Breaking News

Dolkun Isa: Sharqiy Turkistonda ahvol haqiqatdan ham og'ir


Uyg'urlar, Sharqiy Turkiston va koronavirus
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:20 0:00

Uyg'urlar, Sharqiy Turkiston va koronavirus

Nyu-Yorkda Xitoy, global demokratiya va inson huquqlari xususida kechgan qurultoyda “Amerika ovozi” Uyg'urlar umumjahon Kongressi prezidenti Dolkun Isani suhbatga chorladi.

Dolkun Isa Nyu-Yorkka Germaniyaning Myunxen shahridan kelgan.

“Bugun Nyu-Yorkda Tibet yoshlar qurultoyi o'tdi. Xitoy mustamlakasi ostidagi xalqlarning vaziyati haqida. Xitoyning dunyo demokratiyasi va inson haqlariga tahdidlari mavzusida bir yig'in o'tkazdik. Bu yerda Sharqiy Turkiston, Tibet, Janubiy Mongoliya, Gonkong, Tayvan vakillari munozaralarda qatnashishdi. Umuman shu davlatlarning, millatlarning umumiy vaziyati haqida va Xitoy hukumati, Xitoy kommunistik partiyasi tomonidan bugun Sharqiy Turkistonda, Tibetda, Janubiy Mongoliyada qanchalik qirg'inlar o'tkazilayotganini, Tayvanning milliy mustaqilligiga qanday tahdidlar qilinayotganini, Gonkongning demokratik harakatlarini qanday bostirilayotganini, dunyo hamjamiyati bu borada sukut saqlayotgani va Xitoy hukumati ostidagi mayda millatlarning o'zaro hamkorlikda kurashishi kerakligi, buning uchun qanday chora-tadbirlar ko'ramiz, hamkorlik qilamiz shularga bag'ishlangan masalalarni muhokama qildik”, - deya sharlaydi Dolkun Isa.

Dolkun Isaga ko'ra, bu kabi qurultoylar azobda qolgan millionlab millatdoshlari ovozini jahondagi progressiv xalqlarga yetkazishi uchun muhim.

“Xitoy hukumati rasman bugungi kunda Sharqiy Turkistonda 11,5 million uyg'ur xalqi yashaydi deydi. Ammo biz u yerda 20 milliondan oshiq uyg'urlar bor deb ishonamiz. Uyg'urlarning bugungi vaziyati ko'pchilikka ma'lum. Ya'ni Xitoy hukumati 1949-yil Sharqiy Turkistonni mustamlaka qilgandan buyon juda ham og'ir bir vaziyatda. 3 milliondan ortiq odamni Xitoy hukumati 21-asrdagi natsistlar lagerlariga o'xshagan jazo lagerlariga tiqib odamlarni milliy, diniy o'zligidan, madaniyatidan voz kechishga urinmoqda. Yoki Xitoy bo'lib yashaysan, yoki hayotingni og'irlashtirib o'lasan degan bosim bilan u yerlarda odamlarni majburlashyapti. Bugun uy'gur xalqi, Sharqiy Turkistondagi xalq insoniyat dunyosi paydo bo'lgandan buyon oz uchraydigan, mumkin uchramaydigan eng fojiali kunlarni yashamoqda”, - deya millati tashvishiga urg'u beradi uyg'urlar faoli.

Suhbatdoshga ko'ra, Sharqiy Turkistondagi qardoshlari bilan aloqa uzilgan. O'zi ham so'nggi uch yil davomida ota va onasidan judo bo'lganini matbuot orqali xabar topganini aytadi. Xavotirimiz kuchli edi deydi u, ammo Xitoyda koronavirus tarqalishi ortidan bunday xavotirlari yanada oshganini aytadi Dolkun Isa.

“Koronavirusning Sharqiy Turkistonga tarqalganligini Xitoy hukumati e'lon qildi. 16-fevraldan keyin ma'lumot berishni to'xtatdi. Shuning uchun kasallanganlar qanchaligini bilmaymiz. Chunki uch yildan ortiq vaqt davomida Sharqiy Turkiston bilan aloqa qilish qiyinlashgan. Shaxsan men oilam bilan aloqa qilolmay qolganimga 3 yildan oshdi. U yerda yashaydigan uyg'urar chet elda yashaydiganlari bilan aloqa qilishmaydi. Shuning uchun ham hozir bizni tashvishga solib qo'ygan boshqa bir vaziyat. Agarda koronavirus jazo lagerlari ichida tarqalgan taqdirda 21- asrning eng yirik falokati yuz beradi. Chunki u yerdagi vaziyat xatarli", - deydi Dolkun Isa.

"Lagerlar ichida 20-30 kishi bir joyda yashaydi. Bir kishiga kasal yuqdimi u yerdagi barcha odamlar o'ladi. Shuning uchun biz, chet eldagi uyg'urlar vatandagi uyg'urlarni, yaqinu-qarindoshlarimizning ahvolidan, taqdiridan xavotir qilyapmiz. Xitoy hukumati afsuski bu ma'lumotlarni davlat siri deb dunyodan yashirmoqda. Yolg'on ma'lumotlarni yoyishyapti. Zotan, ana shu yolg'onlar va ma'lumotlar o'z vaqtida oshkor etilmagani bugungi kunda ko'plab odamlarning o'limiga, kasallikni dunyo bo'ylab tarqalib ketishiga sabab bo'ldi. Sharqiy Turkistonda ahvol haqiqatdan ham xatarli bir vaziyatda. Agar Xitoydagi bo'layotgan bu ishlarga bugungi kunda dunyo aralashib, xalqaro tashkilotlar bosim qilmasa lagerlardagi bir necha million aholini o'limdan saqlamasa ularning hayoti xatarda qolaveradi. Bundan biz tashvishdamiz”.

Nyu-Yorkdagi qurultoyda yangragan muhim mujda – harakat lozim, ammo tashqaridagi harakatdan Xitoyning amaldagi hukumati tazyiqi ostida yashayotganlarni ham xabardor qilishga erishish zarur.

Shuning uchun anjuman “Facebook” va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda bevosita olib ko'rsatildi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG