Gulnora Karimova AQSh qora ro'yxatida

  • Amerika Ovozi

AQSh Moliya vazirligi korrupsioner va huquqbuzarligi uchun maxsus ro'yxatga kiritilgan shaxslar ro'yxati yangilanganini ma'lum qildi. Unda endi O‘zbekiston marhum prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova ham bor.

27 yillik hukmronlik davrida Islom Karimov "shafqatsiz diktator" deya tamg'alangan edi. U boshliq tuzum dunyodagi eng johil va zolim hukumatlardan biri sanalgan.

Gulnora Karimova esa 2014-yildan beri jamoatchilikka ko'rinmaydi. Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, u uy qamog'ida. 2015-yilda korrupsiya va moliyaviy jinoyatlarda aybdor deb topilib, besh yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Bu yilning yozida esa unga qarshi yangi ish ochilgan.

Hukumat uning taqdiri haqida og'iz ochmaydi. Lekin Gulnora Karimovaning Yevropada muzlatilgan mulkiga da'vogarlik qilib, AQSh bilan muzokara olib bormoqda. Karimovaga yuzlab million dollar pora berganlikda ayblangan G'arb kompaniyalari AQSh moliya tizimidan foydalangani uchun Vashingtonga milliardlab dollar jarima to'lagan. Toshkent AQShdan bu borada hamkorlik qilishni so'ragan.

Global Magnitskiy aktiga muvofiq tuzilgan qora ro‘yxatda 52 shaxsning nomi bor, jumladan, Rossiya Bosh prokurori Yuriy Chaykaning o‘g‘li Artyom Chayka¸ shuningdek, Ukraina¸ Pokiston va Myanma rasmiylari.

Checheniston prezidenti Ramzan Qodirovning ismini ham ko'rasiz.

Bu shaxslarga nisbatan sanksiyalar qo'yiladi. Ularning Amerikadagi mulklari musodara qilinadi. Ular AQSh va unga tegishli obyektlarga kiritilmaydi.

Magnitskiy ro‘yxati Kongressining 2012-yilgi “Magnitskiy akti” asosida ishlab chiqilgan.

Rossiyalik yurist Sergey Magnitskiy mamlakati byudjetidan katta miqdorda mablag‘ o‘g‘irlanayotganini fosh etib tanilgan. U 2009-yilda Moskvadagi tergov izolyatorida o'lgan.

AQSh Moliya vazirligi sanksiyasiga uchragan yana bir o'zbekistonlik: mafia yetakchilaridan biri deya qayd etilgan G'ofur Rahimov. U aslida 2012-yildan beri Amerika qo'ra ro'yxatida.

Bu ro'yxatga, shuningdek, "Tayvanchik" laqabi bilan tanilgan Olimjon To'xtaxunov ham kiritilgan.

Rahimov va To'xtaxunov geroin savdosi, yulg'ichlik, zo'ravonlik bilan pul undirish va boshqa moliyaviy jinoyatlarda gumon qilinadi.