Breaking News

AQSh Vyetnamga samolyot tashuvchi harbiy kemasini jo’natdi


Diplomatik aloqalarning chorak asrini nishonlayotgan Qo’shma Shtatlar Vyetnamga samolyot tashuvchi “Teodor Ruzvelt” harbiy kemasini yubordi. 50 yil oldingi urushga qaramasdan ikki davlat aloqalari tobora iliqlashib bormoqda, maqsad Pekinning Janubiy Xitoy dengizidagi ta’sirini cheklash, deydi tahlilchilar.

“Vashington Xanoyni Xitoyning dengizdagi da’volariga qarshi sherik deb biladi. Lekin Vyetnam ittifoqchi ham emas, demokratiya ham emas. Shu bois hamkorlik ham cheklangan”, - deydi siyosiy konsultant Shon King.

Vyetnam AQShni Xitoyga nisbatan muvozanatlovchi kuch deb biladi, biroq Xitoy ta’sirini cheklashga qaratilgan kengroq strategiyaning bir qismi bo’lishni istamaydi, deya qo’shimcha qiladi u.

AQSh kemasining Vyetnam bandargohida to’xtashi tomonlar harbiy hamkorlikni mustahkamlash niyatida ekanini ko’rsatadi. Xitoy kemalarini dengizdagi talash hududlardan uzoqroq saqlash uchun Xanoyga yordam kerak.

2014-yilda Xitoy kemalari vyetnamlik baliqchilar qayig’ini o’rab olib, uni cho’ktirgan. Tomonlar dengizning qay qismi kimga tegishli ekani yuzasidan tortishib keladi.

Pekin yoqilg’i va baliq zaxiralariga boy dengizning 95 foiziga da’vo qilayotgani, ayrim orollarda harbiy obyektlar barpo etgani qo’shni davlatlarning kuchli noroziligiga sabab bo’lgan.

Vyetnamga nisbatan AQSh qo’ygan qurol embargosi Barak Obama prezidentligi davrida bekor qilingan edi. Bundan tashqari, qatnov erkinligini namoyish etish uchun AQSh Janubiy Xitoy dengiziga kemalarini muntazam jo’natib turadi.

Dengizdagi tortishuvlarga qaramasdan, Xanoy Xitoy bilan barqaror iqtisodiy aloqalarga ega. Shuningdek, Hindiston va Rossiya bilan ham strategik hamkorlik qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG