Breaking News

O’zbekistonda 9-may tantanalari boshlanmoqda. Poytaxt metrolarida “qizil askarlar” libosidagi harbiylar tomonidan uyushtirilgan konsertlar, Rossiyada g’alaba ramzi sifatida qabul qilingan Georgiy lentalari ommalashayotgani bir guruh faollarni Prezident Shavkat Mirziyoyevga ochiq murojaat bilan chiqishga majbur etgan.

O'zbekiston: Xotira kuni yoki G'alaba bayrami?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:19 0:00

Prezidentdan O’zbekistonda rasman Xotira va Qadrlash kuni sifatida qabul qilingan 9-mayning G’alaba bayramiga aylangani yuzasidan aniqlik kiritish so'ralmoqda.

Murojaat tashabbuschilaridan biri, toshkentlik sharhlovchi Anvar Nazirga ko’ra, munozaraga Rossiya elchixonasi tomonidan Georgiy tasmalarining tarqatilishi turtki berdi.

“Elchixona o’zbekistonliklarga Georgiy tasmlarini tarqatishi bilan janjalni boshlab beradi, ijtimoiy tarmoqlarda bahslar qizigan. 9-may har yili janjal kuniga aylanadi. Davlat bunga o’z munosabatini bildirishi kerak, biz bu masalani hatto Islom Karimov davrida ham ko’targan edik. Ikkinchidan, odamlarga ochiq tushuntirish kerak bu tasmaning tarixini, kelib chiqishini. Elchixona hozir buni asosan Toshkentda tarqatyapti. Har xil qatlam bor, ko’p o’zbeklar buni yaxshi tushunmaydi, taqib yuribdi. Biz murojaatda kimnidir jazolashni so’ramayapmiz, bayramni siyosiylashtirmaslikka chaqiryapmiz, chunki so’nggi hodisalar, 9-mayni nishonlashga bo’layotgan harakatlar ham Rossiyaning siyosiy tashviqotiga o’xshab qolmoqda”, - deydi Nazir.

Ikkinchi jahon urushidagi g’alaba ramzi sifatida qabul qilingan Georgiy lentalarini Rossiyaning Toshkentdagi elchixonasi barcha xohlovchilarga bepul tarqatmoqda.

Prezidentga yozilgan murojaat mualliflariga ko’ra, chor Rossiyasi ilohiy Georgiy tamg’asi ostida Turkistonni, O’zbekiston shaharlarini qonga belagan; bugun bu tamg’a yana o’zbekistonliklarga g’alaba ramzi sifatida taqdim etilmoqda, bunga O’zbekiston davlat sifatida o’z munosabatini bildirishi lozim.
16-aprel kuni Prezident Mirziyoyev Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazishga doir qarorga imzo chekkan edi.

Bu kun umumxalq bayrami sifatida e’tirof qilingan, uni nishonlanishini ta’minlash davlat va nodavlat tashkilotlarning birinchi galdagi vazifasi, O’zbekiston fuqarolarining vijdoniy ishi va an’anaviy burchi deb belgilangan.
Tantanalarga Rossiya jamoatchiligi ham faol qo’shilayotgani kuzatiladi. 9-may munosabati bilan Rossiyadan yo’lga chiqqan “g’alaba karvonlari” O’zbekistonga kirib kela boshlagan. Poytaxtda, bir nechta yirik shaharlarda “O’lmas polk” aksiyalariga tayyorgarlik ko’rilmoqda.

Faollar nazarida Georgiy lentasi Xotira va Qadrlash kuni ramziga aylanayotgani, g’alaba munosabati bilan tashkil etilgan namoyishlarda o’zbek ziyolilari qatag’oni boshida turgan Stalin portretlari ko’tarilayotgani jamoatchilikka, milliy tarixga nisbatan hurmatsizlikdir.

“Hamma narsani o’z mantig’i bo’lishi kerak. Xotira kuni deb atalayotgan ekanmi, demak bu xotirlash va qadrlash kuni bo'lishi kerak - qo’shiqlar, salyutlar otiladigan, tantana qilinadigan kun emas. Bizning udumlarga ko’ra Xotira kunini odamlar ibodatda o’tkazishadi”, - deydi Anvar Nazir.

Prezident qarorida Mudofaa vazirligi zimmasiga 9-may kuni soat 21.00 da Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan bayram salyutini tashkil etish yuklatilgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG