Eronda korrupsiyani fosh qilgan jurnalist hibsga olindi

  • Amerika Ovozi

Eronda hukumatning korrupsiyaga aloqadorligini oshkor qilgan jurnalist so’nngi olti oy ichida ikkinchi bor hibsga olindi. Jurnalist Eron adliya tizimi rasmiysi OAV tanqidlarini qo’llab-quvvatlashi haqida bayonot bergan kunda olib ketilgan.

Jurnalist Ma’sud Kozimiyga Tehronda 22-may kuni o’tgan sud tinglovida ayblov e’lon qilingan. IRNA axborot agentligining ma’lum qilishicha, Kozimiyni himoya qilgan advokat Ali Mujtahidzoda sud hakamini belgilangan adliya tartibini buzganlikda ayblagan. Jumladan, hakam prokurorning ayblov xulosasiz jurnalistni aybdor deb topgan va yakuniy sudga qadar ozodlikda bo’lishi uchun garov puli miqdorini o’n barobar ko’p, ya’ni 10 milliard rial etib belgilagan. Bu ayni damda Erondagi kursga ko’ra, 237 ming AQSh dollariga teng.

Mujtahidzodaning bildirishicha, jurnalistga o’zini himoya qilish uchun yozma ko’rsatma taqdim etishiga bir hafta muhlat berilgan.

Kozimiy sud zalidan Tehrondagi Evin qamoqxonasiga olib ketilgan. Mujtahidzoda “Twitter”dagi sahifasida hakam Muhammad Mo’g’isani ayblanuvchini sud jarayonida ochiq haqorat qilganlikda aybladi. Bu sud hakamining kasb etikasi va tartib-qoidalarga zid, deb yozdi u.

Advokat “Twitter”da Adliya vaziri Ibrohim Raisiyga ham murojaat qildi:

"Aminmanki, siz adolatli sud hakamning xolislik shartlariga rioya qilishiga bog’liq ekanini bilasiz. Biroq sud tinglovida hakam Kozimiyni haqorat qilib tazyiq o’tkazdi. Bu holda qanday qilib odil hukm kutish mumkun?” – deb yozdi u.

Eron hukumati mashhur islohotchi “Sharh” nashri muxbiri Kozimiyni 2018-yilning 5-noyabrida hibsga olgan edi. Jurnalist Eron Sanoat, konchilik va savdo vazirining korrupsiya ishiga aloqador bo’lishi mumkinligi haqida yozgani uchun Tehrondagi uyidan olib ketilgan. Olti kun hibsda ushlab turilgan Kozimiy garov evaziga ozodlikka chiqqan edi.