Breaking News

O'zbekistonda siyosiy mahbuslarga amnistiya qo'llanildimi?


Qamoqdagi jurnalist Dilmurod Saidov va huquq himoyachisi A'zam Farmonov O'zbekiston prezidenti amnistiyasidan chetda qolgan. Boshqa siyosiy mahbuslarning taqdiri ham noma'lum.

Huquq himoyachilariga ko'ra, Prezident Mirziyoyev siyosiy mahbuslarga nisbatan keng ko'lamli afv rejalagan, ammo huquq-tartibot organlari bunga qarshi.

“Ezgulik” inson huquqlari jamiyati tarqatgan ma'lumotga ko`ra, 12,5 yillik qamoq jazosini o'tayotgan jurnalist Dilmurod Saidovga nisbatan amnistiya aktini qo'llash masalasi 2-fevral kuni tegishli komissiya tomonidan ko'rib chiqilgan. Xulosa: Saidov panjara ortida qoladi.

“Ozodlik” radiosi siyosiy mahbuslardan yana biri, huquq himoyachisi A'zam Farmonov ham amnistiyadan chetda qolgani haqida xabar berdi.

Konstitutsiya kuni munosabati bilan oktabr oyida e'lon qilingan amnistiyani qo'llash muddati yakunlangan.

Rasmiy ma'lumotlarga ko`ra, amnistiya 40 mingdan oshiq mahbuslarga nisbatan qo'llangan, ularning ma'lum foizi jazodan ozod etilgan. O'zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov deydiki, bu yilgi amnistiya avvalgilaridan biroz farq qilgan, ammo ozodlikka chiqqanlar kam, ular orasida siyosiy mahbuslar yo'q.

Islohotlar o`tkazish shiori bilan prezidentlikka kelgan, ayrim muxolifatchilar va huquq himoyachilari tomonidan ham olqishlangan Mirziyoyevdan kutilayotgan asosiy umidlardan biri siyosiy mahbuslarni ozodlikka chiqarish edi.

Surat Ikromovning o'z manbalariga tayanib aytishicha, Prezident Mirziyoyev siyosiy mabuslarni ozodlikka chiqarish, mamlakatdagi ayrim qamoqxonalarni yopish, mahbuslar sonini kamaytirsh rejasida bo'lgan.

“Bu sabotaj, kuch ishlatar idoralari tomonidan qilinayotgan. Bo'lmasa prezident tomonidan og'ir qamoqxonalarni yopish, siyosiy mahbuslarning hammasini chiqarib yuborish haqida ko'rsatma bo'lgan. Lekin mana ikki oydirki, ular bu borada hech narsa qilishmagan, shuning uchun ham hech kim chiqarilmadi. Bu fikrlarim MXX generali Shuhrat G'ulomovning ishdan olingani haqida internetda tarqalgan ma'lumotlarga bog'liq emas. Men prezident ko'rsatmasi kuch ishlatar xodimlar tomonidan sabotaj qilinayotgani haqida ikki oylar avval misollar bilan gapira boshlaganman. Ehtimol yuqoridagi sabotajlarni bilish qiyinroqdir, lekin o'rta bo'g'indagilarni kuzatish qiyin emas. Xullas, noqonuniy hibslar, sudlovlar oldin qanday bo'lsa, hozir ham xuddi shu ko'rinishda davom etmoqda. Kuch ishlatar tizimlari o'z sohalarida islohot boshlanishini xohlashmayapti ”, - degan fikrda Surat Ikromov.

Prezidentlikka kelishidan avval 13 yil davomida hukumatni boshqargan Shavkat Mirziyoyev mamlakatda siyosiy mahbuslarning qanchaligini, ular nima uchun qamoqda o'tirganini yaxshi biladi. Prezidentlik boshqaruvini jamoatchilikni uyg'otish, islohotlar o'tkazish shiori bilan boshlagan Mirziyoyevning o'zi hozirgacha siyosiy erkinliklar masalasi haqida hech narsa demagan, biroq sud va huquq-tartibot tizimi jiddiy islohotlarga muhtojligini ta'kidlab o`tgan.

Surat Ikromov fikricha, hokimiyat almashishi ortidan yangi prezident yillar davomida xalqaro jamoatchilik tomonidan ko'tarib kelinayotgan talablarni, jumladan, siyosiy mahbuslarni ozod etish, qiynoqlarga barham berishga majbur.

“Odatda, bunday ko'rsatmalar yopiq holda bo'ladi va ko'rsatma bajarilmagan taqdirda shunga yarasha xulosa qilinadi. Kimlar, qaysi siyosiy mahbuslar chiqariladi. Ularning ro`yxati Shavkat Mirziyoyevda bor. Bu uning uchun plyus bo'ladi, chunki butun xalqaro jamoatchilik O'zbekistonda siyosiy mahbuslar borligini, qiynoqlar mavjudligini yaxshi biladi. Xalqaro tashkilotlar bir necha yillardan buyon shu masalani ko'tarib kelmoqda. Qolaversa, BMT miqyosida ham O'zbekistonda qiynoqlar qo'llanilishi rasman tasdiqlangan. Mirziyoyev faoliyatini endi boshlayapti, demokratik o'zgarishlar bo`layotganini ko'rsatishi kerak, ammo u bu narsani qanday, qaysi usulda amalga oshiradi, vaqt ko'rsatadi”, - deydi Ikromov.

Shavkat Mirziyoyev O'zbekistonni 27 yil davomida boshqargan Islom Karimovning vafotidan so'ng sentabr oyida boshqaruvga keldi. Dekabrda o'tgan prezidentlik saylovlarida g'alaba qozongach, rasman prezidentlikka kirishdi.

Mirziyoyev islohotlar boshlash va'dasi bilan aholi o'rtasida mashhur bo'ldi. Iqtisodiyot, tadbirkorlikka doir imzolagan ayrim qarorlari umid uyg'otdi, ammo hozirgacha so'z erkinligi va siyosiy erkinliklarni kuchaytirish haqida sukut saqlab kelmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG