"Gulnora ishi" kengayib, yangi ayblovlar

  • Amerika Ovozi

O'zbekiston Bosh prokuraturasi mamlakatning oldingi rahbari Islom Karimovning katta qizi Gulnora Karimovaga nisbatan yangi ayblovlar qo'ymoqda; davlat mulkini talon-toroj qilish, davlat manfaatlariga zid bitimlar tuzish hamda oʻzgalarning juda katta miqdordagi mulkini tovlamachilik yoʻli bilan qoʻlga kiritish. Yangi jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan.

Bu, deya bildiradi prokuratura, xalqaro kompaniyadan kelgan maʼlumotlar va fuqarolarning arizalari asosida olib borilgan tekshiruv natijasi.

Karimova, bugungi baynotga ko'ra, bir guruh shaxslar bilan til biriktirgan holda, “Quvasoysement” va “Bekobodsement” AJlarining davlatga tegishli boʻlgan aksiyalarini arzonlashtirilgan narxlarda sotib olgan.

Karimova bu aksiyalarni "chet el tadbirkorlariga sotgan va "ularning noqonuniy faoliyatiga rahnamolik qilib, respublika manfaatlariga juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan".

Prokuraturaga ko'ra, Karimova fuqarolar va turli kompaniya egalarini zoʻravonlik bilan qoʻrqitib, ularning mulkini oʻziga tegishli boʻlgan kompaniyalarga rasmiylashtirib berishga majbur qilgan.

Gulnora Karimova qamoqda. 2014-yildan beri uy hibsida edi, lekin bu yil koloniyaga ko'chirilgan. Oilasi uning begunoh ekanini da'vo qilib, uni ozodlikka chiqarishni so'rab keladi.