Breaking News

O'zbekistonda yangi bosh prokuror: Nig'matilla Yo'ldoshev


Nig'matilla Yo'ldoshev, 57 yoshda, tizimda uzoq yillik tajribaga ega
Nig'matilla Yo'ldoshev, 57 yoshda, tizimda uzoq yillik tajribaga ega

O'zbekistonda prokuratura tizimida islohotlar o’tkazish maqsadida olib kelingan Bosh prokuror Otabek Murodov ishdan olingan. Prezident farmoniga ko’ra, uning o'rniga Senat raisi Nig’matilla Yo’ldoshev tayinlangan. O’z lavozimida bir yildan oshiq faoliyat yuritgan Otabek Murodovning ishdan olinishi sabablari noma’lum qolayotgani turli talqinlar uyg’otmoqda.

O'zbekistonda bosh prokuror yangilandi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:04 0:00

Nig’matilla Yo’ldoshev songgi to’rt yil ichida prokuratura rahbarligiga kelgan to’rtinchi bosh prokuror. Yo’ldoshev ham shu sohaning vakili, faoliyatini prokurorlikdan boshlagan.

Yo’ldoshev 2011-yilda bosh prokuror o’rinbosarligidan adliya vaziri lavozimiga o’tkazilgan, 2015-yildan Senat raisi sifatida ishlab kelayotgan edi.

Otabek Murodovningishdan olinishi sabablari, keyingi taqdiri hozircha ma’lum emas. O’zbekistonda korrupsiyaviy jinoyatlarda ayblangan amaldorlar safida aynan prokuratura rahbariyati yetakchilik qilayotgani ko’zga tashlanadi.

Sobiq bosh prokurorlar Rashid Qodirov va Ixtiyor Abdullayevlar ustidan tergov ishlari davom etmoqda. Har ikkisi lavozimini suiiste’mol qilish, poraxo’rlikda ayblanmoqda.

Prokuratura Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan ashaddiy tanqidga uchragan sohalardan biri. Mirziyoyev prokurorlarni o’g’ri, muttahamlarga ham qiyoslagan, bu kabi tanqidlar Otabek Murodov lavozimga kelishidan so’ng hamkuzatilgan edi.

Bosh prokurorlarning shiddat bilan o’zgarayotgani prezidentda tizimga nisbatan ishonch hali shakllanmaganidan darak sifatida ham qabul qilinmoqda.

Nig’matilla Yo’ldoshev Karimov o’limi ortidan Mirziyoyev foydasiga vaqtinchalik davlat rahbarligidan voz kechishi bilan jamoatchilikka tanilgan. U o'z qarorini salomatligidagi muammolar bilan ham izohlagan edi.

Otabek Murodovning iste’fosi turli talqinlar uyg’otmoqda. U boshqa ishga o’tkazilmagan, keyingi taqdiri haqida hech narsa deyilmaydi. Murodovning bir yillik faoliyati prokuraturaning matbuot, jamoatchilik bilan aloqaga kirishgani bilan ko’zga tashlanadi.

Murodov bosh prokurorlikka Ixtiyor Abdullayev Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) raisligiga o’tishi ortidan kelgan edi. Unga Ixtiyor Abdullayevning shogirdi sifatida ham qaraladi.Prokuraturadan DXX raisligiga o’tgan Abdullayev ayni paytda hibsda, uning ishini prokuratura tergov qilmoqda.

Xorijdagi o’zbek faollaridan biri Safar Bekjon deydiki:

“Otabek Murodov prokuraturada islohotlar o’tkazish uchun olib kelingan edi. Avvalgi rahbar Ixtiyor Abdullayev boshlaganlarini davom ettirish uchun. Mendagi ma’lumotga ko’ra, u prokuraturadan asossiz ishdan bo’shatilgan xodimlarni ayrimlarini ishga qaytara boshlagan ham edi. Bu prezident devonidagilarga yoqmadi. Prokuratura ikkinchi bor mustaqil bo’lishga urinib ko’rdi, bu ham natijasiz tugadi, prezident devonini qarshiligiga uchradi. Bosh prokurorlikka qonunlarga emas, siyosiy buyurtmaga so’zsiz bo’ysunuvchi odamni olib kelishyapti”.

Nig’matilla Yo’ldoshev prokurorlikka tayinlanishidan biroz avval Senat raisi sifatida korrupsiyaga doir bayonoti bilan jamoatchilik diqqatiga tushdi. Yo’ldoshev odamlar har ikki amaldordan birinikorrupsioner deb hisoblashini aytgan edi.

Uning bosh prokurorlikka kelishi prokuratura tizimida ildiz otgan korrupsiyaga qarshi kurash bilan bog’liq, degan qarashlar bor.

Safar Bekjonga ko’ra, Yo’ldoshev ham shu tizimning odami, yirik miqdordagi korrupsiyada ayblanib tergovga tortilgan sobiq bosh prokuror Rashid Qodirov davrida uning o’rinbosari sifatida ishlagan.

“Yo’ldoshev bosh prokuror o’rinbosari bo’lgan paytda prokuratura yoppasiga poraxo’r bo’lgan. Hozir uning boshlig’i (Rashid Qodirov) pora olgan, u esa pora olmagan, bu tizimga aloqasi yo'q bo’lib chiqyapti. Hozir prokuraturadagi hamma ayb Rashid Qodirovga ag’darilmoqda, qolganlar bundan chetda. Go’yo porani faqat uning o’zi olgan, pastdan olib, tepaga uzatmagan”, - deydi Safar Bekjon.

Konstitutsiyaga muvofiq O’zbekiston bosh prokurorini tayinlash va ishdan olish mamlakat prezidenti vakolatiga kiradi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG