Izlanish: Isyonchilarga berilgan qurollar jihodchilar qo'liga tushgan

  • Amerika Ovozi

Yevropa Ittifoqi va Germaniya Tashqi ishlar vazirlari buyurtmasiga ko'ra olib borilgan izlanish natijasidan ma'lum bo'lishicha, G'arb davlatlari va Fors ko'rfazi bo'yidagi arab mamlakatlari Suriyada Prezident Bashar Assadga qarshi kurashayotgan isyonchilarga uzatgan qurol-yarog' "Islomiy davlat" jangari to'dasi qo'liga tushib qolgan.

202 sahifalik "Islomiy davlat" qurollari" deb nomlangan hisobotda aytilishicha, jangarilar qo'liga tushgan qurollar miqdori bir jangda qo'lga kiritilgan qurollar sonidan ancha ko'p.

Hisobotni mojaro zonalarida qurollar harakati va taqsimotini kuzatuvchi "Conflict Armament Research" (CAR), ya'ni "Mojaro qurollari izlanishi" britan tashkiloti tayyorlagan.

"Qurollarning "Islomiy davlat" qo'liga tushishi 1980-yillarda Afg'onistonda bo'lgan holatni takrorlaydi. Qisqa muddatli manfaatlarni ko'zlovchi mamlakatlar odatda so'zi o'tmaydigan guruhlarni qurollar bilan ta'minlaydi. So'ng bu qurollar eng uyushgan, eng samarali isyonchi va jangari guruhlar qo'liga o'tadi", - deydi CAR rahbari Jeyms Biven.

Hisobot mualliflarining aytishicha, uch yil davomida o'tkazilgan taftishga hukumatlar va qurol ishlab chiqaruvchi kompaniyalar yaqindan yordam bergan. Suriyaning Kobani shahridan Iroq poytaxti Bag'dodgacha tergovchilar safar qilgan. Isyonchilarga qurollarni uzatgan mamlakatlar hukumatlari CAR tashkilotiga vositachilar va ta'minotchilar ro'yxati, qurol-yarog' va o'q-dorilar seriya raqamlarini bergan.

Tergovchilar "Islomiy davlat" qo'liga 2014-yildan 2017-yilgacha tushgan 40 mingdan ziyod qurollarni o'rgangan. Jangarilar Suriya armiyasining chekinayotgan qismlari jang maydonida tashlab ketgan qurollarni qo'lga kiritibgina qolmay, hukumatga qarashli qurol omborlarini ham o'margan.

Shuningdek, izlanish natijasidan ma'lum bo'lishicha, xorijiy davlatlar muxolif kuchlarga uzatgan aslaha ko'p hollarda bir necha hafta yoki bir necha oyda jangarilar qo'liga o'tgan.

Daish qurollarga qanday egalik qilgan?

Ba'zi hollarda isyonchilar hukumatga qarshi jang qilayotgan jihodchi guruhlarga qurol bergan, sotgan yoki boshqa bir narsaga almashgan, ular esa keyinchalik "Islomiy davlat"ga qo'shilgan.

AQSh sobiq Prezidenti Barak Obama suriyalik isyonchilar hamda Saudiya Arabistoni va Qatarning qurol ta'minotini oshirish da'vatlariga quloq bermagan. Qurollarning jihodchilar qo'liga tushishidan xavotirlangan Obama isyonchilarni samolyotga qarshi raketalar bilan ham ta'minlashdan bosh tortgan.

AQSh rasmiylari muxolifatga berilgan qurollar va tankka qarshi TOW raketa moslamasining maqsadga muvofiq ishlatilayotganini nazorat qilish uchun isyonchilarni qo'shimcha o'q-dori bilan ta'minlashdan oldin qurollarning qanday ishlatilgani haqida dalil talab qilgan. Biroq isyonchilar safida amerikalik harbiy maslahatchilar bo'lmagani uchun dalillar ko'p hollarda videolardan iborat bo'lgan, videoni esa soxtalashtirish mumkin edi, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan rasmiylar.

Hisobotda keltirilgan bir misolga ko'ra, Yevropa Ittifoqida ishlangan qurol AQShga sotilgan, so'ng Suriya mojarosi ishtirokchilariga uzatgan, undan keyin qurol Iroqda jangarilar qo'liga tushgan. Mana shu oldi-berdi ikki oy davomida ro'y bergan.

CAR hisobotiga ko'ra, "Islomiy davlat" tasarrufidagi qurollarning yarmidan ko'pi Rossiya va Xitoyda ishlangan bo'lib, ular Suriya va Iroq askarlaridan tortib olingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG