Muhammad Bekjon 18 yillik qamoqdan so'ng ozod


18 yillik siyosiy mahkum, jurnalist Muhammad Bekjon jazo muddatini o'tab bo'lishi munosabati bilan ozodlikka chiqqan. U 22-fevral kuni Zarafshondagi qamoqxonadan qo'yib yuborilgan.

63 yoshli Muhammad Bekjon o'z kasbiy faoliyati uchun eng uzoq muddatga jazoga tortilgan jurnalist. Faollarga ko'ra, uning ozod etilishi hukumat muruvvati bilan emas, qamoq muddati o'tab bo'lingani bilan bog'liq.

Muhammad Bekjon ozodligi AQSh hukumati va xalqaro jamoatchilik tomonidan talab qilib kelinayotgan siyosiy mahbuslardan biri edi.

Dastlab 1999-yilda Toshkentda kuzatilgan portlashlarda aloqadorlik aybi bilan qamalgan jurnalist muddati tugashi arafasida, 2011-yilning fevralida, qo'shimcha jazoga hukm qilingan.

Muxolifatdagi "Erk" gazetasining bosh muharriri bo'lgan panjra ortida bo'lsa-da, so'z erkinligi bo'yicha bir nechta xalqaro mukofotlarga sazovor bo'lgan.

Markazi Osiyo inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Atayeva deydiki, Bekjonning taqdiri yuzasidan xalqaro jamoatchilik, xususan AQSh hukumati muntazam xavotir bildirib kelgan.

"Mening tushunishimcha bu yerda hukumat biror muruvvat ko'rsatgani haqida gapirish qiyin. U belgilangan muddatni so'nggi kunigacha o'tab chiqdi. Biz hozir u qanday shartlarga ko'ra ozod etilganini aniqlayapmiz. Uning oilasi AQShda yashaydi, O'zbekistondagi uyi musodara qilingan. U o'z oilasi bag'riga qaytishi, yaqinlari bilan ko'rishishi mumkinmi, yo'qmi, umuman bu jarayon qanday kechadi, bilmaymiz", - deydi Atayeva.

Bekjonning hamkasbi Qudrat Bobojon so'zlariga ko'ra, uning mamlakatda ilk mustaqil matbuot paydo bo'lishidagi xizmati katta.

"Muhammad Bekjonni "Erk" gazetasining ilk sonlari chiqa boshlaganidan bilaman, birga ishlaganmiz. U har doim izchil, fidoyi jurnalist ekanligini namoyon etib kelgan. O'zbekistonda birinchi muxolif matbuot paydo bo'lishida uning xizmati katta. Shuning uchun va aynan muxolifat lideri Muhammad Solihning ukasi b'lgani uchun 18 yil qamoqda o'tirdi. Uning ozodlikka chiqishi muhim voqea, bundan xursandmiz. Qamoqda yana ko'plab jurnalistlar,hamkasblarimiz qolmoqda, ularning taqdirini unutmaslik uchun jamoatchilik o'z harakatini susaytirmasligi kerak", - deydi Qudrat Bobojon.

Muhammad Bekjon siyosiy muxolifatda bo'lgani uchun uzoq yillardan buyon qamoqda qolayotgan, mamlakatda hokimiyat almashishi ortidan ozodlikka chiqqan siyosiy mahbuslardan navbatdagisi bo'ldi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG