AQSh va Xitoy o'rtasida savdo mojarosi avj olmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Xitoydan kelayotgan 50 milliard dollarlik texnologiya mahsulotlariga 25 foizlik tarif joriy qilinishi haqida ogohlantirdi. Bu ikki mamlakat o'rtasidagi savdo mojarosini yanada kuchaytirishi kutilyapti.

Trampga ko'ra, yangi chora Xitoyning adolatsiz savdo amaliyotini jazolashga qaratilgan.

"Tariflar Amerika texnologiyalari va intellektual mulklarining Xitoyga adolatsiz tarzda o'tib borish amaliyotini to'xtatishga qaratilgan. Bu Amerikadagi ish o'rinlarini himoya qiladi", - dedi Tramp Oq uy e'lon qilgan bayonotda.

Xitoy o'z navbatida AQSh tovarlariga 50 milliard dollarlik tarif joriy etish bilan javob qaytarishini bildirdi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisi Gen Shuanning aytishicha, Xitoy qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun javob choralarini zudlik bilan ijroga kiritadi.

Pekinning yangi tariflar ro'yxatiga qo'shilgan tovarlar orasida, asosan, Tramp tarafdorlari zarar ko'radigan qishloq xo'jaligi mahsulotlari ham kiritilgan.

Tramp avvalroq Kanada, Yevropa, Yaponiya va Meksikadan keladigan po'lat va alyuminiyga yangi boj joriy qilgan edi. Bunday harakat Vashingtonning yaqin ittifoqchilari noroziligiga sabab bo'ldi.

Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van Yi AQShni bu masalada "aql bilan qaror qabul qilish"ga chaqirdi.

Xitoyning yetakchi diplomati fikricha, Vashington va Pekin aloqalari hozir nozik bir pallada turibdi. Imkoniyatlar ham, muammolar ham ko'payib bormoqda, deydi tashqi ishlar vaziri. U ayni paytda AQShni savdo siyosatiga ehtiyotkorlik bilan yondashishga chaqirib, noto'g'ri tashlangan qadamlar kelajakdagi muzokaralar uchun to'siqlar yaratishi haqida ogohlantirdi.