Breaking News

O'zbek boylari vatanga sarmoya qiladimi?


Prezident Shavkat Mirziyoyev o'zbek boylari va tadbirkorlariga tegishli xorijdagi mablag'ni vatanga qaytarishga chaqirmoqda. Prezident ta’kidlashicha, oldingi davr tugadi, bo’lgan ish bo’ldi; o’z mablag’ini O’zbekistonga ko’chirgan boylar tekshirilmaydi, chunki ish o’rinlari yaratilishi kerak. Bu bayonot Islom Karimov davridan qolgan O’zbekistonda oligarxlar bo'lmasligiga oid norasmiy taqiqni bekor qiladi.

O'zbek boylari Prezident Mirziyoyevga quloq tutarmikan?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:25 0:00

Xorijdagi o’zbek boyligi, deydi kuzatuvchilar, O’zbekistondan o’marilib chetga chiqarilgan mulkdir.

Mirziyoyev kimlarni nishonga olmoqda? Bu savolga hozircha aniq javob yo’q.

Karimovga ko'ra O’zbekistonda oligarxlar ham, qashshoqlar ham bo’lmasligi kerak edi.

Prezident Mirziyoyev Toshkent viloyati bo'ylab qilgan safari chog'ida farovonlik talablari haqida so'zladi.

“Hozir bir-ikki tadbirkorning puli chetda. Men nima uchun baralla aytayapman: hamma eshitsin! O’zbekistonga pulini qo’ygan birorta odamni tekshirtirmayman. Olib kelinglar pullaringni. Qo’yinglar... Korxona, zavod quringlar, klaster qilinglar. Necha million qilsanglar ham, bo’ldi, u davr tugadi, endi. Bo’lgan ish bo’lib o’tdi. Olib kelinglar pullaringni, millatimizni ish bilan ta’minlaylik”, - dedi prezident.

Ismi dunyo miqyosida qayd etilgan taniqli o’zbek boylari - rossiyalik millarder Alisher Usmonov, Belgiya fuqaroligini olgan Fattoh Shodiyev hokimiyat almashishi ortidan O’zbekistonda faoliyat boshlashgan. Alisher Usmonov Buxoroda sayyohlik majmuasi qurilishi bilan, Fattoh Shodiyev Bekoboddagi metallurgiya zavodi modernizasiyasi bilan shug’ullanayotgani haqida ma’lumotlar bor.

Mirziyoyevning hozirgi bayonoti Karimov davrida norasmiy taqiqqa uchrab, biznesini xorijga ko’chiriganlarga yoki biznesini xorijda tiklagan o’zbeklarga, shuningdek, o’zbekistonliklarning korrupsiyaga oid jinoyatlar tufayli xorijda muzlatilgan mablag’lariga ham qaratilayotgandek.

O’zbekistonda ishlab boy bo`lganlar asosan hukumat doirasiga kiruvchi tor guruhdan iborat qatlamdir. Ularga tegishli mablag’ ham asosan chet elda.

Bu guruhning eng nom qozongan vakillaridan biri ayni paytda uy qamog’iga hukm qilingan Gulnora Karimovadir. Uning otasi prezidentligi davrida korrupsiyada ayblanib sudga tortilishi mamlakat tarixidagi eng shov-shuvli voqealardan biriga aylandi. O’zbekistonga bu jinoiy ish qo’zg’atilish Yevropa banklarida muzlatilgan bu pullarni qaytarish harakatida, ammo hozircha natijasiz.

O’zbekistonda xorijda tadbirkorlik qilib boyiganlar ham, mamlakatdagi korrupsiya tufayli mo’may daromad topayotganlar ham kam emas. O’zbek boylarining aksariyatini so`nggi qatlam, hukumat doirasiga yaqin guruhlar tashkil qiladi.

Bu masalani o'rgangan o’zbek faollaridan biri Safar Bekjon tahlilicha, xorijdagi o'zbek kapitali asosan hukumatga yaqin doiraga tegishli.

“O’zbekistonni tark etgan, o’zi bilan mablag’ olib chiqqan boylar kam, masalan G'ofur Rahimovga o’xshaganlar. Xorijda saqlanayotgan mablag’ning asosiy qismi bugun ham O’zbekistonni o’marishda davom etayotgan amaldorlar guruhiga tegishli. Masalan, sobiq prokuror Rashid Qodirov Litvaga ko’chib kelgan, u ham katta pul olib chiqqan. Karimovning jiyani Akbarali Abdullayev... U ham yikir pul o’margan. Bu toifadagi guruh bevosita O’zbekison bilan bog’liq. Shu bilan bir qatorda hukumat bilan biror bog’liq joyi bo’lmagan va Rossiya, Qozog’iston, Angliya kabi boshqa joylarda yurib boyib ketgan o’zbeklar toifasi ham bor. Bu odamlar O’zbekistonga kirishga shoshayogani yo’q, hatto Alisher Usmonov ham O’zbekistonda asosan xayriya loyihlarini amalga oshirmoqda. Ammo mablag’ yotqizib, biror zavod qurish qudratiga ega”, - deydi Safar Bekjon.

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan boshlab tadbirkorlarga imtiyozlar berish, sharoitlar yaratish zarurligini takrorlab keladi. Toshkent viloyatidagi uchrashuvda ham prezident shunga diqqat qaratdi. Tadbirkorlar ish o’rinlari yaratishiga umid bildirdi, ammo bu borada hamon mahalliy buyruqbozlik darajasidagi to’siqlar mavjudligini ham e’tirof etdi.

Safar Bekjon nazarida prezident bayonoti ortidan o’zbek boylarini, mablag’larining ham mamlakatga qaytishini kutish qiyin, chunki siyosiy islohatlarsiz real iqtisodiy o’zgarishlar bo'lmaydi.

“Hatto Mirziyoyevning o’zi ham kechagi chiqishida aytdi: tadbirkorlar menga bir ishonib, bir ishonmay qolyapti, deb. O’zbekistondagi o’zgarishlar faqat Mirziyoyevning gapi bilan bo’lmaydi, butun jamiyat o’zgarishi kerak. Buning uchun siyosiy, moliyaviy, iqtisodiy islohotlar kerak. Konvertatsiya hamon oxirigacha ochilmadi. O’zbekistonda tarozining bir tomoni - prezident ma’muriyati reformator bo’lishi, ammo iqtisod ustidan nazoratni ushlab turgan ikkinchi tomon faqat qarsakbozlik qilayotgan bo’lishi mumkin. Yirik tadbirkorlarga nisbatan ta’magirlik to’xtamagan. Bunga sabab prezidentning o’zi shu tizimdan chiqqanidir, atrofidagilar unga Karimov davridagi Bosh vazir sifatida qarashmoqda”, - degan fikrda Safar Bekjon.

Xalqaro nashrlarda tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilayotgan qulayliklar borasida O’zbekistonning dunyo miqyosidagi ko’rsatkichlari so’nggi bir yil ichida sezilarli darajada yaxshilangani qayd etiladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG