"Chegara bilmas muxbirlar" O'zbekiston rahbariga maktub yozdi


"Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ochiq xat bilan murojaat qilgan. Qamoqda qolayotgan jurnalistlar ozod qilinishi so'ralgan bu maktubga Mirziyoyevninig prezidentlik qasamyodi, xususan huquq va erkinliklarni kafolatlash va'dasi turtki bo'lgan.

O'zbekistonning yangi prezidenti hozircha matbuotga, jurnalistlar faoliyatiga doir aniq bir pozitsiya bildirmadi, ammo yangi hokimiyatdagi ayrim rasmiylar o'zbek matbuoti, jurnalistikasiga oid vaziyat qoniqarli emasligi haqida bayonotlar qilishgan.

Shavkat Mirziyoyev matbuot va internet dushmani sifatida qayd etib kelingan sanoqli dunyo liderlaridan biri Islom Karimovning vorisi sifatida hokimiyatga keldi.

O'zbekistonning yangi lideri bu qora ro'yxatni tark etishga urinadimi, yo'qmi, noma'lum. Mirziyoyevga hozircha faqat umid ko'zi bilan qaralmoqda.

"Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo'limi rahbari Yoxan Birga ko'ra, Mirziyoyevning qasamyod marosimidagi chiqishi, xususan erkinliklarni kafolatlash va'dasi umidli ko'rinadi.

“O'zbekistonda hokimiyat almashishi ortidan o'zgarishlar bo'layotgani haqida turli munozaralar mavjud. Lekin masalaga aynan so'z va matbuot erkinligi yuzasidan qaraydigan bo'lsak, afsuski, aniq bir o'zgarishlarni kuzatmadik. Aksincha, yaqinda jurnalist Muhammad Bekjonni jazo izolyatoriga solinishi xavotirlarni yanada kuchaytirdi”, - deydi u.

Suhbatdoshga ko'ra, O'zbekiston prezidentiga ochiq xat qasamyod marosimidan so'ng 15-dekabr kuni yozilgan, ammo orada Muhammad Bekjon tadiriga doir xavotirli xabarning paydo bo'lishi ortidan murojaat prezident qabulxonasigakechroq jo'natilgan.

Tashkilot o'z murojaatida Mirziyoyev xalqining mustaqil matbuotga, erkin axborot olish imkoniyatiga, to'siqsiz internetga ega bo'lishi uchun zarur islohotlar boshlashiga kuchli umid bildiradi.

Ochiq xatda dunyodagi matbuot erkinligiga oid vaziyat bo'yicha O'zbekiston band etib turgan ko'rsatkich eslatib o'tiladi. Tashkilotning 180 davlatdagi vaziyat o'rganilgan 2016- yilga doir yakuniy hisobotida O'zbekiston so'z erkinligi bo'yicha 166-o'rinda qayd etilgan.

Yoxan Birga ko'ra, O'zbekistonda 10 ga yaqin juranlist hamon qamoqda. Ikkisi - Muhammad Bekjon va Yusuf Ro'zimurodov - dunyo bo'yicha eng uzoq muddat jazo o'tayotgan jurnalistlar.

4-dekabr kuni o'tgan prezidentlik saylovlarida mutlaq g'alabaga erishgan Shavkat Mirziyoyev islohotlarni amalga oshirish, boshqaruv tizimida o'zgarishlar qilish, xalq bilan muloqotga kirishishga va'da bergan.

Ammo u hozirgacha inson huquqlari, matbuot erkinligi sohasida qanday islohotlar kutilayotgani haqida aniq gapirmadi. Karimov davrida O'zbekistondan chiqib ketishga majbur bo'lgan ko'plab jurnalistlar so'z erkinligini chetlab o'tayotgan islohotlardan natija bo'lishiga shubha bilan qarashadi:

“Men jurnalistman, shuni bilaman. Mamlakatda har qanday islohotlar qilinsin, lekin matbuotga erkinlik berilmas ekan, natija kutib bo'lmaydi. Qachonki matbuot muammolar haqida yozishni boshlasa, odamlar qo'rqmasdan gapira olsa, shunda haqiqiy o'zgarish bo'lishi mumkin. Ungacha Mirziyoyevning o'zgarishlari natijasiz qoladi. To'g'ri, hozir jamiyat yangi qurilayapti, ammo bu qurilish poydevordan, so'z erkinligidanboshlanayotgani yo'q”, - deydi siyosiy muhojirlikda yashayotgan jurnalist Ulug'bek Haydarov.

So'nggi ma'lumotlarga ko'ra, O'zbekiston rasmiylaridan biri Sodiq Safoyev Toshkentda o'tgan anjumanda o'zbek matbuoti, jurnalistikasini yangi darajaga ko'tarish zaruriyati haqida gapirgan.

Demokratik qarashlari bilan tanilayotgan sobiq tashqi ishlar vaziri Sodiq Safoyev Oliy Majlisning dekabrdagi yig'inida parlamentda qayta tashkil etilgan xalqaro munosabatlar Qo'mitasi rahbarligiga, Senat raisini birinchi o'rinbosari lavozimiga saylangan edi.

Safoyevning milliy jurnalistikani yangi darajaga ko'tarish zarurligi haqidagi bu fikrlari mamlakatda hokimiyat o'zgarishidan so'ng rasmiylar tomonidan matbuotga doir qilinayotgan ilk bayonotdir.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG