Koronavirus davrida niqob taqish kerakmi yoki yo’q?

  • Amerika Ovozi

Koronavirus davrida ko’pgina mamlakatlarda niqoblar nodir ashyoga aylandi

Xitoyning Uxan shahrida boshlangan koronavirus bugun butun duyoni zabt etdi. Epidemiyaning ilk kunlaridanoq Xitoy va Osiyoning boshqa mamlakatlarida aholi tibbiy niqob taqishni kanda qilmadi. Ba’zi davlatlarda bu tartib hatto majburiy qoida tariqasida joriy etildi.

Lekin Jahon sogliqni saqlash tashkilotiga ko’ra, virusga chalinmaganlar niqob taqishi shart emas. Odamda virus belgilari bo’lsa, boqshqalarni himoya qilish uchun niqob taqish zarur, deb ogohlantiradi tashkilot. Yoxud kishi virusga chalingan bemorga qarayotgan bo’lsa, o‘zini himoya qilish uchun niqob taqishi lozim.

AQSh Bosh shifokori Jerom Adams ham ijtimoiy tarmoqlarda o’z xalqiga “iltimos, niqob sotib olishni bas qiling, u virusdan saqlanishda samara bermaydi”, deb xitob qilgan.

Biroq, ma’lumki, AQSh va Yevropa mamlakatlari virusga chalinganlar soni bo’yicha Xitoydan ham necha barobar o’zib ketdi.

Buni ham ko'ring Niqob: ha yoki yo'q?

“AQSh va Yevropa davlatlarida aholi niqob taqmay katta xato qilyapti”, – deydi Xitoy Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi direktori Gao Fu.

Ko’pgina xitoylik va osiyolik boshqa mutaxassislar fikricha, niqob havo orqali yuquvchi kasalliklardan himoya qiladi.

“Birinchi o’rinda o’zingizni emas, yon-atrofdagilarni himoya qilish muhim. Boshqalarni kasal qilish uchun kishi aksirishi yoki yo’talishi ham shart emas, virus oddiy so’zlaganda va nafas olganda ham havo-tomchi orqali o’tadi. Shu sabab boshqalarga yuqtirmaslik uchun niqob taqish zarur”, - deydi Birmingem Universiteti professori KK Cheng.

Gonkong Unversitetida respiratorli kasalliklar bo’yicha mutaxassis Deyvid Huining qayd etishicha, niqoblar samarasini isbotlovchi dalillarning yo'qligi uni taqmaslik kerak degani emas.

Your browser doesn’t support HTML5

Koronavirus davrida niqob taqish kerakmi yoki yo’q?

Niqobning samarasi isbotlangani yoki isbotlanmaganidan qat’i nazar undan foydalanishning bir qancha qoidalari bor.

Jahon Sog’liqni saqlash tashkiloti bu borada quyidagi qoidalarga amal qilishni tavsiya etadi:

  • Agar kishi sog'lom bo'lsa-yu, lekin virus bilan kasallangan bemorga qarayotgan bo’lsa, niqob taqishi kerak.
  • Agar kishi yo'talayotgan yoki aksirayotgan bo’lsa, niqob taqish shart.
  • Niqob taqishdan avval qo'llarni spirtli suyuqlik bilan tozalash yoki sovun bilan yuvish maqsadga muvofiq. Niqob taqib yurganda ham unga tegmaslik kerak. Umuman, niqoblar faqat qo'llarni tez-tez spirtli suyuqliklar bilan tozalaganda yoki sovun bilan yuvgandagina samara beradi.
  • Niqob taqqanda og'iz va burun yopilishi kerak.
  • Niqobni olib tashlash uchun old qismiga tegmagan holda orqa tomonidan yechib olish lozim.
  • Niqob nam bo'lganidan keyin yangisiga almashtirish maqsadga muvofiq.
  • Niqobni yechgandan so’ng darhol yopiq axlat qutisiga tashlash kerak.

Shu o’rinda yana ta’kidlab o’tish kerakki, niqoblarning ham turli xili mavjud.

Mutaxassislar fikricha, ko’pgina dorixonalarda mavjud bo’lgan tibbiy jarrohlik niqoblarining samarasi katta emas. Sababi ular qalin himoya qavatiga ega emas, yuzga risoladagiday yopishib turmaydi. Ikkinchidan, himoya qilish davomiyligi ham kam - 2-4 soat. So’ng yana yangisiga almashtirish zarur.

Tibbiy jarrohlik niqobi taqib olgan tayvanlik qiz

Maxsus tibbiy respirator niqoblar borki (N95), ularning himoya xususiyati ancha yuqori. Lekin AQSh Kasalliklarni nazorat qilish markazi bunday niqoblarni sog’liqni saqlash tizimida faoliyat ko’rsatuvchi xodimlar uchungina tavsiya etadi. Oddiy aholidan esa shunchaki masofa saqlash, imkon qadar uyda qolish, qo’llarni tez-tez yuvish so’ralmoqda.

Maxsus tibbiy respirator niqob (N95) taqib olgan meksikalik erkak