"Mirziyoyev matbuotga erkinlik berish kerakligini tushunib yetsa kerak"


O'zbek matbuotidagi oliy mukofot - "Oltin qalam"ga nisbatan jurnalistlarning noroziligi kuchaygan. Mukofot tashkilotchilarning shaxsiy tomorqasiga aylantirilgani, g'oliblik muammolarni ko'targan jurnalistlarga emas, ularni payqamayotgan jurnalistlarga nasib etayotgani tanqid ostida.

Xalqaro so'z erkinligi kuni 3-may munosabati bilan Toshkentda o'tgan tadbirdan so'ng uyg'ongan bu norozilik o'zbek matbuotida siljishlar kuzatilayotganidan dalolat sifatida ko'rilmoqda.

"Oltin qalam" joriy etilganiga ancha yillar bo'ldi. Bu mukofot bilan faqat hukumatni olqishlab kelgan jurnalistlar taqdirlanishiga jamoatchilik ko'nikib ham qolgan edi.

Bu yilgi g'oliblarini aniqlashda ham avvalgi an'analardan deyarli voz kechilmagan, ammo tashkilotchilarning tanqidga uchrashi avval kuzatilmagan hodisa.

O'zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasiga ko'ra, tanlovda 500 dan ortiq jurnalistning 10 mingga yaqin ishlari ko'rib chiqilgan. Bosh mukofotga "Tafakkur" jurnali loyiq ko'rilgan. Bundan tashqari televideniye, radio, matbuot va internetdagi eng yaxshi maqolalar bo'yicha ham g'oliblar aniqlangan.
Bu yo'nalishda birinchi o'rinlarga O'zbekiston teleradiokompaniyasi, "O'zbekiston adabiyoti va san'ati", O'zbekiston axborot agentligi xodimlari loyiq ko'rilgan.

G'oliblarning bu tariqa saralanishiga nisbatan tanqid so'nggi paytda biroz faollashgan internet saytlari, o'zbek bloggerlari tomonidan bildirilmoqda.
"Qulagan devorni suvash" - "Oltin qalam" mukofoti kimlarga va nima uchun berilmoqda?", deb savol qo'yiladi "Kun.uz" nashridagi maqolada. Ammo "qulagan devor" deb aynan nima nazarda tutilayotganiga aniqlik kiritilmaydi.

Ayrim bloggerlar mukofotni taqsimlash shaxsiy tomorqaga aylantirilgani haqida yozishayotgan bo'lsa, boshqa bir maqolada saralash mantiqsiz o'tkazilgani, yuborilgan maqolalarning ayrimlari hatto o'qib ko'rilmagani haqida gap boradi.

"Oltin qalam" O'zbekistonda 2000-yillarda tasis etilgan. G'oliblar bosh mukofotdan tashqari eng kam oylik maoshining yuz barobarida moddiy yordam ham oladi. Bu mukofot bilan hukumat siyosatini olqishlab kelgan o'nlab jurnalistlar taqdirlangan bo'lsa-da, hozirgacha hech kimning e'tiroziga sabab bo'lmayotgan edi.

Ta'kidlash joiz, bu o'zgarishlar mamlakatda hokimiyat almashishi, Prezident Shavkat Mirziyoyevning matbuotni faollikka chorlovchi bayonotlari ortidan kuzatilmoqda. "Oltin qalam" yangi hokimiyat davrida birinchi bor ulashilmoqda.
Prezidentning davlat televideniyasini keskin tanqid qilishi ommaviy axborot vositalarini biroz jonlantirgani kuzatiladi. Televideniyedagi matbuot haqidagi ko'rsatuvda tanqidlar yo'qligi, odamlar matbuotga ishonmay qo'ygani ochiq aytilsa-da, buning matbuotdagi vaziyatga biror ta'sir o'tkazgani sezilmaydi.

Adabiyotshunos olim Baxtiyor Isabek fikricha, siljish bor, ammo buni o'zgarish deyish qiyin. Karimov siyosatini ulug'laganlar bugun yangi hokimiyatni olqishlamoqda.

"Vaqtida Karimovni maqtab qanday kun ko'rishgan bo'lsa, yana xuddi shu yo'ldan ketayotganlar bor - shular chiqa boshlagan, shoir, yozuvchilar. Mayli, shunga qaramasdan, har holda boshqacha fikrlash mumkin ekanligi ham ko'rsatilmoqda. Mayli, ohang o'zgarmagan bo'lsa ham, chunki avval inkubatorga aylanib qolgan edik. Hozir men uni (prezidentni) qoralamoqchi emasman, har holda baribir matbuotga erkinlik berish kerakligini tushunib yetsa kerak", - deydi Isabek.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan jurnalist Qudrat Bobojonga ko'ra, so'nggi o'zgarishlar asosan internet nashrlariga tegishli, rasmiy matbuotdagi holat avvalgidek. Karimov davrida senzorlik faoliyatini bajarib kelgan bosh muharrirlar endi yangi hokimiyatga sadoqat ko'rsatishmoqda.

"Hozir hammani balchiqda, Mirziyoyevni esa oppoq qushdek ko'rsatishga urinish bordek tuyuladi, jumladan matbuotda ham. Masalan, u hokimlarni ur desa, matbuot hokimlarni uradi, tovuq boq desa, tovuqlar haqida yozishadi. Ammo bugunga kelib, odamlar tovuqlarni qaytarib berayotgani, olingan kreditlarni qaytarishda muammoga uchrayotganini hech kim yozayotgani yo'q. Militsiyaning fuqarolik jamiyati faollariga nisbatan tazyiqlari davom etayapti, sudlar avvalgidek ishlayapti, bunga hech kim diqqat qilayotgani yo'q", - deydi Bobojon.

O'zbekiston xalqaro hisobotlarda matbuot erkinligi keskin bo'g'ilgan davlatlar qatoridan muqaddam o'rin egallab keladi. Chegara bilmas muxbirlar tashkilotining yaqindagi hisobotida hukumat so'z erkinligi keskin cheklashda davom etayotgani qayd qilindi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG