Breaking News

Tahlil: Anqara AQSh va Rossiyadan birini tanlashi kerakmi?


Rossiyaning "S-400" mudofaa tizimi Turkiyaga olib kelindi, Anqara, Turkiya, 2019-yil, 12-iyul.
Rossiyaning "S-400" mudofaa tizimi Turkiyaga olib kelindi, Anqara, Turkiya, 2019-yil, 12-iyul.

Anqara Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning 2020-yil yanvarida Turkiyaga qiladigan safariga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ayni paytda Turkiyaning AQSh bilan munosabatlarida "S-400" mudofaa tizimi tufayli yana taranglik kuzatilyapti. Vashington Anqaraning bu tizimni Rossiyadan xarid qilishiga va undan foydalanishiga qarshi. Anqaraning esa niyati qat’iy: hozirda dunyodagi eng yaxshi havo mudofaa tizimi deya e’tirof etilayotgan "S-400"dan voz kechmoqchi emas va shuning barobarida AQSh bilan munosabatlari yomonlashishini istamaydi.

“Qutida saqlash uchun olmadik”

Dushanba kuni Turkiya ommaviy axborot vositalarida "S-400"" tizimini sinovdan o‘tkazish boshlangani haqida xabarlar tarqaldi. Vashingtonning bu xabarga reaksiyasi kechikmadi. AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Rossiyada ishlab chiqarilgan raketaga qarshi tizimni sinash uchun AQShda ishlab chiqarilgan "F-16" samolyotlaridan foydalanilgani xavotirli holat ekanini ta’kidladi.

“Hali umidimiz bor. Biz turk tomoni bilan gaplashyapmiz va hali ham bu vaziyatdan chiqish yo‘llarini qidiryapmiz”, – dedi Pompeo seshanba kuni Vashingtonda jurnalistlarning savollariga javob qaytarar ekan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington Turkiyaning "S-400" tizimidan foydalanishdan butkul voz kechishini istaydi.

Ertasi kuni Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho‘g‘li ham Anqarada ushbu masala bo‘yicha bayonot berdi.

“Bir mahsulot qutida saqlanishi uchun xarid qilinmaydi. Havo mudofaa tizimining narxi baland, ammo narxdan ko‘ra ehtiyojimiz balandroq”, – dedi vazir.

U Turkiyaning havo hujumiga qarshi mudofaa tizimiga ehtiyoji borligini ta’kidlar ekan, Turkiya chegarasida faqatgina Ispaniyaga tegishli “Patriot” tizimi batareyasi mavjudligini, Italiya o‘zining SAMP-T havo mudofaa tizimini chegara hududidan olib chiqayotganini aytdi.

“Biz bu masalani Amerika bilan muhokama qilishni davom ettiramiz, lekin bu borada majburlovchi uslub yoki yondashuvni qabul qilishimiz mumkin emas”, – dedi Mevlut Chovusho‘g‘li.

Turkiyaning mudofaa tizimi borasida Rossiya bilan muzokaralari 2016-yilning noyabrida boshlangan edi. Ikki o‘rtada qiymati 2,5 millard dollarga teng shartnoma imzolandi.

2017-yilning aprelida o‘sha paytdagi Turkiya Mudofaa vaziri Fikri Ishik mamlakatiga shoshilinch ravishda havo mudofaa tizimi kerakligini, buning uchun NATOdagi ittifoqdoshlar bilan olib borilgan muzokaralar natija bermaganini aytgan edi.

Amerika "S-400"ning NATO mudofaa tizimiga mos emasligini ta’kidlayapti. Bunga Anqaraning javobi shunday: "S-400" NATO tizimiga integratsiya qilinmaydi, balki avtonom tarzda ishlatiladi, shunday ekan, xavotirga o‘rin yo‘q. Bundan tashqari, turk tomoni AQShga "S-400" tizimi NATOga zarar berishi yoki bermasligini aniqlash uchun ishchi guruh tuzishni taklif qilmoqda.

Vashingtonning ta’kidlashicha, Anqaraning Rossiyadan "S-400" tizimini xarid qilishi “Amerikaning raqiblariga sanksiyalar orqali qarshilik ko‘rsatish haqida”gi qonunga (CAATSA) ziddir. Mazkur qonunning 231-moddasida Rossiyaning razvedka yoki mudofaa sektorlari bilan oldi-sotdi qilgan shaxslar yoki tashkilotlarga sanksiya qo‘llash nazarda tutilgan.

“F-35 bo‘lmasa, boshqasi…”

Vashington Turkiyadan "S-400"ni qaytarib berishini, uni yo‘q qilishini yoki undan foydalanmasligini istamoqda. Rossiya esa 2020-yilning birinchi yarmida "S-400" tizimining qo‘shimcha partiyasi bo‘yicha Turkiya bilan kelishuv tuzilishidan umidvor. Bu haqda “Rosoboroneksport” davlat kompaniyasi rahbari Aleksandr Mixeyev “RIA Novosti”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Shuni ta’kidlamoqchimanki, Turkiya bilan harbiy-texnik hamkorlik "S-400" yetkazib berish bilan cheklanmaydi. Kelgusida katta rejalarimiz bor”, – dedi Mixeyev.

Bundan tashqari, u "S-400" tizimining ayrim qismlari Turkiyada ishlab chiqarilishi mumkinligini ma’lum qildi.

“F-35" samolyotlari qurolli kuchlarimizning ehtiyoji, mamlakatimizning mudofaasi va xavfsizligi uchun muhim vosita. Agar bu samolyotni ololmasak, tabiiy ravishda bohqa yo‘llarni qidirishimizni hamma bilishi kerak”, – dedi Turkiya Mudofaa vaziri Xulusi Akar “Al-Jazeera” kanaliga bergan intervyusida.

Turkiya armiyasi eskirib borayotgan "F-16" samolyotlarini zamonaviyroq samolyotlarga almashtirish harakatida.

Anqara AQShning e’tiroziga qaramay, Rossiyadan mudofaa tizimini sotib olishi Turkiyaning "F-35" qiruvchi samolyotlarini ishlab chiqarish va xarid dasturidagi ishtirokining to‘xtatilishiga olib keldi. Samolyotning ayrim ehtiyot qismlari Turkiyada ishlab chiqarilayotgan, turk uchuvchilari ularni boshqarish uchun AQShda malaka oshirayotgan edi. Bularning bari to‘xtab qoldi. Turkiya bu loyihaga 2,2 milliard dollar sarmoya ajratishni zimmasiga olgan va buning 1,4 milliardini to‘lagan. Anqara agar "F-35" samolyotlarini ololmasa, unining o‘rniga Rossiyadan "Su-35" samolyotlarini olishi mumkinligini aytmoqda.

Six ham kuymasin, kabob ham

Anqara AQSh va Rossiyadan birini tanlashga majburlanayotganidan norozi. Ayni paytda Turkiya har ikki davlat bilan kuchli iqtisodiy aloqalarga ega.

Turkiya AQSh bilan savdo aylanmasi hajmini 5 baravar oshirib, 100 milliard dollarga yetkazishni istayapti. Shuningdek, Anqara Amerikaning avvalgi prezidenti Barak Obama paytida sotilmagan “Patriot” havo hujumidan mudofaa tizimiga hali ham xaridor. Chunki Rossiyadan olingan "S-400" tizimi mamlakatning mudofaasi uchun kifoya emasligini aytyapti. Biroq “Patriot” xaridi borasida og‘zaki va’dalar emas, Vashingtondan aniq kafolat istayapti.

O‘tgan 2018-yilda Turkiyaning Rossiya bilan savdo aylanmasi hajmi 25,5 millard dollarga teng bo‘ldi. Turkiya tabiiy gazning asosiy qismini Rossiyadan oladi, ruslar bu mamlakatda atom elektr stansiyasini quryapti. Bundan tashqari, turk va rus harbiylari Suriya shimolidagi chegara hududini birga nazorat qilyapti.

“Nega Turkiya Rossiya va Amerikadan bittasini tanlashga majbur bo‘lsin? Hech kim bunga majburlamasligi kerak. Rossiya bilan ham, Amerika bilan ham aloqalarimizni mustahkam olib borimishimiz mumkin. Turkiya endi birovning majburlashiga bo‘yin egadigan davlat emas”, – dedi Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho‘g‘li.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG