Breaking News

Xitoyshunos olim: Pekinning Markaziy Osiyodagi roli va ta'sirini past baholamang


Singapurdan turib tadqiqotlar olib boradigan Raffaello Pantuchi "Amerika Ovozi" bilan suhbatda
Singapurdan turib tadqiqotlar olib boradigan Raffaello Pantuchi "Amerika Ovozi" bilan suhbatda

Singapurdagi S. Rajaratnam Xalqaro tadqiqotlar markazida izlanishlar olib boradigan yevropalik olim Raffaello Pantuchi nazarida Markaziy Osiyoda Rossiya o'z nufuzini saqlab qolishga va ta'sir kuchini yo'qotmaslikka qanchalik harakat qilmasin, Xitoyning qo'li balandlashib bormoqda, chunki iqtisodiy jihatdan u hozir eng qudratli taraf. AQShni bu tadqiqotchi Markaziy Osiyoda "passiv o'yinchi" deb biladi.

Pantuchi va Alexandros Petersenning “Sinostan: China's Inadvertent Empire”, ya'ni Xitoyning tabiiy ravishda imperiya sifatida gavdalanayotgani haqidagi kitobi shu kunlarda nashrdan chiqdi. Petersen 2014-yilda Kobuldagi hujumda halok bo'lgan. Bu ilmiy ishni ikki olim 2012-yilda boshlagan. Pantuchi hamkasbi xotirasi va mehnatini qadrlagan holda kitobda uni ham muallif sifatida e'tirof etadi.

Pantuchi mintaqada Rossiya hamon katta iqtisodiy kuchga ega ekanini inkor etmaydi, ayniqsa infrastrukturaviy bog'liqlikni. Transport tizimi Sovet davrida loyihalangan va shakllangan.

Shuningdek, mehnat migratsiyasida asosiy manzil hamon Rossiya bo'lib qolmoqda. O'zbekiston, Tojikiston va Qirg'iziston iqtisodiyoti bu jihatdan ham federatsiyaga tobe. Qirg'iziston va Tojikistonda milliy daromadning deyarli uchdan bir qismi Rossiyada topilgan pulga to'g'ri keladi.

"Biroq Rossiya oldingi qudratidan ayrilgan va hatto Markaziy Osiyo uchun ham endi oldingidek iqtisodiy madad yoki kuch manbai emas", - deydi Pantuchi.

"Xitoy esa tobora keng qanot yozib, ta'sirini oshirmoqda. Bu esa Markaziy Osiyodagi dinamikani o'zgartirmoqda", - deydi olim.

Xitoy 2000-yillardan boshlab, Markaziy Osiyoga jiddiy ko'z bilan qaray boshladi va sarmoya qilishga kirishdi, deydi olim Raffaello Pantuchi
Xitoy 2000-yillardan boshlab, Markaziy Osiyoga jiddiy ko'z bilan qaray boshladi va sarmoya qilishga kirishdi, deydi olim Raffaello Pantuchi

Pantuchining tahlilicha, Xitoy mintaqada azaldan Moskvaning asabiga tegishni istamagan va ehtiyotkorlik bilan harakat qilgan.

"Ikkalasi parallel qadam tashlagan. Xitoy kuchaygani sari Rossiya ham o'zini ko'rsatishga, nufuzini asrashga uringan", - deydi tadqiqotchi.

Uning qayd etishicha, Rossiyaning mintaqada Xitoydan ustun jihatlari xavfsizlik choralari va harbiy hamkorlikdir. Qozog'iston va Tojikistonda bu yili Kreml harbiy ta'sirini namoyon etmoqda, deydi u, har ikkisida barqarorlikni saqlash uchun yordam taklif qilib, buning uchun shay ekanini eslatmoqda.

Ukrainadagi urush Rossiyaga ishochni pasaytirgan va uning harbiy qudratini ham savol ostiga qo'ygan, deydi tadqiqotchi, ammo Markaziy Osiyo uchun u hamon o'ta muhim sherik.

Xitoy, Pantuchi tahlilicha, Markaziy Osiyoda mustaqil davlatlar qad ko'tara boshlaganida mintaqaga u qadar shoshmagan. 30 yil oldin Xitoy o'zi bilan ovora edi, deydi olim va hozirgidek qudratli emas edi. Pekin uchun bu mintaqa strategik jihatdan o'sha damlarda eng ahamiyatli hudud hisoblanmagan. Biroq 2000-yillarga kelib, e'tibor jiddiylashgan va sarmoya qilishga qiziqish ham ortgan.

Uyg'urlarga erkinlik bermaslikka bel bog'lagan Xitoy uchun turkiy xalqlar bilan bu borada yakdil bo'lishni ta'minlash eng zarur choralardan biri, deya mulohaza yuritadi Pantuchi. Shinjon uyg'urlar uchun Sharqiy Turkiston va Markaziy Osiyoning oltinchi yoki yettinchi respublikasi bo'lishi mumkin edi, agar mustaqil bo'lsa, deydi olim.

"Xitoy uzoq muddatda bu muammoning yechimi iqtisodiy taraqqiyot deb biladi, hozirgidek keskin xavfsizlik choralari va bosim emas. Farovonlik, Pekin taxminicha, odamlarni qoniqtirib, qarshiliklarni to'xtatadi. Biroq Shinjonning to'laqonli rivojlanishi uchun u Markaziy Osiyo bilan yaqindan bog'lanishi lozim", - deydi Pantuchi.

"Xitoy bugun mintaqaning ko'plab yosh bizneslari va tadbirkorlari uchun sarmoya va imkoniyatlar manbai. Yo'q deya olmaydigan investitsiya taklif qiluvchi kuch".

Shinjonni rivojlantirish bilan Pekin uyg'urlarning mustaqillik orzusini yo'q qilmoqchi
Shinjonni rivojlantirish bilan Pekin uyg'urlarning mustaqillik orzusini yo'q qilmoqchi

Pantuchi ta'biricha, yaqin yillarda Pekinning biznes va siyosiy ta'siri sezila boshlaydi. Xitoyda bilim olgan, tajriba oshirgan, uning sarmoyasida oyoqqa turgan avlod nafaqat xususiy sektorda, balki davlat sektorida, hukumatda, xususan xavfsizlik va boshqa strategik sohalarda ishlay boshlaydi.

G'arb Xitoyning Markaziy Osiyoga ta'sirini past baholaydi, deya xulosa qiladi Pantuchi. AQSh Tinch okeani hududida Xitoyning siyosatiga ko'proq e'tibor qaratadi, jumladan Tayvanga va Janubiy Xitoy dengizigi atrofidagi qo'shnilariga.

"Vaholanki, Yevrosiyodagi ta'siri keng va salmoqli. Fundamental geostrategik burilishlar u yerda bo'lmoqda. Va bu ta'sir Yevropaga ham yetib boradi. Yevrosiyodagi manzarani yangilashi aniq va Yevropa buni his qila boshlaydi. Amerika ham bunga befarq bo'la olmaydi, chunki bu o'zgarishlar uning global qudratiga zarba beradi", - deydi olim.

"G'arb Xitoyning dunyoning bu qismida qilayotgan ishlari va yuritayotgan siyosati ko'lamini anglab yetmagan, shu bois ham o'z manfaatlarini himoya qilish uchun shoshmayapti".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG