Breaking News

O'zbekistonda yangi partiya - nima foyda?


Mavjud partiyalarning birortasi hukumatga muxolif emas va davlat rahbarini qo’llab-quvvatlashni asosiy vazifasi deb ko’radi. Yangi partiya ham bundan mustasno emas.

O’zbekistondagi rasmiy partiyalar soni yana bittaga ko’paydi, ammo bu partiya ham siyosiy raqobatni shakllantirish maqsadidan yiroq ko'rinadi.

O'zbekistonga yana bir tishsiz partiya kerakmidi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:47 0:00

Yangi partiya negizidagi O’zbekiston Ekologik harakati 2008-yilda o'sha paytdagi rahbar Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil qilingan. Uning 15 nafar vakili saylovlarsiz parlament tarkibiga kiritilgan edi.

Bu davr davomida Ekologik harakat ham, boshqa mavjud rasmiy partiyalar kabi, siyosiy maydonda biror farqli bayonot bilan ko’zga tashlanmagan. Harakatning Ekologik partiyaga aylanishi mamlakatdagi siyosiy vaziyatda biror o’zgarish qiladimi, yo’qmi, bu mavhum.

Ammo bu partiya - Shavkat Mirziyoyev boshqaruvi davrida yuzaga chiqayotgan dastlabki siyosiy tashkilot. Partiya dekabrda kutilayotgan parlament saylovlari arafasida tashkil etilayotgani ham diqqatli.

Amaldagi qonunchilikka ko’ra, parlament saylovlarida faqat rasmiy partiyalardan nomzodlar qatnashishi mumkin, shu ma’noda O’zbekiston Ekologik partiyasi kutilayotgan saylovda ishtirok etishiga ruxsat berilgan yangi partiya bo’ladi.

Ammo bu ishtirok siyosiy raqobat bo’lishidan darak emas. Ekologik partiya rasmiy veb sahifasida prezidentning tanqidlari ortidan tashkil etilayotgani, Prezident Mirziyoyev ekologik xavfsizlik, suv va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni asosiy vazifalar sifatida belgilagani alohida ta’kidlanadi.

O’zbekistonga qaytish umididagi muxolifatchilar mamlakatda hukumat topshirig’iga ko’ra yana bir siyosiy partiya tuzilganini Karimov davrida demokratik “raqobat”ni ko’rsatish uchun qo’llanilgan soxtalikka o’xshatishadi.

Xorijdagi o’zbek muxolifati faollaridan biri Namoz Normo’minga ko’ra, siyosiy erkinlik bo’lmagan muhitda yangi bir siyosiy partiya tuzishdan foyda yo’q.

“O’zbekiston Karimov davrida ham rasmiy partiyalarsiz qolmagan, hozir amaldagi to’rtta rasmiy partiya yoniga beshinchisi qo’shiladi. Mamlakatda erkin siyosiy muhitni o'zi bo’lmagan bir paytda bundan maqsad nima, buni tushunish qiyin. Hukumatni qo’llovchi partiyalar shundoq ham yetarli edi. Bu yil mamlakatda kutilayotgan parlament saylovlari o’ta muhim, unda muxolifat qatnashsagina biz Prezident Mirziyoyev siyosiy islohotlarini boshladi, deb ayta olamiz. Aks holda Karimov davridagi saylovlardan farqi bo’lmaydi”, - deydi Normo’min.

Mirziyoyev hozircha siyosiy islohotlar o’tkazishga shoshilayotgani yo’q. Islohotlar asosan iqtisodiy sohada. Siyosiy maydonda o’zgarishlar qilishiga doir biror bayonot kuzatilmagan.

Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) raisi Ixtiyor Abdullayev bir yil oldin xorijdagi muxolif partiyalar vaziyatni izdan chiqarish uchun mamlakatga qaytmoqchi, deya bayon qilgan edi.

Namoz Normo’min - O’zbekistonga qaytib, siyosiy faoliyati yuritishni xohlaydigan muxolifatchilardan. U parlament saylovlarida ishtirok etmoqchi.

“Men saylovda mustaqil nomzod sifatida ham, shuningdek, 8 ming a’zosi bo’lgan “Yangi jamiyat” degan ijtimoiy siyosiy harakatimiz bilan ham qatnashishga tayyorman. O’zbekistonda erkinlik muhiti yaratilsa, biz bu harakatimizni uch oyda partiya holatiga keltiramiz. Saylovgacha hali 11 oy bor, asosiy masala hukumatning niyati va amali qandayligida”, - deydi u.

O’zbekistonda to’rtta rasmiy partiya mavjud edi. Bular - Xalq demokratik partiyasi, Liberal demokratik partiya, Milliy tiklanish demokratik partiyasi va "Adolat" sotsial partiyasi. 8-dekabr kuni o’z qurultoyini o’tkazgan O’zbekiston Ekologik partiyasi mamlakatdagi beshinchi siyosiy partiya sifatida ro’yxatga olinadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG