarlari bo‘yicha yaqin orada yechim topilmaydi.

“AQSh PKKni shundoq ham terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritgan, YPG masalasida esa yon bosadi deb o‘ylamayman, - deydi olim. - Chunki YPG AQSh uchun Suriyada IShIDga qarshi kurashuvchi mahalliy kuch hisoblanadi. Harbiy va iqtisodiy tomondan qo‘llab-quvvatlanyapti. AQSh YPGni qo‘llashni bundan keyin ham davom ettiradi. Turkiyaning nuqtai nazaridan esa YPG terrorchi va bu boradagi fikrini o‘zgartirmaydi, shunday qilib, bu masala hal bo‘lmaydi. Turkiya va AQSh bu masalani boshqa payt ko‘rib chiqadi”.

Ikki davlat aloqalarida yechimi topilmayotgan bir qator muammolar bo‘lsa-da, Bulent Alirizaga ko‘ra, Bayden va Erdog‘an uchrashuvini ijobiy qadam deb baholash mumkin.

“Bunday uchrashuvlar har doim muvaffaqiyatga mahkum. Har ikki tomonda ham bir qator kelishmovchiliklar, jiddiy ixtiloflar bo‘lsa-da, tashqariga chiqqach, bu haqda tafsilotlarga to‘xtalishmaydi. Aloqalar bundan keyin ham davom etishi aniq. Biroq ichkarida bir qator muammolar hal qilinmasa, uchrashuv yaxshi o‘tdi degan mazmunda har qancha bayonot berilmasin, kechiktirilgan muammolar munosabatlarga zarar berishda davom etaveradi”, – deya izohlaydi ekspert.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG