Kongress saylovlari: demokrat nomzodlar ko'proq pul yig'gan

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Kongress oraliq saylovlariga sanoqli kunlar qolar ekan, saylov kampaniyasi uchun pul yig'ishda demokratlarning qo'li baland kelmoqda. Ular Trampga qarshi norozilik kayfiyatidan unumli foydalanib, Kongressdagi aksariyat o'rinlarni respublikachilardan tortib olishi kutilyapti. Buning uchun ko'proq pul sarflashning o'zi kifoya qiladimi?

Kongress uchun kurashda moliya demokratlar tarafida.

Federal Saylov komissiyasi ma'lumotiga ko'ra, nomzodlar 2,3 milliard dollar mablag' jamg'argan.

Demokratlar to'plagan pul raqiblarinikidan 400 millionga ko'p.

Bu amaldagi respublikachi qonunchilar uchun shum xabar, deydi tahlilchi Sara Brayner.

"Demokratlar mablag'ining ko'proq ekani ularning jiddiy raqibligini ko'rsatadi", - deydi u.

Korporatsiyalardan mablag' jalb qilishda respublikachilar demokratlardan ortda emas. Ammo individual ehsonlarga kelganda, demokratlar ancha ilg'or.

Mablag'ning aksariyati telekanallardan qimmat reklama vaqtini sotib olishga sarflanadi.

Sobiq qonunchi va Demokratlar Kongress kampaniyasi qo'mitasi rahbari Martin Frostga ko'ra, saylanish juda qimmat jarayon.

"Telekanallarga chiqish qimmatligi bois bu davlatda kampaniyalar juda serxarajat", - deydi u.

Demokratlarga ehsonlarning ko'paygani partiyada umidlarni oshirgan.

"AQShda demokratlar ko'p, ular kichik ehsonlar qilyapti. Trampni juda yomon ko'rishadi va bu saylovda shuni ko'rsatib qo'yishmoqchi", - deydi Frost.

Demokratlarga tushumning ortgani respublikachilarni moliyaviy strategiyalarini o'zgartirishga majburlamoqda. Yutish imkoniyati kam nomzodlarga pul berilmayapti. Asosiy e'tibor muhim shtatlarga qaratilgan.

Respublikachilar Milliy qo'mitasi sobiq raisi Maykl Stil fikricha, g'alaba qozonish uchun pulning o'zi kifoya emas.

"Ko'pchilik pulni asosiy masala deb o'ylaydi. Lekin eng ko'p mablag'ga ega odam yutqazib, boshqa nomzod yutib ketgan kurashlarni ko'p ko'rganmiz", - deydi u.

Vakillar palatasida nazoratni qo'lga kiritish uchun demokratlarga 23 o'rin kerak. Kuzatuvchilarga ko'ra, ular buni uddalashga yaqin turibdi. Ammo Senatni qayta qo'lga olish ehtimoli kam.