Rustam Azimovning hukumat ishidan ketishi nimani anglatadi?


Rustam Azimov O'zbek-Turk biznes forumida, Istanbul, Turkiya

Rustam Azimov O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari lavozimidan ozod qilinib, «O‘zbekinvest» kompaniyasiga rahbar etib tayinlangan. Uning hokimiyatdan chetlatilishi Prezident Shavkat Mirziyoyevning to'liq g'alabasini anglatmaydi; Azimov kuch ishlatar tizimlar roziligi bilan qudratdan ketkazilgan, deydi kuzatuvchilar.

Rustam Azimov Islom Karimovdan keyin hokimiyatga da'vogar bo'lgan ikki qudratli shaxsdan biri sifatida ko'rilgan edi. Mirziyoyevning hokimiyatga kelishi Azimovning hukumat ishidan chetlatilishi bilan tugamoqda. Ammo bu O'zbekiston boshqaruvida guruhlar kurashi to'xtaganini bildirmaydi, Mirziyoyev hamon hokimiyatdagi boshqa guruhlar bilan hisoblashishga majbur, deydi "Amerika Ovozi" gaplashgan mahalliy ekspertlar.

Azimov O'zbekiston bosh vazirining birinchi o'rinbosari bo'lgan. Mirziyoyev saylanishi bilan uni birinchi o'rinbosarlikdan oddiy o'rinbosarlikka o'tkazdi. Oradan bir necha oy o'tib esa hukumatdagi vazifalardan butunlay ozod etildi.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov nazarida Mirziyoyev va Azimov o'rtasidagi kurash hali Karimov davridayoq ziddiyatli bo'lgan.

“Mening tasavvurimda Mirziyoyev va Azimovning siyosiy elita, atrofdagilarga munosabatida jiddiy farq bor. Azimov, asosan, vertikal aloqani ma'qul ko'rgan, ya'ni u faqat Karimovga hisobot bergan. Mirziyoyev esa to'g'ridan-to'g'ri Karimovga bo'ysunish bilan birga, ko'proq gorizontal, ya'ni o'z atrofidagilarni, siyosiy elitaning ko'nglini olishga harakat qilib kelgan. Aynan shuning uchun ham Karimov kasal bo'lib qolgach, hokimiyatda keyingi prezident Mirziyoyev bo'lishi kerak degan to'xtam yuzaga keldi. Mana ko'rayapmizki, Mirziyoyev prezidentlikka kelgach, Azimovni ketkazdi. Buning sababi O'zbekiston hokimiyatining taqsimotchisi sifatida nom qozongan kuch ishlatar tizimlari Mirziyoyevni qo'llar ekan, Azimovni hokimiyatdan ketkazish kerakligini shart qilib qo'ygan bo'lishi ham mumkin”, - deydi Rabbimov.

Azimov Karimov davridayoq uning o'rinini egallashi mumkin bo'lgan siyosiy voris sifatida ko'rilgan edi. Uzoq yillar iqtisodiyot va moliya sohalarini boshqargan. U tashqi siyosiy-iqtisodiy aloqalarda O'zbekistonni tamsil etib kelgan asosiy muzokarachi sifatida ham yaxshi tanish.

Tashqi iqtisodiy aloqalardagi muhim uchrashuvlarda Mirziyoyev emas, aynan Rustam Azimov ishtirok etishi ko'pchilikda Karimov aynan Azimovni o'ziga voris sifatida ko'rayotgani haqidagi qarashlarni ham rivojlantirgan edi.

Azimovning boshqa ishga o'tkazilishi ortidan ijtimoiy tarmoqlarda aynan liberal islohot tarafdorlari hokimiyatdan ketkazilayotgani haqidagi bahslarni uyg'otgan.

Kamoliddin Rabbimovga ko'ra, Azimovning liberal siyosatchi ekanligi haqidagi fikrlar haqiqatdan uzoq; u Karimov bilan til topishib kelgan va hukumatda eng uzoq o'tirgan kadrlardan biri.

“Rustam Azimovni negadir o'ta liberal qarashdagi iqtisodchi deb bilishadi. Karimov davrida liberal qarashdagi odamning hokimiyatda ishlashi mumkin emas edi. Bu nafaqat Azimovga, boshqalarga ham tegishli. Azimovning qadrlanishi ko'proq hududiy qarashlarga, mahalliychilik bilan bog'liq kayfiyatlar orqali yuzaga kelgan. Mirziyoyev endi nazarimda shu jihatlarni inobatga oladigan bo'lsa, keyingi paytda yetishib chiqqan haqiqatda liberal qarashdagi yosh iqtisodchilarni hokimiyatga olib kelishi kerak”, - deydi u.

Azimovning ishdan olinishi Mirziyoyevning unga qaratilgan davomli tanqidlaridan so'ng amalga oshmoqda. Prezident hukumatning yaqindagi majlisida ham Azimovni tanqid qildi. Banklarning samarasiz faoliyati yuzasidan o'tgan yig'ilishda Mirziyoyev nishonini unga qaratdi: “O'z vaqtida Toshkentda o'tirgan Azimovga o'xshaganlar pastga tushib ishlaganda bu narsalar bo'lmas edi”, - dedi.

O'zbekiston tashqi iqtisodiy aloqalarini, moliya va bank tizimini uzoq yillar boshqarib kelgan Azimovning ishdan olinishi hukumat faoliyatida qanday o'zgarishlar qilishi mumkin?

“Ayni paytda O'zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarda faqat Rustam Azimovni aybdor qilish kulgili bo'lardi, chunki mamlakatni uzoq yillar Karimov boshchiligidagi komanda boshqardi. Hozirgi og'ir vaziyat uchun aynan shu jamoa javobgar. Uning boshida tashqi va ichki munosabatlarni nazorat qilib turgan Karimov edi. Ijtimoiy-iqtosodiy sohada undan keyingi ikkinchi qudratli shaxs Bosh vazir Mirziyoyevning o'zi edi. Azimov tashqi moliyaviy markazlar, investitsiyalar uchun javob bergan, hukumatlararo, davlatlararo iqtisodiy hamkorlikdagi asosiy muzokarachi edi. Qayerda pul, iqtisodiy masala bo'lsa, Karimov Mirziyoyevni emas, Azimovni jo'natardi. Uning shu qobiliyati yangi hukumatga asqatishi kerak, degan mulohazalar bor edi, ammo ko'rayapmizki, o'zaro raqobat ustun chiqdi. Azimov o'yindan chiqishga shoshilmoqda yoki majbur bo'lmoqda”, - deydi Rabbimov.

Rustam Azimov hukumatga 1990-yillar boshida kelgan. Uzoq yillar banklar faoliyatini boshqargan, keyinchalik Moliya vaziri, Bosh vazirning o'rinbosari bo'lib ishlagan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG