Breaking News

Karimov militsiyani tanqid qilib, huquq himoyachilarida umid uyg'otdi


O'zbekiston Prezidenti Islom Karimovning huquq-tartibot organlari faoliyatini tanqid qilib, militsiya to'g'risidagi qonun zarurati haqida gapirishi huquq himoyachilarida umid uyg'otgan ko'rinadi. Bunday qonun mamlakatda qiynoqlar qo'llanishini cheklashi, huquq-tartibot organlarini ham javobgarlikka tortish imkonini kengaytirishi ta'kidlanadi.

Karimov militsiyani tanqid qilib huquq himoyachilarida umid uyg'otgan ko'rinadi-Malik Mansur lavhasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:00 0:00

Karimov Konstitutsiya bayrami munosabati bilan qilgan chiqishida adolatli jamiyat haqida gapirdi. Prezidentga ko'ra, o'zbek xalqi har qanday qiyinchiliklarga chidashi mumkin, ammo adolatsizlikka dosh bermaydi.

Adolatsizlikka esa, prezident nazarida, ko'proq huquq-tartibot organlari faoliyati sabab bo'lmoqda. Fuqarolar tomonidan yozilgan shikoyat arizalarning aksariyatida militsiya ustidan arz qilinadi.

Karimov, shu munosabat bilan Ichki ishlar vazirligi, prokuratura faoliyatini tanqid qilib o'tdi.

Militsiya to'g'risida qonun yo'qligi normal holat emasligini aytgan prezident, fuqaro huquqi va erkinligi ta'minlanishi uchun militsiyaning maqomini, ish uslubini aniqlashtirish, tuzatishlar kiritish lozimligi haqida so'zladi.

O'zbekiston militsiyasi 25 yildirki, o'z faoliyati haqidagi qonunsiz ishlab keladi. Faollar bunday hujjatga ehtiyoj borligini muntazam ta'kidlab keladi.

Muammo prezident tomonidan e'tirof e'tilishi uzoq kutilgan bu qonunning nihoyat qabul qilinishiga umid uyg'otgan.

O'zbekiston Inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov nazarida militsiyaga doir qonun organlar va huquq borasida birdek o'zgarishlar qiladi.

“Chorak asrdan buyon hamma narsa og'zaki, norasmiy buyruqqa ko'ra bo'layapti. Ya'ni, bunday buyruq bergan odamlarni hech qachon javobgarlikka tortib bo'lmaydi. Masalan, buyruq bergan shaxs buyrug'ini tan olmasa, buni biror bir sud isbot qila olmaydi, chunki qonunning o'zi yo'q. Katta boshliqlar mahbuslar, hibsga olinganlar, tergovdagilar aybini qiynoq ko'rsatish orqali bo'yniga qo'ymoqchi bo'ladi. Bu ham og'zaki usulda, agar qonun qabul qilinsa qiynoq haqida buyruq beruvchi boshliqning bo'lishi qiyin”, - deydi Ikromov.

Karimov o'z nutqida prokuratura faoliyatiga ham to'xtab, bu organ ustidan ham fuqarolardan ko'plab shikoyatlar tushayotganini aytgan. Prezident Oliy Majlisga prokuratura ustidan nazoratni kuchaytiruvchi mexanizm ishlab chiqishni tavsiya etgan.

Ikromovning aytishicha, kuch ishlatar tizimlaridagi barcha idoralar, Milliy Xavfsizlik Xizmati (MXX) faoliyati ham qonun asosida belgilanishi kerak.

“Militsiya ham, MXX ham qonunga asosan davlat bilan shartnoma tuzishi kerak. Bu shartnomada ularning vakolati, nima qilishi, ish soati ham aniq belgilanadi. Hozir militsiya xodimlari hatto 18 soatlab ham ishlayotganlari bor. Qonun ular uchun ham sharoitlarni belgilaydi, albatta, talab ham shunga yarasha bo'ladi. Bilimi, tajribasi kuchli bo'lgan odamlar ishlaydi”, - deydi Ikromov.

Prezident azaliy muammolarni, aholi adolatsizlikdan aziyat chekayotganini nega endi tilga olayapti?

“Mening shaxsiy fikrimga ko'ra, prezident avval ham adolatsizliklar kuchli ekanini bilgan, lekin qonunni qabul qilish bu darajada jiddiy ish ekanligini anglamagan bo'lishi mumkin. Andijon voqealarini olaylik. Odamlar otilgandan keyin, Bosh prokuraturada o'tayotgan matbuot anjumaniga prezident “men buyruq bermaganman” deb kirib kelganini hamma eslaydi. Agar bosh qo'mondan buyruq bermasa, qaysi bir general xalqqa qarab otishga buyruq beradi? Demak, kimdir bu haqda buyruq bergan bo'lsa, o'shani javobgarlikka tortish kerak edi, lekin hozirgacha bu narsa yo'q. Ammo bu baribir tarixdan o'chib ketmaydi. Shunaqa holatlar bo'lmasligi uchun, hammasi qonun doirasida bo'lisi kerak”, - deydi Ikromov.

Karimov 5-dekabr kuni Konstitutsiyaning 23 yilligi munosabati bilan Turkiston saroyida o'tgan tantanada so'zlagan.

Prezident har doimgidek iqtisodiy yutuqlar haqida ham gapirar ekan, so'nggi besh yilda O'zbekistonga 67 milliard dollarlik investitsya kiritildi, joriy yilda bu 16 milliard dollarni tashkil etdi, oxirgi besh yilda 5 millionga yaqin ish o'rinlari yaratildi, deya ta'kidladi.

2016 O'zbekistonda “Sog'lom ona va bola” yili bo'ladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG