Ekspertlar: Davlatlar iqtisodiy inqirozdan tezroq chiqishga qodir

  • Amerika Ovozi

Talsa Xalqaro aeroporti, Oklahoma shtati, 23-mart, 2020

Olimlar COVID-19 pandemiyasining global iqtisodiy inqirozga sabab bo’lishi borasida bir fikrda. Ekspertlar deydiki, mamlakatlar o’tgan asrdagi inqirozlarga nisbatan bu safar iqtisodini ancha tez tiklab olishga qodir.

Biroq qayta oyoqqa turib olgan taqdirda ham global iqtisod qay tomon ketadi, bu mavhum.

Yaqinda Xalqaro Moliya fondi taqdim etgan hisobotga ko'ra, 2020-yilda dunyo iqtisodi tanglikda bo'ladi. Fond joriy yilda jahon iqtisodida uch foiz o’sish kutilishini bashorat qilgan edi. Koronavirus pandemiyasi barcha sohalarda kutilgan ko’rsatkichlarni keskin o’zgartirib yubordi. Fond tahlilicha, joriy yilda global iqtisodda uch foiz pasayish kutiladi.

“Dunyo iqtisodi Ikkinchi Jahon urushi inqirozidan keyingi eng og’ir davr bilan yuzlashadi deb o’ylayman”, - deydi Vashingtondan ekspert Robert Skot.

Buni ham ko'ring AQShda bir oyda 22 million odam ishidan ayrildi

AQShda pandemiyaga qadar o’rtacha 500 ishchisi bo’lgan 5 millionga yaqin kichik bizneslar faoliyat yuritar edi. Ularning katta qismi ayni damda yopiq. Biznesni qayta ochish va tiklash ularning aksariyati uchun og’ir kechadi.

“Kichik biznes sektorida katta yo’qotishlar kutilmoqda. Faoliyatini qayta tiklashga qodir emaslari ko’p”, - deydi Skot.

Biroq rivojlangan davlatlar inqirozni tez va samarali bartaraf qilish qudratiga ega. O’tgan asr tajribasi ham mamlakatlarda inqirozga qarshi kurash mexanizmini shakllantirgan.

“Hozirgi mutaxassislar moliyaviy siyosat asoslarini teran o’rganib chiqqan. Iqtisodiy inqirozni nazorat qilish bo’yicha nazariy va amaliy tajribamiz yetarli. Moliyaviy sektorning tiklanishida Markaziy bank asosiy tayanch bo’ladi”, - deydi amerikalik tahlilchi Moris Obstfeld.