O'zbekiston O'shdagi drama teatriga yordam ko'rsatadi


Chegara masalalarini muhokama qilish uchun Qirg’izistonga kelgan O’zbekiston hukumat delegatsiyasi Prezident Almazbek Atambayev va boshqa rasmiylar bilan uchrashgan. Atambayev ikki davlat o'rtasida do'stlik va qo'shnichilik aloqalari rivojlanib borayotganini qayd etgan.

Delegatsiya Bobur nomli O’sh O’zbek akademik drama teatrida ham bo’ldi. Mehmonlar jamoa hayoti va ijodiy jarayon bilan tanishdi.

O’zbekiston Bosh vaziri o’rinbosari Adham Ikromov ushbu o’lkaning Madaniyat vazirligi teatrga moddiy yordam ko’rsatishini ma’lum qildi.

Mahalliy san’atkorlar ikki mamlakat o’rtasida madaniy aloqalar tiklana boshlaganidan umidvor.

Teatr direktori Nabijon Mamajonovning aytishicha, rasmiy Toshkent vakillari madaniy aloqalarni rivojlantirish borasida konkret chora-tadbirlar xususida so’z yuritishdi. Jumladan, O’shdagi O’zbek akademik teatri uchun 50 ming AQSh dollari miqdorida mablag’ ajratilishi ma’lum qilindi.

Ijodiy aloqalarni taraqqiy ettirish masalalarini muhokama qilish uchun O’sh teatri rahbarlari O’zbekiston Madaniyat vazirligiga chorlandi.

“Avvalroq Pirimqul Qodirovning asari asosida “Bobur tug’yoni” spektaklini sahnalashtirishga kirishgan edik. Ushbu go’ya O’zbekiston Madaniyat vazirligi tomonidan taklif etilgan bo’lib, o’sha taraf mablag’ masalasini o’z zimmasiga oldi, kiyim-kechak, dekoratsiya ham Toshkentda tayyorlanadi”, - deydi Nabijon Mamajonov.

Ushbu spektaklni o’shlik ijodkorlar Andijon, Farg’ona, Namangan sahnalarida namoyish etishni rejalashtirmoqda.

Aytish joizki, Qirg’iziston ahli qo’shni davlat san’atkorlarining chiqishlarini ko’pdan beri qo’msaydi.

“Biz ularni kutib olishga tayyormiz. O’ylaymanki, tashkiliy masalalarni yechish muammo bo’lmaydi. Qanday savol bo’lsa, muloqot paytida hal qilinadi. Muhimi - yo’l ochildi”, - deydi suhbatdosh.

Ikki qo’shni o’lka munosabatlari o’tgan yil kuzda faollasha boshlagan bo’lib, tomonlarning yirik delegatsiyalari avval Andijonga, keyin O’shga safar qilgan edi. O’zbekiston bosh vazirining o’rinbosari Adham Ikromov ushbu muloqotlarni turli jabhalarda hamkorlikni keng rivojlantirish uchun yaxshi zamin, deya ta’riflagan edi.

XS
SM
MD
LG