Toshkentning Muqimiy teatri Qirg’iziston safarida


O'zbekistonlik va qirg'izistonlik san'atkorlar

Qirg’izistonning O’sh shahrida Toshkentning Muqimiy teatri gastrollari boshlandi. Hafta davomida ijodiy jamoa Janubiy Qirg’izistonning besh shahar va tumanlarida tomoshalar ko’rsatadi.

Avvalroq O’sh O’zbek akademik drama teatri O’zbekistonning Farg’ona, Andijon, Namangan viloyatlari bo’ylab safar qilgan edi. Barcha sarf-xarajatlarni O’zbekiston tomoni o’z zimmasiga oldi.

Ikki mamlakat aloqalari O’zbekistonda rahbariyat o’zgarishi ortidan rivoj topa boshladi. Ijobiy siljishlar birinchi galda madaniyat va san’at sohasida ko’zga tashlanmoqda.

“Amerika Ovozi” O’zbekiston va qirg’izistonlik san’atkorlar hamda muxlislarning shu haqdagi o’y-fikrlarini yozib oldi.

O’sh shahar meri Aytmamat Qadirbayevning aytishicha, bugungi taqdimot va uchrashuvlar - bu ahillik, barqarorlik, do’stlik ramzidir.

“Men shunga amin bo’ldimki, chegarani qanday berkitmaylik, xalq xohishi, intilishlarini to’sib bo’lmaydi. El sog’inchini anglagan ikki mamlakat prezidentlari bugungi uchrashuvga sharoit yaratdi”,- mulozimning bu so’zlari olqishlar bilan kutib olindi.

Muqimiy teatrining direktori Mirza Azizov shunday deydi:

“O’sh O’zbek akademik drama teatrining mamlakatimizga safari katta qiziqish uyg’otdi. Mana endi Muqimiy teatri Qirg’izistonga tashrif buyurdi. Biz bir xalqmiz. San’at esa til, din tanlamaydi, uning millati bo’lmaydi. San’at ezgulikka xizmat qiladi”, - dedi o'zbekistonlik san'atkor.

O’sh O’zbek drama teatrining xonandasi, Qirg’izistonda xizmat ko’rsatgan artist Mavluda Abdujabborova va Muqimiy teatrining yetakchi artistlaridan biri Boir Xolmirzayev o’z paytida Toshkent oliygohida birga o’qishgan. Yillar o’tib, qayta diydorlashish nasib etdi.

Yoshlik davrlarini eslar ekan, ular bag’rikenglik, mehridaryolik, muruvvat jo bo’lganini urg’ulashadi va yangi avlod o’sha his-tuyg’ularni chuqur o’zlashtirishlarini istashadi.

O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist Turg’un Beknazarov hamkorlikning ufqlariga nazar tashlaydi. Uningcha, o’zaro muloqotlarni kuchaytirish, tajriba almashishni yo’lga qo’yish maqsadga muvofiq.

O’shlik adabiyotshunos olim Ravshanbek Tursunov esa san'atning aloqalarni mustahkamlashdagi roliga urg'u berdi.

“Muqimiy" teatrining gastrollari katta voqea bo’ldi, tomoshabinlar oqib kelayapti. Madaniyat, san’at, adabiyot, muloqot mamlakatlarni yaqinlashtiradi, xalqlarni jipslashtiradi, aloqalarni yanada kuchaytiradi”, - dedi u.

Tomonlar bunday madaniy aloqalar kelajakda ham davom etishiga umid qilmoqda.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG