Breaking News

Xalqaro tashkilot: O'zbekiston korrupsiyaga botgan davlat


O'zbekiston 157-o'rinda
O'zbekiston 157-o'rinda

"Transparency International" tashkiloti e’lon qilgan yangi hisobotda O‘zbekiston yana oxirgi o'rinlardan birini egalladi. Mamlakat 180 davlatdan iborat ro‘yxatning 157-pog‘onasidan joy olgan.

Noldan 100 ballgacha bo'lgan baholash tizimida baho qancha past berilgan bo'lsa, o'sha mamlakatda korrupsiya darajasi shuncha yuqori hisoblanadi.

“Korrupsiyani qabul qilish indeksi” deb nomlangan hisobotda, ekspertlar tomonidan oligarxik-avtoritar davlat deb ta’riflangan O‘zbekistonga 22 ball berilgan. O'tgan yilga nisbatan baho bir ballga oshgan, xolos.

Ayni tashkilotning 2016-yilgi vaziyatga oid hisobotida O‘zbekiston 176 davlat orasida 156-o‘ringa qo‘yilgan va Markaziy Osiyoning eng korrupsiyalashgan davlati deb topilgan edi.

Bu yilgi hisobotga ko‘ra, mintaqaning korrupsiyaga eng ko'p botgan davlati deb Turkmaniston topilgan. U ro‘yxatning 167-pog‘onasiga qo‘yildi.

2017-yilgi kuzatuvlarga ko‘ra, korrupsiya nisbatan kam deb baholangan mintaqa davlati Qozog‘iston bo‘lib chiqdi. U122 o‘rinda.

Qirg‘iziston ro‘yxatning 135, Tojikiston esa 161-pog‘onasidan joy olgan.

Ro‘yxatning birinchi uchligini egallagan, ya'ni korrupsiya eng kam bo'lgan davlatlar - Yangi Zelandiya¸ Daniya va Finlyandiya.

Mintaqalar orasida korrupsiyadan eng xoli hudud deb G'arbiy Yevropa topilgan (o'rtacha baho 66). Eng yomon ko'rsatkich Afrikaning Sahro mintaqasida (o'rtacha 32 ball) hamda Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda (o'rtacha 34 ball).

Jurnalistlar eng kam himoyalangan davlatlar ayni paytda korrupsiya eng ko'p tarqalgan hududlar ekani aniqlangan.

Dunyodagi mamlakatlarning yarmidan ko'pida avvalgi yillarga qaraganda ahvol o'zgarmagan yoki yomonlashgan.

2017-yil 2-fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev 2017−2018-yillarda Korrupsiyaga qarshi kurash Davlat dasturini tasdiqlagan bo‘lsa-da, hozircha mamlakatda bu dastur doirasida qilingan ishlar haqida jamoatchilikka hisobot berilgan emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG