Breaking News

Uyg’urlar AQShda namoyish o’tkazib, Xitoy siyosatini qatliom deb tan olishga chaqirdi


Nyu-Yorkdagi namoyish ishtirokchilari, 28-avgust, 2020-yil

AQShning Vashington va Nyu-York shaharlarida o’nlab odam namoyishga chiqib, AQSh hukumati, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va mamlakatlarni uyg’urlarga qarshi zulmni keskin qoralashgan, Xitoyning Shinjondagi siyosatini qatliom deb tan olishga chaqirishgan.

Matbuotdagi xabarlarga ko’ra, Vashington hozir aynan shu haqda o’ylanmoqda.

Vashingtondagi Sharqiy Turkiston milliy uyg’onish harakati asoschisi Solih Xudoyorning aytishicha, to’rt yil oldin Xitoy Kommunistik partiyasi Tibetni boshqargan Chen Kuanguni Shinjon-uyg’ur muxtor viloyatiga rahbar etib tayinlagan.

“Chen hududda konsentratsion lagerlar va qamoqxonalar tashkil etib, uyg’urlarni majburiy mehnatga jalb qilgan, yuqori texnologiyalar va politsiya yordamida nazoratni kuchaytirgan”, - deydi faol.

Chen 2016-yilda viloyat partiya kotibi etib tayinlanishi ketidan bir milliondan ziyod uyg’ur konsentratsion lagerlarga yuborilgan, o’n minglab odamlarni Xitoyning turli hududlaridagi korxonalarda ishlashga majburlab safarbar etishgan.

AQShning “Human Rights Watch” inson huquqlari tashkiloti va Vashingtondagi “Uyg’ur inson huquqlari loyihasi” tashkiloti Pekinni uyg’ur ayollarni xohishiga qarshi abort qildirayotganlikda va sterilizatsiyaga majburlayotganlikda ham ayblamoqda.

“AQSh hukumatini ham, Birlashgan Millatlar Tashkilotini ham bunday vahshiyliklarni qatliom deya tan olishga chaqirgan holda ularni xalqaro hamjamiyat va ko’plab mamlakatlardagi hukumatlarni sukutni tashlab, Xitoyga qarshi fikr bildirishga undashga ham da’vat etamiz”, - dedi Vashington va Nyu-Yorkdagi namoyishlarni tashkil etgan Xudoyor.

Iyul oyida AQSh Davlat departamenti Chen Kuangu va Xitoyning yana bir necha rasmiysini Shinjonda turkiy musulmonlarga qarshi jiddiy huquqbuzarliklarda ayblab, qora ro’yxatga qo’shgan.

Xitoy avvaliga uyg’urlarning ommaviy qamalishini inkor etdi, keyinchalik lagerlar borligini tan olib, ularni “diniy ekstremizmga chalingan” odamlarni qayta tarbiyalash markazlari ekanini ma’lum qildi.

2019-yil dekabrida rasmiylardan biri “bilim-yurt” o’quvchilarining barchasi markazdagi mashg’ulotlarni tamomladi deb aytgan edi.

Chen AQShning unga qarshi sanksiyalarini qoralab, davlat siyosatini Shinjonda barqarorlikni o’rnatishga qaratilgan chora sifatida oqlashga harakat qildi.

“Hech bir kuchning Shinjon barqarorligi, taraqqiyoti va farovonligiga hamda hududdagi barcha millat vakillarining taraqqiyot sari birdamligiga aralashishga yoki bu jarayonni to’xtatishga haqqi yo’q. Shinjon kelajagi bundanda yorqin bo’lishiga ishonchim komil”, - degan edi Chen Xitoy davlat matbuotining 21-iyulda uzatgan xabariga ko’ra.

Vashington va Nyu-Yorkda namoyish qilgan uyg’urlarning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Shinjondagi oila a’zolari bilan hanuz aloqa yo’q, hukumat mintaqani tashqi dunyodan uzib qo’ygan.

Namoyishchilar konsentratsion lagerlarda saqlanayotgani aytilayotgan qarindoshlari suratlarini olib o’tdi, “Xitoy, uyg’ur qatliomini bas qil!”, “Sharqiy Turkistonga mustaqillik!” shiorlarini aytishdi.

Namoyishga chiqqan 49 yashar Aziz Sulaymon ukasi, kuyovi va yana bir qarindoshi 2016-yil ikkinchi yarmida olib ketilganini va o’shandan beri ulardan xabar yo’qligini aytadi.

“Ukam stomatolog bo’lib ishlagan, kuyovimiz tadbirkor edi, ular bilan hibsga olingan qarindoshim tibbiyot maktabi talabasi edi. Ularni qayta o’qitish, qayta tarbiyalashga ehtiyoj bo’lmagan. Xitoy dunyoni laqillatmoqda. Onam, besh nafar opa-singlim bilan ham 2016-yil oxiridan beri aloqa yo’q. Ular o’likmi, tirikmi, bilmayman”, - deydi Sulaymon.

Xitoy Kommunistik partiyasining yaqinlarimizga qarshi harakatlari va siyosati BMTning qatliom haqidagi konvensiyasi talablariga to’liq javob beradi, deya qo'shadi u.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti milliy, etnik, irqiy yoki diniy guruhni qisman yoki to’liq parchalash maqsadida amalga oshirilgan har qanday harakatni genotsid, qatliom deya ta’riflaydi.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Xitoy hukumatining uyg’urlarga muomalasini “asr dog’i” deb atarkan, inson huquqlari Ikkinchi jahon urushidan beri bunchalik darajada poymol etilmaganini aytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG