Breaking News

9-may O'zbekistonda G'alaba bayramidek o'tadimi?


9-may Xotira va qadrlash kuni O'zbekistonda bu yil ancha kengroq, hatto mushaklar otilishi bilan nishonlanishi mumkin. Prezident Shavkat Mirziyoyev bayramga tayyorgarlik va uni o'tkazish yuzasidan alohida ko'rsatma bergan.

Yaqinda poytaxtda urush davriga doir avtomobillar paradi o'tkazildi. Rossiya elchixonasi tarqatayotgan “Georgiy tasmalari” ham avvalgi yillarda kuzatilgani kabi biror taqiqqa uchramagan. 9-may O'zbekistonda G'alaba kuni emas, Xotira va qadrlash kuni, ammo bu yilgi xotira tadbirlarini g'alaba bayramiga yaqinlantirish harakati seziladi.

Bir necha yillar avval poytaxt markazidan olib tashlangan yodgorlik - urush paytida turli millatlardan bo'lgan 15 nafar bolani asrab olgan toshkentlik temirchi Shoahmedovlar oilasi xotirasiga qo'yilgan majmua yana markaziy xiyobonlardan biriga qaytarilishi kutilmoqda.

Bu yodgorlikning 2008-yilda “Xalqlar do'stligi” maydonidan shahar chetiga ko'chirilishi jamoatchilikda keskin munozaralar uyg'otgan, O'zbekiston Sovet Ittifoqi merosidan voz kechayotgani va Toshkent-Moskva aloqalarining sovuqlashib borayotganiga misol o'laroq ko'rilgan edi.

Yozuvchi Safar Bekjon yodgorlikning markaziy xiyobonga qaytarilayotganini olqishlaydi:

“Bu yodgorlikning o'z joyiga qaytarilayotgani juda yaxshi. Chunki urush davrida O'zbekiston Rossiya, Belarus, Ukraina va boshqa joylardan minglab odamlarga boshpana bergani, ularning hayotini saqlab qolgani jamoatchilikning yodida turishi lozim. Nafaqat O'zbekistonda, balki o'sha paytda bu yerdan boshpana topgan boshqa davlatlarda ham. Ayniqsa, bugungi kunda yuz minglab o'zbekistonliklar ishsizlik bois Rossiyaga ketgani inobatga olinsa. Chunki urush, iqtisodiy qiyinchiliklardan ko'chish hammada bo'lgan. Bir paytlar ruslar urushdan qochib O'zbekistonda jon saqlagan, bugun esa minglab yurtdoshlarimiz iqtisodiy qiyinchlik bois Rossiyaga ko'chib borishmoqda. Bu yodgorlikning qaytarilishini qo'llab-quvvatlash kerak, chunki bu kabi insonparvarlik yoshlarning yodidan chiqmasligi kerak”, - deydi yozuvchi.

Bu yil 9-mayni nishonlashda sezilarli o'zgarishlar kutilmoqda. “Sputnik” agentligi xabariga ko'ra, poytaxtda kichik parad o'tishi, bayram mushaklar otilishi bilan yakunlanishi ham mumkin. Bu esa 9-mayning G'alaba kuni sifatida keng kutib olinishini yodga soladi. Bu yilgi bayram arafasida odatda keng munozaralarga sabab bo'lib kelgan “Georgiy tasmasi”, “Barhayot polk” tadbirlari bilan bog'liq vaziyat ham bir qadar silliq kechayotgani kuzatiladi.

“Barhayot polk”ning Toshkentdagi vakillari xavfsizlik nuqtai nazaridan bu yilgi tadbirni o'tkazmaslik qarorini yoqlab chqishgan bo'lsa, Toshkent hokimiyati, militsiyasi ham Rossiya elchixonasi tomonidan tarqatilayotgan “Georgiy tasmalari”ga hech qanday taqiq yo'qligini aytib chiqishgan.

Safar Bekjonga ko'ra, ikkinchi jahon urushining yakunlanishi butun dunyoda xotirlanadi, ammo faqat Rossiya bu tadbirga siyosiy va g'oyaviy maqsad yuklamoqda. Bu g'oyani nafaqat o'zida, balki MDH davlatlariga ham singdirib kelmoqda.

“Yevropada Ikkinchi jahon urushi asosan xotira tadbiridan iborat, ammo Rossiyada bu hamon g'oyaviy, sovet mafkurasiningg'alabasini ko'rsatuvchi bayram. Mayli, Rossiya buni o'z bilganicha nishonlashi mumkin, lekin boshqa davlatlar, jumladan O'zbekistonda ham bu bayram xotira shaklida o'tkazilishi kerak. Ikkinchi jahon urushida minglab fuqarolarimiz qurbon bo'ldi, ularning xotirasi yodga olinishi, duolar o'qilishi kerak. Ammo xotira tadbiri siyosiy harakat, tadbirlar bilan o'zgartirilsa, bu albatta Rossiya mafkurasiga ergashishni anglatadi. Hukumat buni yaxshi tushunib olishi kerak. Jamoatchilik Ikkinchi jahon urushi qurbonlarini xotirlashga qarshi emas, yuz minglab vatandoshlar qurbon bo'lishgan bu urushda. Ularni xotirlash rossiyaparast, sovetparast shaklda emas, o'z milliy qadriyatlarimizdan kelib chiqqan holda o'tkazilishi kerak”, - deydi Bekjon.

Sobiq Ittifoqi davrida 9-may SSSRning fashistlar Germaniyasi ustidan qozonilgan g'alaba kuni sifatida tantana qilib kelingan. Ittifoq parchalanishi ortidan bu bayramga nisbatan munosabat o'zgardi. O'zbekistonda bu sana ikkinchi jahon urushida berilgan qurbonlar xotirasi kuni sifatida belgilandi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG