Turkiya Suriyadan bir million qochqin kelishidan xavotirda

  • Amerika Ovozi

Suriyaning Idlib viloyati va Turkiya chegarasi aks etgan xarita

Turkiya, Eron va Rossiya prezidentlari 16-sentabr kuni Anqarada uchrashadi. Muzokaralarning bosh mavzusi terrorchi guruhlarning Suriyaning Idlib hududida jon saqlab qolgan so’nggi kuchlari bilan bog'liq bo’ladi. Suriya hukumati Idlibni ishg’ol qilishga urinmoqda. Anqara gumanitar inqiroz yuzaga kelishidan ogohlantirmoqda.

Uch tomonlama sammit Suriya fuqarolar urushiga yakun yasashga doir “Ostona tinchlik jarayoni” tashabbusiga muvofiq tashkil etilgan.

So’nggi haftalar mobaynida Suriya hukumati mujohidlarga zarba bergan. Uch millionga yaqin aholiga ega hudud odamlari Turkiya chegarasi tomon qochmoqda.

Vladimir Putin va Hasan Ruhoniy bilan uchrashuvda Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdog’an gumanitar inqirozning oldini olishga muhim urg’u berishi kutilmoqda.

“Vaziyat keskinlashmoqda. Turkiya chegarasidan 10 kilometr narida 500 mingga yaqin qochqin to’plangani ma’lum. Bu jarayon davom etmoqda”, - deydi Yeditepe universiteti professori Mesut Chashin.

Suriya qochqinlari Turkiya chegarasiga yaqin hududda vaqtinchalik lagerda qo’nim topgan. Hududda joriy haftada kuz yog’ingarchiliklari oqibatida toshqinlar kuzatilgan.

Turkiya to’rt millionga yaqin suriyaliklarga boshpana ajratgan. Erdog’an mamlakat boshqa qochqinlarni qabul qila olmasligini ma’lum qilgan.

Qochqinlar borasida jamoatchilik e’tirozlari ortar ekan, Turkiya hukumati hujjatsiz suriyaliklarni qo’lga olishni boshladi. Shuningdek, Idlib viloyati bilan chegaraga o’rnatilgan devor bo’ylab xavfsizlik kuchaytirilgan.

Sammitda Erdog’an qochqinlarning yangi oqimi tahdidini bartaraf etishda Rossiya bilan hamkorlik qilish taklifini kiritishi mumkin. Ekspertlarga ko’ra, Turkiyaga boshpana ilinjida bir million suriyalik kelishi kutilmoqda.