Breaking News

AQSh qo'toslari mehnatsevarligi bilan qadrlanadi


Qo’toslar qachon chorva hayvoniga aylanganini hech kim bilmaydi. Tuyoqli sut emizuvchilar guruhiga mansub bu hayvon minglab yillar oldin Himoloy tizmasi bo’ylab savdo karvonlariga xizmat qilgani taxmin qilinadi. Buqasimon seryung jonivor Markaziy Osiyoning baland tog’larida ko’p uchraydi. Ularga uy hayvoni sifatida qaralgan. Qo’tos go’shti, suti, terisi, mehnatsevarligi uchun qadrlanadi. Qo’toslar hozir Amerika chorvachiligida ham keng tarqalayotgan hayvonlardan.

Qo'tos Amerikaning sermahsul jonivoriga aylanmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:26 0:00

Tashqi ko’rinishdan ho’kizni eslatadigan bu jonivor Tibet tog’ tizmalari bo’ylab keng tarqalgan. Amerikada ularni Kolorado shtati chorvachiligida ham uchratish mumkin.

Amerikada yetishtirilayotgan qo’toslar mamlakatga 1990-yillarda keltirilgan hayvonlar avlodidan. Qishloq xo’jaligida qo’llanila boshlagan.

“Qo’toslarni Qo’shma Shtatlarda yetishtirish keng tus olmoqda. Amerikada hozir nechta qo’tos fermalari yoki rancholari borligini aniq aytolmayman, lekin Xalqaro qo’tos uyushmasining a’zosi 200 dan oshgan”, - deydi uyushma prezidenti Stefani Deyvid.

“Ishni boshlaganimizda uchta qo’tosimiz bor edi”, - deydi chorvador Juli Petti.

Pettining oilasi Kolorado shatatida yashaydi. Bu ish bilan shug’ullanayotganiga 20 yil bo’ldi. Rancho xodimi Daniel Garnerning aytishicha, mol go’shtidan ko’ra qo’tosniki mazaliroq, sog’liqqa ham foydali. Chunki unda yog’ miqdori kam.

“Onam tomonda yurak xastaligi bilan kasallangan qarindoshlar ko’p”, - deydi u.

“Onamda xolesterol darajasi ancha kamaydi”, - deydi Stiv Petti.

“Sog’lig’ini yaxshilashda muhim rol o’ynadi”, - deydi Stiv.

“Bu borada Michigan universiteti bilan hamkorlikda tadqiqot o’tkazdik. Xolesterol miqdorining kamligi bo’yicha qo’tos kurkadan keyin turishi aniqlandi”, - deydi Stefani Deyvid.

Bu jonivorlar inson sog’lig’i uchun foydali bo’lishdan tashqari atrof-muhitga zarari ham kamroq. Ular boshqa chorva hayvonlariga qaraganda o’tlash uchun kichikroq maydonlarni egallaydi. Qo’tosning yungi kashemirdan yumshoqroq va pishiqroq bo’lishi dizaynerlar e’tiborini tortgan. Bu esa fermerlar uchun daromad degani.

“Biznesimiz fermerlarga sifatli chorva yetkazib berish”, - deydi chorvador Jim Vatson.

Jim Vatson fermerlikni Montana shtatida bizon boqish bilan boshlagan. 2003-yildan buyon qo’tos boqadi. Bugunga qadar 500 dan ortiq qo’tos yetishtirib sotgan.

Odamlar bu hayvonni transport vositasi va, hatto, uy hayvoni sifatida ham sotib olishadi.

“Qo’tos bilan qoramolning farqi bor. Qo’tos aqlliroq, fe’l-atvori qiziqarliroq bo’ladi, unga mehr qo’yish oson”, - deydi Jim Vatson.

“Har biri o’ziga xos xarakterga ega”, - deydi ferma boshqaruvchisi Kristi Novak.

Qo’toslarni yetishtirish oson emas. Ular baland tog’larda, sovuq muhitda yaxshi o’sadi.

Tibetdan keltirilgan qo’toslar 3000 metr balandlikda joylashgan Peti ranchosida o’zlarini uydagidek his qiladi. Koloradoning Moskito tog’larida o’tlayotgan bu jonivorlar yaqin yillar ichida Amerikada qoramol va buyvollar kabi daromad keltiruvchi hayvonlar turiga aylanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG