Tolibon "afg'onlararo muzokara" Samarqandda o'tishini yoqlaydi

  • Amerika Ovozi

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Toshkent, 8-avgust, 2019

8-avgust kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Toshkentda Tolibonga mezbonlik qildi. Harakatning Qatardagi siyosiy idorasi rahbari Mulla Barodar Axund boshchiligidagi delegatsiya bilan muloqot kechdi.

Afg‘oniston tinchligi asosiy mavzu bo'ldi. Mulla Barodar O‘zbekiston rahbariyatiga Afg‘onistonga muntazam ravishda e’tibor qaratib, bu mamlakatda barqarorlik bo'lishi uchun harakat qilayotgani uchun rahmat aytgan. Tolibon nazarida aynan Toshkent undovi bilan Afg‘oniston muammosi yana jahon hamjamiyati diqqat markazida.

Tolibon O'zbekistonda (Social Media)

Tolibon afg‘onlararo muloqotning navbatdagi bosqichi Samarqandda o‘tishini yoqlaydi. Mulla Barodarga ko'ra, Toshkentning bunday taklifi ayni muddao.

Tashqi ishlar vazirligi bayonotida qayd etilishicha, O‘zbekiston bu muzokara uchun zarur sharoit yaratib berishga tayyor.

Tolibon ham, Kobuldagi markaziy hukumat ham afg‘on xalqi o‘z taqdirini o‘zi hal qilishi kerak, deya bong urib keladi.

Lekin tomonlar shu paytgacha uzoq muddatli tinchlikka erishish uchun kelisha olmadi.

Tolibon O'zbekistonda (Social Media)

AQShning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod yaqinda Dohada uchrashuvlar olib borgan. Vashington ham afg'onlar til topisha olishi kerak, degan pozitsiyada. Lekin Tolibon harakatining katta qismi hamon Amerika roliga qarshi va markaziy hukumatning bu davlat bilan hamkorligini qoralaydi.

Tramp ma'muriyati tinchlik muzokaralarini qanchalik olqishlamasin, Vashingtonda Tolibon bilan murosa qilish mumkinligiga ishonch past.

Tolibon O'zbekistonda (Social Media)