O'zbekiston va Afg'oniston ilmiy-madaniy aloqalarni kuchaytirmoqda

  • Amerika Ovozi

Joriy yilning 6 - 8-sentabr kunlari Afg’oniston poytaxti Kobul shahrida Abu Rayhon Beruniy hayoti va faoliyatiga bag’ishlangan xalqaro seminar o’tkazildi. Ushbu ilmiy anjumada O’zbekiston va Hindistondan beruniyshunos olimlar ishtirok etdi.

O’zbekistondan tashrif buyurgan delegatsiyaga professor olim Ashraf Ahmedov rahbarlik qildi. Shuningdek, O’zbekiston Fanlar akademiyasi qoshidagi Sharqshunoslik instituti doktoranti Feruza Jumaniyazova va mazkur akademiya tayanch doktoranti Umida Kuranbayeva o’zlarining Beruniy haqidagi maqolalarini taqdim etishdi.

Barcha olimlar seminar ishtirokchilari tomonidan qizg’in kutib olindi. Ayniqsa, O’zbekistondan tashrif buyurgan beruniyshunoslar shimoliy viloyatlardan borgan, ushbu imliy seminarda qatnashgan yoshlar tomonidan xush qarshilandi.

Olimlar bilan gaplashganimizda ular o’zlarini o’z uylarida yurgandek his qilyotganini aytishdi. “Biz Afg’onistonga kelmasdan oldin juda xavfsiragan edik. Bu yerdagi vaziyat eshitganimizdan ko’ra ancha yaxshi ekan”, - deydi ular.

“Amerika Ovozi” anjuman doirasida Ashraf Ahmedov bilan suhbat o’tkazdi.

Ahmedov nazarida O’zbekiston va Afg’oniston o’zaro madaniy-ma’rifiy hamkorlikni bundan-da baland pog’onalarga ko’tarishi kerak.

Ikki davlatda yashovchi xalqlarning madaniy-ma’rifiy mushtarak merosi hisoblangan mavzular, olim va donishmandlar hayoti va faoliyatiga ba’g’ishlangam ilmiy anjumanlar o’tkazilishi zarur, deydi Ashraf Ahmedov.

Your browser doesn’t support HTML5

Afg'onistonda Beruniyga bag'ishlangan anjuman

“Oramizdagi munosabatni yanada ochiq qilish kerak. Ana shunda ikki davlat orasidagi munosabat yanada kuchayishi mumkin. Yoshlarning ko’pchiligi bilan gaplashdim. Ular o’qish uchun O’zbekistonga kelishni istayaptilar. Menga qolsa kelaversinlar. Lekin ikki davlat orasidagi munosabat qandaydir tartibga solinsa, men bundan xursand bo’laman. Bemalol vizasiz kelib-ketadigan qilish kerak”, - deydi beruniyshunos olim Ashraf Ahmedov.

Bugungi kunda O’zbekiston va Afg’oniston ko’plab sohalarda hamkorlik qilmoqda. O’zbekiston Afg’onison bilan siyodat, savdo, iqtisodiyot, madaniyat va boshqa sohlar bo’yicha aloqalarni kuchaytiryapti.

Kobulda Beruniy haqida o’tkazilgan seminar ham ikki davlat rahbarlarining Toshkentdagi uchrashuvida kelishilgan mavzulardan biri edi. Ma’lumotlarga ko’ra, keyingi safar O’zbekiston tomoni Gavharshodbegim hayoti va faoliyatiga bag’ishlangan imliy anjumanga mezbonlik qiladi.