Breaking News

O'zbekiston tashqi ishlar vaziri fuqarolar bilan muloqot o'tkazmoqchi


O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov
O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov

Faollar xorijdagi millionlab o`zbekistonliklar, ayniqsa, mehnat muhojirlari elchixonalar faoliyatidan noroziligi, ular elchixonalarda himoyaga emas, tahdidga yo`liqishi haqida gapirib keladi. O`zbekistonliklar nafaqat konsulliklar, balki Abdulaziz Komilov rahbar Tashqi ishlar vazirligining ham xorijdagi o`zbeklarga doir bayonot bilan chiqqanini hali kuzatishmagan. Tashqi ishlar vazirining fuqarolar bilan ochiq muloqot o'tkazishga qaror qilgani ko'pchilikni ajablantirdi. Bu muloqot vaziyatni o`zgartirishi mumkinligiga umidlar bor.

Abdulaziz Komilov fuqarolar bilan muloqot qiladi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:30 0:00

Aholisining bir necha millioni xorij davlatlarida mehnat muhojiri sifatida yashashi aytiladigan O`zbekistonda Tashqi ishlar vazirligining xalq bilan bevosita muloqotga chiqayotgani diqqatli hodisa.

Vazirlikka ko`ra, fuqarolar bilan muloqot o'tkazish tashabbusi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan e`lon qilingan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da belgilangan topshiriqlar doirasida amalga oshirilmoqda.

Mirziyoyev tomonidan avval faoliyati tanqid qilib o`tilgan idoralar qatorida Tashqi ishlar vazirligi ham bor edi. Abdulaziz Komilov yaqinda parlamentda qilgan chiqishida vazirlik faoliyati haqida hisobot berib, ishga mas`uliyatsiz yondashgan ayrim elchilar o`z vazifasidan ozod qilingani haqida gapirdi, ammo bu elchilar kimligi, qaysi davlatda ishlaganini jamoatchilikka bildirishni lozim topmadi.

O`zbekistonning xorijdagi elchliklari, konsulliklari faoliyatidan haqiqatda qoniqishda bo`lgan fuqarolarni topish ancha qiyin, ammo norozilar juda ko`p. Ayniqsa, bir yarim milliondan oshiq o`zbek muhojirlari mehnat qilayotgan Rossiyada, hatto qo`shni Qozog`iston, Tojikiston, Qirg`izistondagi vakilliklar ham tanqiddan xoli emas.

Bir necha yillardan buyon Rossiyada ishlab kelayotgan huquq himoyachisi Bahrom Hamroyev O`zbekistonda hokimiyat almashishidan so'ng ham Moskvadagi elchixona, konsulliklar faoliyatida biror o`zgarish kuzatilmaganini qayd etadi. Unga ko`ra, O`zbekiston elchiligi millionlab muhojirlar taqdiriga hamon befarq, mehnat muhojirlari elchixonaga borib uchrashishdan, himoya so`rashdan qo`rqadi.

“Bir muammoga uchragan, hujjat yo`qotgan fuqarolar ham borishga qo`rqadi, vositachilarni ishga soladi, pul beradi, shuncha ishi hal bo`lmaydi. Urush davom etyotgan Afg`oniston elchixonasiga ham odamlar bemalol kirib chiqib ishini hal qiladi. Men haligacha elchixonadan biror bir chinovnik bu mening xalqim, bu mening millatim deb, hatto bilvosita gapirganini ham eshitmadim. O`zbek xalqi, millatining pulini yeb yurgan elchiliklar ularning muammosini yechish bilan emas, ularga muammo yaratish bilan band. Men hali elchixona faoliyatidan rozi bo'lgan birorta muhojirni uchratmadim, aksincha, bir dushman tomondek qabul qilinadi. Agar faqat elchixonaga xizmat qilib, uning atrofida yurgan trollarni inobatga olmasak. Hatto Rossiya fuqaroligini qabul qilgan o`zbekistonliklar ham tahdiddan xoli emas, hammaga ekstremistdek qarashadi”, - deydi u.

Huquq himoyachisiga ko`ra, fuqarolar bilan ochiq muloqotni tashkil etayotgan O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi millionlab o`zbekistonliklarni qiynab kelayotgan bir muammoga diqqat qaratishi kerak.

“Mehnat muhojirining vataniga bir borib kelishi 600-700 dollarga tushadi, ko`pchilik shuning uchun vataniga bormagan. Ammo kimdir bir yildan uzoq vataniga bormasa mahalla tomonidan, militsiya tomonidan surishtirila boshlanadi. Ya'ni mehnat muhojirining uyiga militsiya kelib, uni surishtiradi, bu degani, u qora ro'yxatga tushdi degani, buni tajriba ko`rsatayapti. Mana hozir shu ro`yxat bo`yicha hibsga olingan o`zbekistonliklarning ishini o`rganib yuribman. Ular bizga har yili borib kelish foydali emas, yaxshisi shu yerdan ishlab, pul jo`natib turganimiz ma`qul deyishayapti ”, - deydi Hamroyev.

Muhojirlikda yashayotgan yana bir huquq himoyachi Bahodir Namozov ham xorijdagi mehnat muhojirlari bilan ishlagan. Uning aytishicha, O`zbekistonning xorijdagi elchixonalari, avvalo, o`z fuqarolariga nisbatan munosabat madaniyatini tiklashi kerak.

“Moskvada tarjimonlik bilan shug'ullangan edim, ya'ni bir sabab bilan politsiyaga tushgan mehnat muhojirlariga tarjimonlik qildim. Nafaqat muhojirlar, hatto politsiya xodimlari O`zbekiston elchixonasining o`z fuqarolari taqdiriga bo`lgan befarqligidan hayratda edi. Politsiyaning aytishicha, ular har bir jinoyat yuzasidan elchixonalarga murojaat qilishadi, bunday murojaatlarga faqat bizning elchixonamiz hech qanday munosabat bildirmas ekan. Bundan tashqari, elchixonaga murojaat qilayotgan mehnat muhojirlariga munosabatni oling. Bunday bepisandlikni ko`rgan muhojir qanday qilib o`zini himoyalangan his qilishi mumkin? Elchixonlarni qo`ying, Tashqi ishlar vazirligining o`zi millionlab muhojirlar taqdiri yuzasidan biror xavotir bildirdimi? Ularga dangasalar tamg`asi yopishtirilgan bir paytda munosabat boshqacha bo`lishini kutish qiyin edi, ehtimol endi vaziyat o`zgarar”, - deydi Namozov.

O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bergan e`longa ko`ra, fuqarolarning vazir Abdulaziz Komilovga murojaatlari matn, audio va vodeotasvir shaklida ham jo`natilishi mumkin. Savollar va murojaatlar bugundan boshlab vazirlikning elektron pochtasi, ijtimoy tarmoqdagi sahfalari orqali qabul qilinmoqda.

5- iyul kuni Abdulaziz Komilov ishtirokida Toshkentda rejalangan videokonferensiyada O`zbekistonning xorijdagi elchilari, konsullari ham ishtirok etishadi.

Tashqi ishlar vazirligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilish imkoniga ega bo‘lmagan O‘zbekiston fuqarolari matn, audio va video ko‘rinishdagi o‘z savollarini http://www.mfa.uz/uz/interactive/treatment/appeal_minister/ manzili orqali vazirning virtual qabulxonasiga, muloqot@tiv.uz rasmiy elektron manziliga, shuningdek, TIVning “Facebook”dagi rasmiy sahifasiga (https://www.facebook.com/MFAUZB)
va “Telegram”dagi profilga (https://t.me/muloqotTIV)
oldindan jo‘natishlari mumkin.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG