Breaking News

O’zbek muxolifati AQSh-O’zbekiston hamkorligining yangi davri Karimov paytidagi xatolarga asoslanishidan xavotirda. "AQShga rasmiy safari davomida siyosiy islohotlar haqida bayonot bermagan janob Mirziyoyevdan o’zgarishlar kutish qiyin ko’rinadi", - deb hisoblaydi muxolifat yetakchisi Muhammad Solih.

Mirziyoyevning Amerikaga safari, huquq va islohotlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:50 0:00

AQShga tashrifi davomida Prezident Donald Tramp bilan muzokaralar o’tkazgan Shavkat Mirziyoyev islohotlar yo’lida sodiqligini bildirdi, tomonlar o’rtasidagi mavjud strategik sheriklik bitimida yangi davr boshlanganiga doir qo’shma bayonot imzolandi.

Rasmiy muzokaralar jarayonida Tramp ham, Mirziyoyev ham jamoatchilik tomonidan kutilgan siyosiy islohotlarga doir biror ochiq bayonot qilishgani yo’q.

Turkiyada siyosiy qochqinlikda yashayotgan o’zbek muxolifati yetakchisi, "Erk" demokratik partiyasi rahbari Muhammad Solihga ko’ra, Amerikaga tashrif Mirziyoyevni jamoatchilikka siyosiy islohotlarga qodir lider sifatida ko’rsatuvchi yaxshi imkoniyat edi, ammo O’zbekiston rahbari bundan foydalanmadi.

“Mirziyoyev AQShga safari davomida siyosiy islohotlar haqida gapirishga jur’at topmagan ekan, uning boshqa bir joyda siyosiy islohotlar haqida gapirishini kutish juda qiyin. Men shaxsan, u AQSh safarida qisman bo’lsa-da shunday bayonot qiladi deb kutgan edim, afsuski, hech narsa deyilmadi, bu xavotirli”, - deydi Solih.

Vashington-Toshkent hamkorligida yangi davr boshlangani haqida ma’lumot tarqatgan O’zbekiston prezidenti matbuot xizmatiga ko’ra, Mirziyoyevning inson huquqlari bo’yicha amalga oshirayotgan islohotlari Prezident Tramp tomonidan mamnuniyat bilan qarshilangan.

Mirziyoyev Trampga O’zbekistondagi islohotlar orqaga qaytmaslik xususiyatiga egaligi, diniy erkinlikni ta’minlash uchun “yo’l xaritasi” tatbiq etilayotgani haqida aytgan. Tomonlar Afg’oniston masalasida, xalqaro terrorizm, diniy ekstremizmga qarshi kurashda yaqindan hamkorlik qilishga kelishgan.

Kelishuvlar Karimov davrida erishilgan strategik sheriklik bitimidagi munosabatlarni ifodalaydi, siyosiy taranglik bois turg’unlashgan hamkorlik tiklanayotganini ko’rsatadi.

“Karimov 1999-yili Toshkentda kuzatilgan portlashlarni xalqaro jamoatchilikka, AQShga ham ekstremistlarni ishi deb ko’rsatishni uddasidan chiqdi. Bu o’yinga AQSh ham ko’ndi, islom fundamentalizmiga qarshi kurashayotgan davlat lideri bilan strategik hamkorlik bitimini imzoladi. Shu orqali Afg’onistondagi siyosatini qo’lladi, O’zbekistondan foydalandi. Bu vaziyat bugun ham o’zgargani yo’q, O’zbekistonni geosiyosiy qo’nimi o’z joyida. Faqat bir o’zgarish bor, bugun mintaqada Rossiyani, Xitoyni qudrati oshib bormoqda. Bunday vaziyatda Trampning inson huquqlariga, demokratik qadriyatlarga ko’z yumishiga sabab bo’lgan narsa yana o’sha geosiyosiy manfaatlar bo’lishi mumkin. Chunki munosabatlar qurilishida yangi bir o’lchamlar ko’rinayotgani yo’q”, - deb hisoblaydi Muhammad Solih.

Mirziyoyev safari davomida diqqatni iqtisodiy aloqalarga, mamlakatning mudofaa salohiyatini mustahkamlashga qaratdi. Besh milliard dollarga yaqin shartnomalar imzolandi. AQSh mudofaa vaziri bilan harbiy-texnik hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan muhokamalar o'tdi. AQSh O’zbekiston uchun mamlakat iqtisodiyotini yangilashdagi ustuvor hamkor.

“AQSh, G’arb tomonidan O’zbekiston rahbarining tan olinishi O’zbekiston xalqi uchun ham yaxshi, ammo asosiy masala AQSh O’zbekistondagi siyosiy islohotlarga turtki bo’la oladimi, yo’qmi? Bu uchrashuvlardan bunday xulosa qilish qiyin. Tramp Mirziyoyevni yaxshi qabul qildi, ammo yangi bir siyosiy islohotlar, inson huquqlarida keskin o’zgarishlar kutayotganiga ishora ham qilgani yo’q. Ehtimol yopiq eshiklar ortida muhokama borgandir, ammo shunisi aniqki, bu safar Karimov o’limidan keyin siyosiy o’zgarishlarni intiqlik bilan kutgan muxolifatga biror umid bermadi. Toshkent bizni AQSh qabul qildi, endi inson huquqlarini ha deb gapiravermasak ham bo’ladi degan xulosaga borishi haqidagi hadik ham bor”, - deydi Muhammad Solih.

O’zbekiston prezidenti matbuot xizmati Shavkat Mirziyoyev Toshkentga qaytgani, tarixiy deb baholangan AQSh safari o’ta samarali o’tgani, natijalari uzoq yillar xalq manfaatiga xizmat qilishi haqida xabar tarqatdi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG