Amerikaliklarning eng sevgan ayyomi o'ziga xos tarixga ega

  • Amerika Ovozi

Kurka - Shukronalik kunida dasturxon ko'rki

1789-yilda AQShning birinchi Kongressi birinchi prezident Jorj Vashingtondan Shukronalik kuni degan ayyomni e'lon qilishni so'ragan.

Lekin bu katta siyosiy qarshiliklarga sabab bo'lgan. Prezident vakolatlari va shtatlarning vakolatlari nimadan iborat ekani haqida bahs-munozara qizigan.

Prezident bayram e'lon qilish vakolatiga ega emas, deya chiqqan norozi taraflar.

Uch iddao olg'a surilgan. Birinchidan, Shukronalik kuni diniy bayram va buning prezidentga aloqasi yo'q. Ikkinchidan, biror kunni bayram qilish fuqarolarning o'ziga havola, rahbarlarga emas. Uchinchidan, mabodo bayram qiladigan bo'lsak ham, uni shtat gubernatori e'lon qilsin, prezident emas.

Prezident Vashington oilasi bilan

Yosh davlat uchun bu o'ziga xos tajriba edi. Inqilobdan keyin vujudga kelgan davlat 13 shtatdan iborat edi. Har biri oldin Britaniyaning mustamlakasi bo'lgan va alohida fikrlab, qaror qilishga o'rgangan edi. Siyosiy birdamlik endigina ildiz ota boshlagan edi.

Prezident Vashington Shukronalik kuni umumxalq bayrami bo'ladi deya e'lon qilgan. Shu tariqa bu kun amerikaliklarni bir-biriga yaqinlashtiradigan bayram deya targ'ib qilina boshlagan.

Vashington har bir gubernatorga xat yo'llab, ulardan bayramni qabul qilishni va aholini ogoh etishni so'ragan. Prezidentga ishonch kuchli bo'lgani uchun shtat rahbarlari bunga rozi bo'lgan.

Prezident Linkolnning 1963-yildagi nutqidan

Lekin bu bilan Shukronalik kuni yuzasidan bahslar tugamagan. Keyingi prezidentlar, jumladan, Tomas Jefferson, Jon Adams, Jeyms Medison ham bu kunni qayta-qayta bayram deya e'tirof etgan. Fuqarolik urushi ketayotgan paytda, 1863-yilda, Avraam Linkoln tomonlarni qurol tashlab, tinchlik saqlashga undagan.

Ikkinchi jahon urushi boshlanar ekan, 1939-yilda Franklin Ruzvelt bayram kunini o'zgartirishga qaror qilgan. 1941-yilda esa Kongress bu bayramni har noyabrning oxirgi payshanbasida nishonlash haqida hujjat qabul qilgan.

Amerikaning har bir prezidenti Shukronalik kuni biror din yoki elatning bayrami emas, aksincha, butun xalq tadbiri, deya eslatib keladi.

Davlat rahbari, vitse-prezident va boshqalar o'sha kuni xalq bilan uchrashadi. Harbiylarga va boshqa xizmatchilarga alohida rahmat aytiladi. Olamdan o'tganlar xotirlanadi. Amerikaliklar hayotda nimadan va kimdan shukur qilishi xususida muloqot qiladi.

Shukronalik kuni AQShda katta bayram