Pompeo Afg'onistonda, G'ani va Abdulla hamon kelisha olmadi

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Afg'oniston rahbari Ashraf G'ani bilan, Kobul, 23-mart, 2020

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo bugun Afg'onistonda bo'lib, Prezident Ashraf G'ani va Bosh vazir Abdulla Abdulla bilan gaplashdi. G'ani va Abdulla ayni vaqtda siyosiy ga'nimlar, chunki so'nggi prezident saylovlari yuzasidan hanuz kelisha olmagan. G'ani g'olib deb e'lon qilingan lekin Abdulla bu haqiqat ekaniga ishonmaydi. Vashington nazarida ikki arbob va uning tarafdorlari kelisha oladi, agar xalq manfaatini ko'zlab ish tuta olsa. Bugun Pompeo G'ani va Abdulla bilan alohida uchrashuvlarda shunga urg'u bergan.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Afg'onistondagi so'nggi prezident saylovlari natijasini tan olmayotgan Abdulla Abdulla bilan, Kobul, 23-mart, 2020

Kecha Qatar vositachiligida afg'on markaziy hukumati va qurolli muxolifat bo'lmish Tolibon orasida video muzokaralar kechgan.

AQSh maxsus elchisi Zalmay Halilzodga ko'ra, muloqot samimiy o'tgan va Afg'onistonda tinchlikka erishish - mushtarak maqsad.

Lekin barqarorlik qanday ta'minlanadi? Mana shu borada yakdillik yo'q.

Tolibon Amerika kuchlari afg'on zaminidan butkul chiqib ketishini talab qilmoqda. Markaziy hukumat ta'biricha esa AQSh harbiy yordamisiz barqarorlik uzoqqa cho'zilmasligi mumkin. Toliblar yana hokimiyatni kuch bilan egallashga harakat qilib, xalqqa zulm o'tkaza boshlaydi.

Tolibon AQSh bilan dastlabki bitimga erishgan. Unga ko'ra, AQSh mamlakatdagi qo'shinini kamaytiradi va toliblar markaziy hukumat bilan til topishishi zarur. Afg'oniston demokratiya, ya'ni xalq ovozi bilan hokimiyatni boshqarish yo'lida borishi shart.